Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:18

Eronga nisbatan sanksiyalar haqida nimalarni bilasiz?​


Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Bushehr atom elktr stanksiyasining boshqaruv xonasida.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Bushehr atom elktr stanksiyasining boshqaruv xonasida.

Eron yadroviy qurol ishlab chiqarish niyatida ekani haqidagi xavotirlarga barham berish maqsadida g‘arb 35 yildan beri Eronga qarshi iqtisodiy va harbiy sanksiyalarni joriy etib kelmoqda. Bundan tashqari, ayrim sanksiyalar Eronni terrorizmni dastaklashni to‘xtatishga va mamlakatda inson huquqlarini yaxshilashga majburlashga qaratilgan.

Yaqin kelajakda Eron va jahonning olti qudratli davlati Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkin.

Quyida Eronga qarshi joriy qilingan sanksiyalar turlari, ularni kim joriy qilgani va bu sanksiyalarni bekor qilish qay darajada oson bo‘lishi haqida so‘z yuritiladi.

AQSh sanksiyalari

Amerika Qo‘shma Shtatlari ikki yo‘l bilan sanksiya joriy qiladi: Kongress qonunlari hamda prezident farmonlari orqali.

1990 yillardan beri AQSh Kongressi Eronning yadroviy dasturi, terrorizmni dastaklashi, mamlakatdagi inson huquqlarining buzilish hollatlari hamda keng qamrovli pul yuvish haqidagi xavotirlar ortidan Tehronga sanksiyalar joriy qilib kelmoqda. Bu sanksiyalar Eronning energetika sanoatidan tortib, bank sohasigacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qarab olgan. 2010 yilda Kongress qabul qilgan CISADA qonunida Eronga eksport hamda importni butunlay man qildi.

Eronga qarshi sanksiya birinchi marta prezident Jimmi Karter tomonidan 1979 yilda imzolangan. Karterdan keyingi prezidentlar, jumladan, Ronalьd Reygan, Bill Klinton, Jorj Bush hamda Barak Obama ham bunday farmonlarni imzolagan.

Eronda 1979 yil sodir etilgan islomiy inqilobdan so‘ng AQSh va Eron aloqalari keskin yomonlashdi. Ayniqsa 52 nafar amerikalikning garovga olinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tubdan o‘zgartirdi. 1979 yilning 4 mart kuni AQShning Tehrondagi elchixonasi xodimlari garovga olinganidan keyin prezident Karter Eronga qarshi ilk sanksiyalarni joriy qildi. AQShdagi Eron hukumatining barcha mulki hamda AQSh tashqarisida amerikalik shaxslar yoki korxonlar boshqaruvidagi mulklar muzlatildi. Buning natijasida Eron 12 milliard dollardan oshiq mulkidan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Prezident Reygan hukmronligida yanada ko‘proq sanksiyalar joriy qilindi. Bunga 1983 yilda AQShning Beyrutdagi harbiy dengiz bazasiga uyushtirilgan hujum turtki bo‘ldi. Mazkur hujumni amalga oshirishda Eronning qo‘li borligi aytildi va AQSh Eronni terrorizmni dastaklovchi mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Buning natijasida AQShdan Eronga yordam va harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni yuborish to‘xtatildi.

1990 yillarda Eronga qarshi sanksiyalar soni yana ko‘paydi. Prezident Klinton Eronning neft sanoatiga sarmoya yotqizilishini taqiqlovchi Farmonni imzoladi. Mazkur Farmon AQShning Tehron bilan savo qilishini ham cheklab qo‘ydi. Bundan tashqari, amerikaliklarga Eronga harbiy qurol yaratishda yordam berishni man qiluvchi qonunlar ham qabul qilindi. 1996 yil Eron va Liviya sanksiyalar akti qabul qilindi. Bu qonunda Eronda faoliyat yuritayotgan korxonlarga nisbatan qo‘llaniladigan sanksiyalar belgilab berildi.

2002 yilda Eron ikki joyda yashirin tarzda yadroviy izlanishlar olib borayotgani ma‘lum bo‘lganidan keyin AQSh boshchiligida yana bir necha sanksiyalar joriy qilindi. Bush prezidentligi davrida eronlik bir necha shaxs va korxonaning mulki muzlatildi, Eronning yadroviy dasturiga yordam berishda ayblangan chet el kompaniyalariga qarshi sanksiyalar qo‘llanila boshlandi.

2010 yilda Kongress Eronga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi. Natijada avval belgilangan sanksiyalar yanada kuchaytirildi. 2012 yilda prezident Obama Eron markaziy bankining AQShdagi faoliyatini to‘xtatdi va amerikalik muassasalarga eronliklar mulkini muzlatish huququni berdi.

AQSh sanksiyalarini bekor qilish

AQSh Kongressi a‘zolari va prezidentlari sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda o‘zlarida iqtisodiy sanksiyalar joriy qilish va ularni bekor qilish huquqi mavjud bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar. Prezident mustaqil ravishda avval chiqarilgan farmonlarni bekor qila oladi. Bundan tashqari, Kongress qabul qilgan sanksiyalarning aksari ham prezident farmoni yordamida bekor qilinishi mumkin.

