Линклар

logo-print

O‘zbekistonlik yosh qo‘shiqchi Dilmurod Musayev ijro qilgan “Gulnora” degan qo‘shiq klipi mamlakat telekanallarida bir necha marta namoyish qilinganidan keyin efirdan olib qo‘yildi. Sal o‘tmay ayni klip “Gulyora” nomi bilan qayta taqdim qilindi.

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Dilmurod Musayev ijro etgan qo‘shiqdagi Gulnora kalimasi tomoshabinlarda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otgani bois¸ klip efirdan olib tashlangan.

Gulyoraga aylangan Gulnora

Mustaqil jurnalist Ulug‘bek Haydarovning ijtimoiy tarmoqlarda yozishiga ko‘ra¸ Dilmurod Musayev ijro etgan qo‘shiqning efirdan olinishi O‘zbekistonda Gulnora Karimova nomining matbuotda yoritilishiga taqiq qo‘yilgani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston Elektron OAV milliy assotsiatsiyasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Dilmurod Musayevga qo‘shiqdagi Gulnora kalimasini olib tashlash taklif qilingan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ qo‘shiqchi Dilmurod Musayev bu taklifni qabul qilib¸ qo‘shiqdagi Gulnora nomini Gulyoraga o‘zgartirgan.

Dilmurod Musayev ijrosidagi bu qo‘shiqning klipidagi tasvirlar ustiga yangidan Gulyora degan ovoz yozib¸ efirga chiqarilgan.

Dilmurod Musayev bilan bog‘liq voqea mustaqil jurnalist Ulug‘bek Haydarov nazarida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning siyosiy-ijtimoiy¸ madaniy-ma‘naviy hayotdan haydalishibilan bog‘liq siyosiy taqiq mevasidir.

Gulnorani so‘raganlar litsenziyadan mosuvo bo‘ladimi ?

Ayni paytda o‘zbekistonlik yana bir hofiz Shohjahon Jo‘rayev ijro etgan “Omonmisan Gulnora” qo‘shig‘i ham efirga berilmaydigan qo‘shiqlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek rasmiylarining aytishicha¸ bu qo‘shiqqa yashil chiroq yoqilmagani va Dilmurod Musayev qo‘shig‘idagi so‘zlar o‘zgartirilgani Gulnora Karimova shaxsiyati bilan aloqador emas:

- Qo‘shiq muallifining litsenziyasi bekor qilingani bois efirga izn yo‘q¸ Buning orqasida hech qanday siyosiy sabab yo‘q¸ dedi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligidagi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra¸ gap Shohjahon Jo‘rayev tarafidan 2014 yilda to‘yda ijro qilingan va shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Omonmisan Gulnora” qo‘shig‘i haqida ketmoqda:

- Bilsangiz, o‘zbekistonlik qo‘shiqchi Shohjahon Jo‘rayevga qo‘shiq aytish va kontsert tashkil qilish huquqini beradigan litsenziya “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining maxsus qarori bilan 2015 yilning 17 martidan boshlab bekor qilindi. O‘zbekiston OAVlarida litsenziyasi yo‘q ashulachilarning qo‘shig‘i berilmaydi. Bu holat faqat “Omonmisan Gulnora” qo‘shig‘iga emas¸ balki litsenziyadam mahrum qilingan artistning barcha qo‘shiqlariga oid¸ dedi Ozodlik manbasi.

San‘atkorlar Gulnorasiz qo‘shiqlarga o‘tdi

Ozodlik manbasining ta‘kidicha¸ Dilmurod Musayevning “Gulnora” kalimasini “Gulyora” qilib o‘zgartirgani ortida ham siyosiy sabab yo‘q:

- Musayev esa o‘z ixtiyoriga ko‘ra¸ ijodiy nuqtai nazardan kelib chiqib qo‘shiq matnini o‘zgartirdi. Bunaqa holat tez-tez uchrab turadi. San‘atkor qo‘shiqni sayqallash mobaynida matnni o‘zgartirishi mumkin¸ deb ta‘kidladi suhbatdosh.

Uning aytishicha¸ O‘zbekistondagi radio va telekanalar “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan izn olgan ashulachilarning qo‘shiqlarinigina efirga qo‘yishlari kerak:

- Biz O‘zbekistonda litsenziyasiz ishlayotgan yuzdan oshiq xonanda va musiqachini aniqlab mamlakatdagi OAVlarga ko‘rsatma yubordik. Bu ko‘rsatmada litsenziyasi bo‘lmagan ashulachilarning qo‘shiqlarini efirga qo‘ymaslik va bu qo‘shiqchilarni dasturga chaqirmaslik uqtirilgan¸ deydi mulozim.

Shohjahon Jo‘rayev ijrosidagi “Omonmisan Gulnora” qo‘shig‘i 2014 yili Toshkentdagi to‘ylardan birida yangragan edi.

Ana shu to‘ydan yozib olingan qo‘shiq O‘zbekistondagi ko‘ngilochar saytlar tarafidan tarqatib yuborildi.

Xushnud Darvesh she‘riga Temur Rahmon tarafidan aranjirovka qilingan va hali rasman taqdim qilinmagan bu qo‘shiqda “o‘kinchlar ko‘ksini yoqqan va ishi orqaga ketgan Gulnora omonmi” degan savol so‘raladi va uni yana bir bora ko‘rish istagi yangraydi.

Hijron vujudim chaqar

O‘kinchlar ko‘ksim yoqar

Ko‘zimdan yomg‘ir yog‘ib

Sani eslab...

Omonmisan Gulnora?

Ko‘rgim kelar bir bora

Yurak bag‘rim ming pora

ko‘rgim kelar bir bora

Gulnora¸ Gulnora.

Bu qo‘shiqning Gulnora Karimova ko‘zdan pana bo‘lgan paytda ijro qilinishi jamoatchilikda savol uyg‘otdi.

Tinglovchilarning “ Qo‘shiq qahramoni Gulnora Karimovami?" deya ijtimoiy tarmoqlarda bergan savoli esa javobsiz qoldi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligidagi manba O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova nomi zikr qilinga yoki Karimovaning o‘zi ijro qilgan qo‘shiqlarni TV va radiolarda ijro qilinishiga ta‘qiq bormi¸ degan savolimizga aniq javob bera olmadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston “Yoshlar” radiokanali direktori prezident qizi ijrosidagi qo‘shiqni efirga bergani uchun lavozimidan olingan edi.

Gulnora Karimova ijrosidagi “Kelajakning ovozimiz” nomli qo‘shiq efirga ketishining ertasigayoq radiokanal rahbari Xurshid Daliyev ishdan olinib, o‘rniga Sultonposhsho Yoqubova tayinlangan edi.

Gulnora Karimovaga qo‘shiq bag‘ishlagan O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovaga ham shu kunlarda katta sahnaga chiqish norasmiy tarzda taqiqlab qo‘yilgan.

Bundan tashqari Gulnora Karimovaga doir loyihalarda ishtirok etgan O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov Muqimiy nomidagi teatr rahbarligidan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG