Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:55

Rassom Zulfiya Sulton: Barchaga yoqadigan libos tikishga urinmayman​


Dizayner Zulfiya Sulton.
Dizayner Zulfiya Sulton.

Toshkentlik dizayner¸ liboslar bo‘yicha rassom Zulfiya Sultonning ismi qo‘shiqchi Lola atrofidagi janjal bois tilga tushdi. Rassom Zulfiya Sulton bichimiga ko‘ra tikilgan libosda sahnaga chiqqan Lola Yo‘ldosheva "O‘zbeknavo" tanqidiga uchradi.

O‘zbekistondagi “quyushqon” chorcho‘bidan chiqqan libos kiyib kuylagan Lola Yo‘ldosheva "O‘zbeknavo"ga chaqirtirilib, rasman ogohlantirildi ham.

"O‘zbeknavo"ning rasman muhokamasiga sabab bo‘lgan libos ijodkori 31 yashar rassom Zulfiya Sulton Ozodlikning “Turkiston rassomlari” rukniga qahramon bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatda Zulfiya Sulton tasviriy san‘at¸ milliy naqshu-nigorlar hamda qo‘shiqchilarga libos tikish mashaqqatlaridan hikoya qildi:

- Bolalik paytimda libos rassomi bo‘laman degan orzuim yo‘q edi. Lekin sal yoshim kattayganda kim bo‘lsam ekan degan savol paydo bo‘ldi. O‘shanda men hayolan o‘zimni har hil sohalarda sinab ko‘rdim. Dizaynerlik ma‘qul keldi. Rassomlik kollejiga kirdim. Keyin libos dizayni bo‘yicha institutni ham tugatdim¸- deydi shu kunlarda o‘zbek tasviriy san‘ati ufqlarida porlay boshlagan yulduz sifatida e‘tirof qilingan rassom Zulfiya Sulton.

Emas oson bu maydon ichra turmoq

Chingiz Ahmarov¸ Shamsiro‘y Hasanova¸ Varshaam Avakyan¸ Eduard Kalantarov kabi rassomlar o‘z davrida kinoasar personajlari va teatr artistlari uchun libos ulgilarini chizib o‘zbek dizayn san‘atini rivojlantirishgan.

Yosh o‘zbek rassomi Zulfiya Sulton san‘atga kirib kelganida mana shu ulug‘ san‘at arboblari asos solgan milliy naqshu-nigor uslubida ishlashga hayiqqanligini aytadi.

- Milliy naqshlar bilan ishlar ekanman¸ boshida qo‘rqdim. Nima desam ekan, bachkana bo‘lib ketmasligi uchun naqshlarni ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerakligini bilganim uchun ham ozroq hayiqdim. Biror buyurtmani san‘at darajasiga yetkazishim uchun izlanishlar olib bordim. Tarixni o‘qidim. O‘tmishdagi rassomlar ijodi va libos tarixini o‘rgandim. Bu izlanish samarasi o‘laroq¸ asta-sekin milliy matolarni ishlata boshladim. Undan oldin faqat eksperimentlar bo‘lgan¸- deydi Zulfiya Sulton.

Suhbatdoshga ko‘ra, izlanishlar hanuz davom etmoqda:

- Hali katta yutuqqa erishdim, deya ayta olmayman. Bu borada men harakat qilyapman¸ balki natija chiqib qolar¸- deydi kamtarlik bilan Zulfiya Sulton.

Shu o‘rinda Zulfiya Sultonning o‘tgan yili Italiyada o‘tgan moda haftaligida O‘zbekistonni tamsil qilganligini ham aytib qo‘yishimiz lozim.

Hammaga yoqishga harakat qilmayman

Zulfiya Sulton o‘zbek pop qo‘shiqchilari Manzura¸ Ziyoda¸ Shahnoz¸ Munisa Rizayeva va Lola Yo‘ldoshevalarning sahnaviy qiyofasini belgilash yo‘lida ijod qilmoqda.

Rassom Zulfiya Sulton bichimiga ko‘ra tikilgan libosda sahnaga chiqqan Lola Yo‘ldosheva o‘tgan hafta "O‘zbeknavo" tanqidiga uchradi. Bu tanqidlarda Zulfiya Sulton tikkan kiyimlar "milliylikka zid", deb topilgan edi.

Suhbatdosh bu tanqidlarga izoh berishni lozim topdi:

- Bu tanqidlarga bitta izoh berishim mumkin. Qarang, qancha inson bo‘lsa, shuncha fikr bo‘ladi. Lekin mana bu tanqidga uchragan liboslarni milliylikka zid deb aytilganligini noto‘g‘ri, deb bilaman. Chunki bu libos (Qo‘shiqchi Lola kiyganidan keyin janjalga sabab bo‘lgan yelkasi ochiq qizil kiyim nazarda tutilmoqda) milliy libos emas. Qo‘shiq ham milliy qo‘shiq emas. Kiyim ashulaning xarakteridan kelib chiqib va sahna mantig‘idan kelib chiqib yaratildi. Lola bu kiyimda ko‘chada yuradi¸ u yoq bu yoqqa boradi degani emasku. Bu sahnaku. Sahna uchun tikilgan va ashulaga mos qilib yaratilgan libos. Buni tushuntirish qiyin. Agar hammaning e‘tirozini hisobga oladigan bo‘lsak¸ hammaga quloq solsak, san‘atimiz joyidan jilmay bir yerda qotib qolgan bo‘lar edi. Baribir har doim izlanish bo‘lishi kerak. Har doim kiyim tiksam hammaga ham yoqmaydi. Hammaga yoqsin deb harakat ham qilmayman¸ deydi "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi tanqidiga uchragan liboslar muallifi toshkentlik taniqli dizayner Zulfiya Sulton.

XS
SM
MD
LG