Ammo CISADA qonuni bilan Eronga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilish uchun prezident Kongressga Eron xalqaro terrorizmni boshqa qo‘llamayotganini hamda yadroviy, kimyoviy yoki biologik qurollar va ballistik raketalar sotib olishga yoki o‘zi ishlab chiqishga harakat qilmayotganini tasdiqlashi kerak.

Sanksiyalarni butunlay bekor qilish uchun esa Kongress roziligi kerak.

19 mart kuni AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Entoni Blinken AQSh sanksiyalarni qadamma-qadam bekor qilishini aytdi.

“Biz Eron unga qo‘yilgan talablarni bajarayotganiga amin bo‘lganimizdan keyin ayrim sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatib turamiz, ularni butunlay bekor qilmaymiz. Eron talablarni bajarishda davom etsa, Kongress roziligi bilan sanksiyalar tamomila bekor qilinadi”, dedi Blinken.

Davlat kotibi o‘rinbosari BMT Eronga nisbatan joriy etgan sanksiyalar ham shu yo‘sinda tugatiladi, degan fikrda.

Kelishmovchiliklar

Obama ma‘muriyati Eron bilan yadroviy dastur yuzasidan shartnoma imzolansa, sanksiyalarni Kongress roziligisiz bekor qila olishiga shama qildi.

Ammo Kongress a‘zolarining aksariyati biror qonun kuchga kirishdan avval uni ko‘rib chiqib, ovoz berishni istaydi.

9 mart kuni 47 nafar AQSh senatori Eron rahbariyatini Kongress roziligisiz Vashington bilan Tehron o‘rtasida yadroviy masalada imzolanajak har qanday kelishuv kelajakda bekor qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirib xat yubordi.

Senator Bob Korker va Bob Menendes taklif qilgan qonun loyihasida “Kongress qaror chiqargunicha sanksiyalarning prezident tomonidan bekor qilinishi 60 kunga kechiktirilishi kerak”, deyilgan.

Obama bu qonun loyihasini qoraladi. Ammo loyiha tarafdorlari prezident vetosini bekor qilish uchun kerak bo‘lgan 67 ovozni to‘play olishlariga ishonishadi.

Oq uy ma‘muriyati rahbari Denis Makdonou Korkerni Eron bilan muzokaralar yakunlanmagunicha bu qonun loyihasini to‘xtatib turishga chaqirdi. Makdonou bunday qonun muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishiga tahdid solishi haqida ogohlantirdi.

BMT sanksiyalari

BMT Xavfsizlik kengashi 2006 yildan beri Eronga qarshi sanksiyalar joriy qilib keladi. sanksiyalar ayrim yadroviy materiallar eksportining man qilinishiga hamda Eron yadroviy dasturiga aloqasi bor shaxslar mulkining muzlatilishiga sabab bo‘ldi.

Bu sanksiyalar 2007 va 2008 yillarda kuchaytirildi. Bu safar ayrim shaxslarning sayohat qilishiga cheklovlar qo‘yildi. BMT Xavfsizlik kengashining 1929 - son qarori asosida Eronga ballistik raketalar bilan bog‘liq amaliyotlarda qatnashish taqiqlandi, boshqa mamlakatlarga Eronni harbiy texnika bilan ta‘minlash man etildi hamda Eronning Inqilobiy gvardiyasi uchun mo‘ljallangan mulklar muzlatildi.

Bu sanksiyalarni bekor qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi shu haqda qaror qabul qilishi kerak.

The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, Eron kelishuv imzolanganidan keyin sanksiyalar darhol bekor qilinishini xohlaydi. G‘arb mamlakatlari vakillari bo‘lsa Vashington yoki Bryussel tomonidan joriy qilingan sanksiyalar oson bekor qilinishi mumkin, ammo BMT sanksiyalarini to‘xtatish uchun oylar, hatto yillar kerak bo‘lishi mumkinligini bildirishdi.

Evropa Ittifoqi

Evropa Ittifoqi BMT sanksiyalarini bajarish bilan birga o‘z sanksiyalarini ham joriy qildi. 2010 yilda ittifoq Eronning energiya sanoatiga sarmoya kiritishni taqiqladi. 2012 yilda turli harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni eksport qilish taqiqlandi, Erondan neftь va gaz sotib olishga cheklovlar qo‘yildi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi moliyaviy sanksiyalar ham joriy qildi.

Eron bilan kelishuv imzolansa, sanksiyalarni bekor qilish uchun Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat mutasaddisi Federika Mogerini sanksiyalarni bekor qilish rejasini taklif qilishi, uni ittifoq tashqi ishlar qo‘mitasiga a‘zo 28 mamlakat tashqi ishlar vazirlari ko‘rib chiqishlari kerak bo‘ladi.

Lyuk Jonson qalamiga mansub mazkur maqolani Nodir Atayev tarjima qildi.

XS
SM
MD
LG