Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:39

Poraxo‘r doktor, asov yomg‘ir va selfimaniya​


Samarqandda shifoxona rahbari millionlarni o‘margani uchun qamaldi. Selfimaniya ruhiy xastalik deb baholandi. Xonanda Yulduz Turdiyeva operatsiya stoliga yotadi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Shoshilinch tibbiy yordam markazi Samarqand filiali direktori millionlarga o‘margan”

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali direktori Yusufjon Ahmedov millionlab mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblandi (“Huquq”, 26 mart).

Direktor Ahmedov hujjatlarni soxtalashtirish orqali 200 million so‘mdan oshiq mablag‘ni o‘margan. Shuningdek, shifoxona ta‘miri bahonasida 84 million so‘mdan oshiq pulni talon-taroj qilgan.

Mazkur filial jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Komil Julbekov esa ishga olish evaziga hamda paxtadan qoldirish evaziga 10 dan oshiq xodimdan 200 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha pora olgan.

Ma‘lum qilinishicha, shifoxona mansabdorlari ayblariga yarasha jazoga tortilgan.

“Toshkent asov yomg‘irga tayyor emasligi ma‘lum bo‘ldi”

Joriy hafta boshida yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida Toshkent shahrining ko‘plab tumanlaridagi ko‘cha, yo‘l va piyodalar yo‘laklari suv ostiga qoldi (“Noviy vek”, 26 mart).

Gazetaga ko‘ra, Toshkent shahar hokimiyati bu gal ham favqulodda holatga tayyor emasligini ko‘rsatgan.

“Bularning barchasiga sabab Toshkentning irrigatsiya-drenaj tizimi eskirganidir. Mazkur tizim bahor mavsumida kuzatiladigan yog‘ingarchiliklarga dosh bermaydi. Bu birinchi bor yuz berayotgan holat emas. O‘tgan yili kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini shahar transportini falajlantirgani, ayrim tumanlarda esa elektr va aloqa uzilib qolgani ko‘pchilikning yodida. Biz nahotki bugun ham yuz yil avvalgidek tabiat oldida ojiz bo‘lsak?” deya yozadi gazeta.

“O‘zbekistonlik psixolog selfimaniyani ruhiy xastalik deb atadi”

Bugun ovqatlanish naryoqda tursin, hojatxona, yotoqxona yoki vannadagi holatini o‘zi suratga olib, boshqalarga ulashish xastaligi – selfimaniya urfga kiryapti (“Oila davrasida”, 26 mart).

Bu esa “ruhiy muammo” deb baholangan. “Celfi olishga mukkasidan ketish – bu o‘z-o‘ziga mahliyolik, xudbinlikka berilishdan boshqa narsa emas. Nartsiss haqidagi afsona esingizdami, kun bo‘yi suvdagi o‘z aksiga mahliyo bo‘lib o‘tirgan Nartsiss oxir-oqibat suvga tushib cho‘kib ketadi”, degan psixolog Aziza Xudoyorova.

Odatda xatolarini tan olgisi kelmagan, biror ishi yurishmagan yo alamzada kishilar shu yo‘l bilan o‘zini ovutishga, boshqalarga ham ishlari joyida ekanini ko‘rsatishga urinadi, deb hisoblaydi gazeta.

Ayni paytda, gazeta selfimaniyani qonun yo‘li bilan taqiqlab bo‘lmasligi, “bunday bemazagarchilik”ni tafakkurni yuksaltirish orqali tuzatish mumkinligini ta‘kidlaydi.

“Namanganda erkaklarni xorijga sotgan ikki ayol qo‘lga olindi”

Namangan viloyati Chust tumanida 10 ga yaqin erkakni xorijga sotib yuborgan ikki dugona qo‘lga olindi (“Diyonat”, 26 mart).

Ismi oshkor etilmagan odamfurush ayollar Namanganning turli hududlarida yashovchi 10 ga yaqin erkakni mo‘may daromad va‘da qilib Qoplonbek posti orqali O‘zbekistondan Qozog‘istonga olib o‘tgan va qo‘shni davlat fuqarolari qo‘liga topshirgan. Buning evaziga ular qozog‘istonlik “quldor”lardan odam boshiga pul olgan.

Odamfurushlik qurboni bo‘lgan erkaklar esa mehnat haqisiz, og‘ir sharoitda ishlatilgan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi ikki dugonani Jinoyat kodeksining 135-moddasida ko‘zda tutilgan qonunbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topgan va ularga “qilmishiga yarasha jazo tayinlagan”.

“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva operatsiya stoliga yotadi”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva ovozi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani sababli jarrohlik stoliga yotadi (“Darakchi”, 26 mart).

Xonandaning o‘zi muntazam shifokor nazoratida ekani, ammo ijodiy ishlar va kontsertlar sababli operatsiyani may oyiga qoldirganini aytgan.

“Biroq shifokorlar operatsiya qancha kechiktirilsa, ovoz shuncha zo‘riqishini ta‘kidlashyapti”, deb yozadi shou biznes nashri. Xonanda Yulduz Turdiyeva maqomning mohir ijrochisi sifatida tilga tushgan va xalqaro tanlovlarda g‘olib chiqqan.

“O‘zbekistonlik 40 yoshli gimnastikachi oltin medalni qo‘l kiritib, sport olamini hayratga soldi”

Sport gimnastikasi bo‘yicha 1992 yilgi Barselona olimpiadasi chempioni, 2008 yilga Pekin olimpiadasi sovrindori Oksana Chusovitina 40 yoshida xalqaro turnir g‘olib bo‘lib sport olamini hayratga soldi (“O‘zbekiston ovozi”, 26 mart).

Chusovitina Germaniyaning Kotbus shahrida o‘tkazilgan Meister World Challenge Cup 2015 turnirida tayanib sakrash mashqlari bo‘yicha oltin medalga qo‘lga kiritgan.

O.Chusovitina qatorasiga oltita (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012) yozgi olimpiya o‘yinlarida qatnashgan yagona ayol sportchi sanaladi. Buxorolik gimnastikachi 2006-2012 yillari xalqaro musobaqalarda Germaniya terma jamoasi tarkibida qatnashgan.

XS
SM
MD
LG