Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:25

"Imomali Rahmonning o‘g‘li prezidentlikka tayyorlanayapti"​


Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomalining Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari etib tayinlanishi, kuzatuvchilar fikricha, uning prezidentlik tomon qo‘yilayotgan navbatdagi qadamidir.

Prezidentlik kursisi sari yo‘l

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Respublika Bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlayotgan 27 yoshli o‘g‘li Rustam Imomalini yangi vazifaga - Moliyaviy nazorat va korruptsiyaga qarshi kurash davlat agentligiga rahbar etib tayinladi.

Bir qancha xorijiy ommaviy axborot vositalari Rustam Imomalining bu vazifaga tayinlanishini prezidentlik kursisi sari qo‘yilgan yangi qadam sifatida sharhlamoqda.

Tojikistondagi korruptsiya Imomali Rahmon hukumatining zaif nuqtalaridan biri ekanligiga urg‘u bergan eurasianet.org Internet nashrining yozishicha, korruptsiya Tojikiston iqtisodini ich-ichidan kemirmoqda. Maqola mualllifi Devid Trilling fikricha, Rustam Imomalining bu vazifaga kelishi bilan korruptsiyaga qarshi kurashdagi vaziyat o‘zgarishi mumkin:

“Ko‘pchilik prezident uni o‘z o‘rniga tayyorlayapti degan ishonchda. Biror-bir muxolifatga toqati yo‘q rejimda Rustam Imomali avtobiografiyasining asosiy mazmuni uning prezident avlodi ekanligidadir”, deb yozadi Devid Trilling.

Ammo Rossiyadagi “Nezavisimaya gazeta” nashri bu voqeaga munosabatini oshkora tarzda “Tojikiston prezidenti o‘g‘lini valiahdlikka tayyorlamoqda”, deb bildirdi.

27 yoshli general-mayor

27 yoshli Rustam Imomalining ismi ilk bor 2007 yili Dushanbeda “Istiqlol” futbol jamoasi tashkil etilganida tilga tushgan edi. Xabarlarga qaraganda, bu jamoani prezidentning o‘g‘li ta‘sis etgan va o‘zi hujumchi bo‘lib o‘ynagan.

Rustam Imomali 21 yoshligida Tojikiston yoshlar tashkilotining raisi, 23 yoshida esa Tojikiston Futbol federatsiyasining raisi bo‘lgan.

U 2012 yilda Tojikiston bojxona xizmatining kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi rahbari va bir yildan so‘ng, ya‘ni 26 yoshida shu xizmat raisining o‘rinbosari lavozimiga general-mayor unvonini olib tayinlangan edi.

2013 yilda, Imomali Rahmon navbatdagi saylovda g‘olib chiqqanidan so‘ng uning to‘ng‘ich o‘g‘li 26 yoshli Rustam Tojikiston Bojxona xizmatining raisi etib tayinlangan edi.

Oradan ikki yil ham o‘tmay prezident ota to‘ng‘ich o‘g‘lini Moliyaviy nazorat va korruptsiyaga qarshi kurash davlat Agentligiga rahbar etib tayinladi.

Rustam ayni paytda prezidentning 7 o‘g‘li va 2 qizi orasida eng baland maqomga erishgan farzand hisoblanadi.

Rossiyadagi “Nezavisimaya gazeta”ning yozishicha, hozircha Rustamning prezident bo‘lishiga uning yoshi monelik qilishi mumkin. Chunki Tojikiston Konstitutsiyasida "Prezident bo‘ladigan shaxsning yoshi 35dan kam bo‘lmasligi kerak", deb yozilgan.

Ammo prezidentlik kursisida qolish uchun 1992 yildan buyon Asosiy Qonunga bir necha bor o‘zgartish kiritgan Imomali Rahmon uchun bu muammoni “hal qilish”, gazetaga ko‘ra, qiyin ish emas.

“Exo Moskvi” radiosi sayti Rustam Imomalining yangi mansabiga sharh berar ekan, “mahalliy siyosatchilarning ishonchiga ko‘ra, Tojikiston rahbari 27 yashar o‘g‘lini valiahdlikka tayyorlayapti”, deb yozadi.

Matbuotda, shuningdek, Rustamning yangi vazifasiga tayinlanishi oqibatida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bildirilgan fikrlar ham yangramoqda. Rustam prezidentning o‘g‘li bo‘lganligi uchun ham har qanday poraxo‘r mansabdorning tanobini tortib qo‘yishga qudrati yetishi aytiladi.

Tahlilchilar fikricha, shu paytgacha korruptsiyaga qarshi kurash agentligi “kichik baliqchalar” ovi bilan mashg‘ul bo‘lib, katta “nahang”larning kirdikorlarini fosh qilishga jur‘ati yetmas edi. Chunki bu mansabdorlarning aksariyati prezident oilasi bilan yaqin aloqalari bor shaxslar ekanligi aytiladi.

Rustam Imomali esa, endi andisha qilmay davlat xazinasiga ko‘z olaytirgan har bir poraxo‘r amaldorni ayamay qamoqqa tiqishi va bu bilan jamiyatda o‘z imijini oshirish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Ozoda Rahmon esa Tojikiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari vazifasida ishlaydi.

XS
SM
MD
LG