Линклар

Respublika Xotin - qizlar qo‘mitasi¸ Ma‘naviyat va ma‘rifat jamoatchilik markazi va "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi tarafidan yozilib¸ viloyatlardagi madaniyat maskanlariga yuborilgan hujjatda sahnaga chiqayotgan qo‘shiqchi ayollarning ochiq-sochiq kiyinishiga yo‘l qo‘ymaslik talab qilingan. Bu hujjat "O‘zbeknavo" tomonidan xonanda Lola Yo‘ldoshevaning "milliy mentalitetga zid" libosda chiqish qilishi tekshirilishi ortidan paydo bo‘lgani aytilmoqda.

Jizzax viloyatida konsertlar tashkil qiladigan ma‘mur Ravshan Xolmirzayev aytishicha¸ Navro‘z bayramidagi konsertlar arafasida kelgan bu hujjat qo‘shiqchi ayollarning sahnadagi kiyimlari ustidan kuchli nazorat o‘rnatishni ko‘zlagan:

"Ancha qattiq talablar qo‘yilgan. Yelkasi yoki soni ochiq kiyimlar¸ kalta etaklar va ortiqcha seksual elementlar mutlaqo bo‘lmasligi talab qilindi. Shu kunlarda ma‘naviyat va ma‘rifat markazining viloyat bo‘limida ashulachi qizlar suhbatdan o‘tkazilib¸ yarim-yalang‘och sahnaga chiqish milliy mentalitetimizga zid ekanligi tushuntirilmoqda¸" - dedi Ravshan Xolmirzayev.

Unga ko‘ra¸ ushbu hujjat "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi tomonidan xonanda Lola Yo‘ldoshevaning "milliy mentalitetga zid" libosda shu yilning 24 fevralida Toshkentda bo‘lib o‘tgan konsertdagi chiqishi tekshirilgach paydo bo‘lgan.

"Bilsangiz, Lola 24 fevralь kuni qo‘shiqchi Rayhonning "Istiqlol" san‘at saroyidagi konsertida u bilan sahnada "Ko‘nikmadim" duetini ijro etdi. Duetda Lola soni ochiq va orqasi beligacha ochiq qizil ko‘ylak bilan chiqdi. Lola kiygan yarim-yalong‘och libos "O‘zbeknavo" tanqidiga uchradi. Lola Yo‘ldosheva "O‘zbeknavo"ga chaqirtirilib, rasman ogohlantirildi. Bizga o‘tgan juma kelgan hujjatda esa boshqa san‘atkorlarning ham sahnaga yarim yalang‘och chiqishini oldini olish talabi qo‘yilgan¸" - dedi Ravshan Xolmirzayev.

Lolaning yalang‘och soni rasmiylar e‘tiroziga sabab bo‘ldi

Lolaning yalang‘och soni rasmiylar e‘tiroziga sabab bo‘ldi

Mulozimlar raqqosa qizlar ustida ishlamoqda

Ozodlikning "O‘zbeknavo"ga yaqin manbalariga ko‘ra¸ ashulachi qizlar va raqqosalarning sahnada "quyushqondan chiqmasligi masalasi" shu kunlarda "O‘zveknavo"da alohida muhokama etilgan.

"O‘zi buni biz emas oqsoqollar¸ ma‘naviy ustozlar va ziyolilar muhokama qilib¸ sahnaga yarim yalang‘och chiqish o‘zbek odatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb artist qizlarga nasihat bersa, ma‘qul bo‘lar edi. Ammo bu zarur ish faqat "O‘zbeknavo" zimmasida qolib ketmoqda. Odamlar shikoyati bois¸ bu idora ayni masalani muhokama qildi. Lola Yo‘ldosheva "O‘zbeknavo"ga taklif qilinib, Rayhon G‘aniyeva konsertida kiyib chiqqan libosi milliy mentalitetimizga zidligi haqida ogohlantirildi va undan boshqa yarim-yalang‘och sahnaga chiqmaslik haqida tushuntirish xati olindi", deydi suhbatdosh.

Lola Yo‘ldoshevaning kiyimi "O‘zbeknavo"da muhokama qilingan rasmiy hujjat Ozodlikda mavjud.

"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi rahbari o‘rinbosari Murod Majidov imzolagan hujjatda "O‘zbeknavo" xonanda Lola Yo‘ldoshevaning “milliy mentaliletimizga zid” libosda konsertda kuylagani yuzasidan shikoyat” xatini ko‘rib chiqqani ta‘kidlanadi.

Hujjat, jumladan, "kelgusida bunday holatlar oldini olish maqsadida barcha xonandalar konsert o‘tkazishdan avval maxsus ekspert guruhi vakillari tomonidan jiddiy ogohlantirilib, sahnaga chiqadigan har bir ishtirokchining libosiyu o‘zini tutishigacha muhokama etilib boriladi", deya uqtiriladi.

"O‘zbeknavo" hujjati

"O‘zbeknavo" hujjati

O‘rinsiz tanqidlar

"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi tanqidiga uchragan liboslar toshkentlik taniqli dizayner Zulfiya Sultonga oiddir.

Ozodlik bilan suhbatda Zulfiya Sulton bu liboslarning "milliy mentalitetimizga zid", deya baholanishi "noto‘g‘ri" ekanini urg‘uladi.

"Bu libos qo‘shiq ruhidan kelib chiqqan holda¸ sahnaviy obrazga uyg‘un holatda yaratildi. Men bu holatda hech qanday ortiqchalikni ko‘rmayman va tanqidlarni o‘rinsiz deb bilaman," - dedi Zulfiya Sulton.

31 yashar rassom Zulfiya Sulton Lola Yo‘ldosheva bilan ijodiy hamkorlikni haliyam davom ettirayotgani va hozirda yangi sahna liboslari ustida ishlayotganini ma‘lum qildi.

Unga ko‘ra, shou-bizbes vakilasining sahnaviy siyofasi "kutubxonachi yoki islomiy kollej talabasidan farqli" bo‘lishi tabiiy.

"Ijodkorning erkinligi, degan narsa ham borku. Shu bois erkin tarzdagi libos uchun mulozimlarning tergashi ma‘qul emas", deydi Zulfiya Sulton.

XS
SM
MD
LG