Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:36

Qoraqalpoq universiteti obuna bo‘lmagan talabalarni jazolamoqda​


O‘tgan yili Jizzaxda Ko‘zi ojizlar jamiyati a‘zolari ham "Xalq So‘zi" gazetasiga obuna bo‘lishga majbur etilgan edi.
O‘tgan yili Jizzaxda Ko‘zi ojizlar jamiyati a‘zolari ham "Xalq So‘zi" gazetasiga obuna bo‘lishga majbur etilgan edi.

Qoraqalpog‘iston Davlat universitetining bir guruh talabalari majburiy obunadan shikoyat etib, Ozodlikka murojaat qildi. Oliygohning Kimyo-texnologiya fakultetida harbiy xizmatdan o‘tganlar uchun berilgan imtiyoz bilan o‘qiydigan talabalar mahalliy nashrlarga obuna bo‘lmaganlari uchun dekan ularni imtiyozdan mahrum etganidan arz qildi. Fakultet dekani Ozodlik bilan suhbatda buni tan oldi, lekin talabalarga uchun majburiy emasligini ta‘kidladi.

Ozodlikka murojaat qilgan qoraqalpog‘istonlik talabalardan birining mikrofonsiz suhbatda aytishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Kimyo-texnologiya fakultetida uyushtirilgan majburiy obunaga bo‘ysunmagan kamida 12 talaba hozirda harbiy xizmatdan o‘tganlarga beriladigan imtiyozdan mahrum etilmoqda.

“Harbiy xizmatni o‘taganlar uchun 35 foizlik imtiyozni olish uchun dekan protokolga qo‘l qo‘yib berishi kerak. O‘tgan yili obuna bo‘lasizlar, deb majbur qilganda pulim bo‘lmagani uchun, obuna bo‘lmaganman. Hozir dekan obuna bo‘lmagansan, deb shu protokolga qo‘l qo‘yib bermayapti. Fakultetimizda harbiy xizmatdan keyin imtiyoz bilan o‘qiydiganlar ko‘p, shulardan 12 kishiga qo‘l qo‘yib bermayapti. Qo‘l qo‘ymasa, 35 foizlik imtiyozdan mahrum bo‘lamiz. Bu taxminan 1 million 800 so‘m bo‘ladi”, deydi talaba.

Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti Kimyo-texnologiya fakulteti dekani Dametken Tureniyazova Ozodlik bilan suhbatda oliygohda ommaviy obuna bo‘lish tadbiri uyushtirilishini e‘tirof etdi. Lekin majburiy bo‘lmagan obuna sobiq askar talabalar duch kelgan muammoning yagona sababi emas, deya ta‘kidladi dekan:

- Har yili obuna bo‘ladi. Har bir studentdan obunaga 23 uch ming so‘mdan belgilaganmiz. O‘zimizning "Qoraqalpoq Universiteti", "Qoraqalopog‘iston Yoshlari" gazetalariga obuna bo‘lish studentlarga aytilgan. Lekin bu majburiy emas, dedi Kimyo-texnologiya fakulteti dekani.

Dekanning aytishicha, fakultetda harbiy xizmat tufayli imtiyoz olgan talabalar soni ellikdan oshiqroqdir, shulardan 12 talabaning protokoli imzolanmagani bor gap. Lekin ommaviy obunada ishtirok etish imtiyozli talabalarga qo‘yiladigan shartlardan biri¸ xolos, deydi dekan:

- Harbiy xizmatdan qaytgan bollarga 35 foizlik imtiyoz bor, agar imtihonlarni yaxshi topshirsa, bahosi yaxshi bo‘lsa. O‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan bo‘lsa. Bundan tashqari boshqa kriteriylar ham bor, masalan, “Turkiston”, “Molodyoj Uzbekistana” gazetalaridan biriga yoki “Yosh kuch” jurnaliga obuna bo‘lsa, deb ko‘rsatilgan. Buning uchun ball qo‘yiladi. Shuning uchun gazetalardan biriga yozilishi kerak, deya e‘tirof etdi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti Kimyo-texnologiya fakulьteti dekani Dametken Tureniyazova.

O‘zbekistonda hukumat nashrlariga majburan obuna qildirish odatiy holga aylangan. Bunda nafaqat talabalar, balki maktab o‘quvchilaridan tortib byudjet tashkilotlari xodimlari ham obunaga majburlanadi.

Masalan, o‘tgan yilgi obuna kampaniyasi paytida Jizzax viloyatida¸ hatto¸ Ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari ham "Xalq So‘zi" gazetasiga obuna bo‘lishga majbur etilgan edi.

XS
SM
MD
LG