Линклар

O‘zbekistonda prezident saylovi arafasida 7 oy maosh olmaganlar bor​


“Orolbo‘yi gidrogeologik ekspeditsiyasi” ishchilari 450 million so‘mlik haqlarini ololmayapti.

“Orolbo‘yi gidrogeologik ekspeditsiyasi” ishchilari 450 million so‘mlik haqlarini ololmayapti.

Qoraqalpog‘istondagi “Orolbo‘yi gidrogeologik ekspeditsiyasi”ning yuzdan ortiq ishchisi kamida yetti oyning maoshini ololmayapti. Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh geologlar o‘tgan yilning iyul va avgust oylari maoshi bir kun avval berilgani, sentabrdan keyingi oyliklarning qachon berilishi mavhum qolayotganidan arz qilishdi. Davlatga qarashli korxona rahbari Ozodlik bilan suhbatda maoshlardan 450 million so‘mlik qarz to‘planib qolganini tan oldi, lekin qarzdorlik qachon yopilishini aniq aytib bera olmadi.

Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani Sho‘rko‘l qishlog‘ida joylashgan “Orolbo‘yi gidrogeologik ekspeditsiyasi” 105 nafar ishchisiga o‘tgan yilning yozidan beri maosh bergani yo‘q. O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasiga qarashli ekspeditsiya ishchilarining bir guruhi Ozodlikka murojaat qilib, o‘tgan yilning iyul va avgust maoshlari 25 mart kuni berilganini bildirishdi.

“Sakkiz oydan beri maosh bermayotgan edi, kecha ikki oynikini – 2014 yilning iyulь avgust oylarini endi berdi. 2014 yilning sentabridan boshlab 2015 yilning mart oyi maoshlari qachon berilishini hech kim aytmayapti. Biz murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Prokuraturaga ham yozdik. Nukusdan kelib tekshirishdi ham, lekin natija bo‘lmayapti”, deydi geologiya ekspeditsiyasi ishchilaridan biri.

Qoraqalpog‘istonda suv qidirish va qazib chiqarish ishlari bilan shug‘ullanadigan xizmat direktori Baxtiyor Saidnazarov Ozodlik bilan suhbatda maoshlardan qarzdorlik muammosi borligini tan oldi:

- Oylik berilmayotgani sababi, men bu yerga yaqinda boshliq bo‘ldim, dekabrdani boshlab. Mendan oldin qarzdorlik ko‘payib ketgan. Oy sayin qarzdorlik to‘planib kelavergan. Bank hisobimizda pul bo‘lsa beradi, hisobda pulning o‘zi yo‘q. Davlat pul berib turibdi, lekin bizda “dogovornoy” (shartnoma bo‘yicha-tahr.) ishlar bo‘lgan. Bunday hollarda bir xil joylarda suv chiqadi, bir xil joylarda suv chiqmaydi. Suv chiqmagan paytda, boshqa joydan qazish kerak bo‘ladi, natijada ish hajmi ko‘payib ketadi, deydi ekspeditsiya direktori.

Uning yana aytishicha, oyliklarning berilmasligi muammosi bundan besh yil avval boshlangan va natijada hozirda ishchilar maoshidan jami 450 million so‘mlik qarzdorlik to‘planib qolgan:

- Bizda qarzdorlikning ko‘payib ketishiga 2010 yildan beri maoshlar vaqtida berilmasdan kelgan, bir oy, ikki oy, besh oyga kechikib kelayapti, natijada qarzdorlik ko‘payib ketyapti. Lekin hozirgi kunda ishchilar har oyda bir oylik maosh olishayapti, deydi Baxtiyor Saidnazarov.

Lekin Ozodlikka murojaat qilgan ekspeditsiya ishchilari 25 mart kuniga qadar sakkiz oydan oshiqroq maoshsiz qolishganini ta‘kidlashdi.

Korxona direktori buning uchun avvalgi rahbarlar mas‘ul ekanini iddao qildi:

- Bu yerda mening bitta aybim bor, shu yerga boshliq bo‘lib kelgan paytda ishni tegishli tarzda qabul qilib olmaganman, “akt-priyom” qilmaganman va tekshirtirmaganman. Mana shu davr uchun siz javob berasiz, bu yog‘iga men javob beraman, deb kelishib olmaganman. Shu mening aybim, deydi direktor.

Ozodlik bilan suhbat so‘ngida Baxtiyor Saidnazarov maoshlardan qarzdorlik joriy yil oxiriga qadar to‘laligicha yopilishiga umid qilayotgani, lekin buni qat‘iy va‘da qila olmasligini bildirdi.

“Orolbo‘yi gidrogeologik ekspeditsiyasi” O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi qoshidagi 20dan oshiq korxonadan biridir. Mazkur korxona Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab turli tashkilotlar hamda xususiy shaxslar buyurtmasiga ko‘ra, yerosti suv zahiralarini aniqlab, uni qazib chiqarib berish ishlarini amalga oshiradi.

Korxona direktori ekspeditsiyaga tushadigan buyurtmalar bilan muammo yo‘qligi va joriy yilda davlatga oid jami 2,5 milliard so‘mga teng buyurtmalarni bajarish rejalanganini bildirdi.

O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi Ozodlik so‘roviga javoban maoshlar bilan bog‘liq muammo yechimini topish to‘laligicha ekspeditsiya rahbariyati zimmasida ekanini ta‘kidladi.

O‘zbekistonda davlat korxonalarida maoshlarning bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda.

Jumladan davlatga doir Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona azot zavodi, Olmaliqdagi kimyoviy zavod kabi yirik korxonalarida minglab ishchilar oylar davomida ish haqisiz qolayotgani to‘g‘risida Ozodlik o‘tgan oyda xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG