Линклар

logo-print

EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi 20 mart kuni oraliq hisobotini e‘lon qildi. Unda prezidentlik muddati O‘zbekiston Konstitutsiyasida ketma-ket ikki muddat bilan cheklab qo‘yilgan bois, amaldagi prezident Islom Karimovning nomzodi uchinchi bor qayta saylovga qo‘yilgani noqonuniy ekaniga ishorat qildi.

Bu haqda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasining 20 mart kungi oraliq hisobotida ta‘kidlanadi.

O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan. Islom Karimov esa 1989 yildan buyon hokimiyat tepasidadir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng janob Karimov 1991, 2000 va 2007 yillardagi prezident saylovlari orqali qayta saylandi.

2002 yilda O‘zbekistonda prezidentlik muddati referendum yo‘li bilan besh yildan yetti yilga uzaytirildi.

2011 yilda esa Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatda prezidentlik muddati yetti yildan qayta besh yilga qisqartirildi.

O‘zbek rasmiylarining YeXHT kuzatuvchilariga bergan tushuntirishlarga ko‘ra, “muddat” iborasi yillarning aniq sonini bildiradi, shuning uchun ham hozirgi prezidentlik muddati yetti yil, keyingi prezidentlik muddati esa besh yil bo‘lgani uchun, bu ikki muddat ketma-ket ikki muddat sifatida hisoblana olmaydi.

EXHT missiyasi O‘zbekistonda yetti yillik prezidentlik muddatini besh yillik muddatga qisqartirish noqonuniy bo‘lganiga e‘tibor qaratdi.

O‘zbekistonda Referendum to‘g‘risidagi qonunga muvofiq referendum natijasida olingan qarorlar oliy yuridik kuchga egadir va bunday qararlar faqat referendum yo‘li bilangina bekor qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90-moddasiga ko‘ra, biron shaxsning ketma-ket keladigan ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.

Karimov esa aslida to‘rtinchi muddat prezidentligiga da‘vogarlik qilmoqda.

Fevralь va mart oylarida O‘zbekistondagi bir qator jamoatchilik guruhlari prezident Islom Karimovni nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasi qarori yuzasidan O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi, Bosh prokuratura, Senat va Markaziy saylov komissiyasiga norozilik bildirdirgandi.

Bugungi kungacha hech qaysi hokimiyat vakillaridan biron-bir rasmiy javob berilmagan.

EXHT missiyasiga ko‘ra, prezident saylovining muhimligiga qaramasdan, tashviqot tadbirlari deyarli ko‘rinmaydi. Nomzodlar o‘rtasidagi raqobat ham unchalik katta emas, amaldagi prezident boshqa nomzodlar tomonidan prezidentlikka eng maqbul nomzod sifatida tavsiflanmoqda.

"Garchi to‘rt nafar nomzod respublika bo‘ylab xalq bilan uchrashuvlar o‘tkazish jarayonida bo‘lsalar-da, odatda ularning nomlaridan rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan vakillari chiqmoqda. Partiyalar YeXHT/DIIHB SKChMga bergan ma‘lumotga ko‘ra, ular binolarning ichlarida uchrashuvlar o‘tkazmoqdalar hamda xonadonma-xonadon targ‘ibot-tashviqot olib bormoqdalar", deyiladi missiya hisobotida.

EXHT kuzatuvchilari ega bo‘lgan ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda saylovda qatnashayotgan partiyalar tashviqot tadbirlari bilan bog‘liq harajatlar uchun har biri 842 million so‘m (taxminan 327 000 yevro) miqdorida davlat byudjetidan mablag‘ olganlar.

O‘zbekistonda prezidentlik saylovi 29 mart kuniga belgilangan. Garchi saylovda joriy prezident bilan uchta nomzod bellashishi aytilsa-da, kuzatuvchilar saylovdan g‘ayiroddiy natijalar kutilmayotganini aytishmoqda.

Frantsiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti 24 mart kuni O‘zbekistonda adolatli saylovlar uchun imkoniyat yo‘qligi haqida bayonot chiqardi.

"Barcha nomzodlar ilgari surilishidan oldin prezident ma‘muriyati tasdig‘idan o‘tgan nomzodlardir. Prezidentlikka da‘vogarlar orasida muxolifatdan hech kim yo‘q. Nomzodlar haqida fuqarolar hukumat nashrlariyu Markaziy saylov komissiyasi plakatlaridan bilmoqda", - deyiladi tashkilot bayonotida.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG