Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:12

Karimovning 90 foizdan ko‘proq ovoz olgani e‘lon qilindi​


Saylovda amaldagi prezident Islom Karimovning g‘alaba qilishiga hech qim shubha qilmayotgan edi.
Saylovda amaldagi prezident Islom Karimovning g‘alaba qilishiga hech qim shubha qilmayotgan edi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining ma‘lum qilishicha, amaldagi prezident Islom Karimov 29 mart kungi saylovda 90 foiz ovoz bilan g‘alaba qilgan. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O‘zbekiston prezidenti saylovi “qonun ustuvorligiga” zid ravishda o‘tkazilganini xulosa qildi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi amaldagi prezident Islom Karimov yakshanba kungi saylovda 90 foizdan oshiq ovoz bilan g‘alaba qilganini e‘lon qildi.

MSK raisi Mirzolug‘bek Abdusalomov 30 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Islom Karimov 90,39 foiz ovoz bilan keyingi besh yil muddatga O‘zbekiston prezidenti etib saylanganini bildirdi.

MSKga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, saylovda nomzodlar Akmal Saidov 3,08 foiz, Hotamjon Ketmonov 2,92 foiz, Narimon Umarov esa 2,05 foiz ovoz to‘pladi, deya xabar qildi nashr.

Yakshanba kuni uyushtirilgan saylov tadbirida O‘zbekistonni 1989 yildan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimovning g‘alaba qilishiga hech kim shubha qilmayotgan edi.

Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O‘zbekistonda 29 mart kuni o‘tkazilgan prezident saylovi “qonun ustuvorligiga” zid ravishda o‘tkazilganini xulosa qildi.

YeXHT 30 mart kuni e‘lon qilgan bayonot “Markaziy saylov komissiyasi amaldagi prezidentni qonun ustuvorligiga zid ravishda nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, uning mustaqilligini shubha ostiga qo‘ydi”, degan xulosa bilan boshlanadi.

YeXHT O‘zbekiston konstitutsiyasida bir shaxsning prezident lavozimida qolishi “ketma-ket ikki muddat bilan aniq cheklanganini” eslatdi.

“Amaldagi prezident shaxsi siyosiy maydonda hech bir haqiqiy muxolifatsiz ustunlik qildi”, deya xulosa qildi YeXHT.

Markaziy saylov komissiyasining iddao qilishicha, 29 mart kungi ovoz berishda saylovchilarning 91 foizidan ortiqrog‘i qatnashgan.

YeXHT Ovoz berish va ularni hisoblash vaqtida tashkilot kuzatuvchilari borgan saylov uchastkalarining ko‘pchiligida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini ham bildirdi.

“Bir necha saylovchilar nomidan ovoz berish barcha joylarda qo‘llanilganga o‘xshaydi va saylov komissiyalari ko‘p xolatlarda natijalar bo‘yicha bayonotlarni to‘ldirishda qiyinchiliklarga uchradilar”, deyiladi hisobotda.

Bir odamning oila a‘zolari uchun, ba‘zan esa qo‘shnilari uchun ham ovoz berganiga oid holatlar haqida Ozodlik ham yakshanbakuni xabar qildi.
29 mart kuni Rossiyada Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan o‘zbekistonlik muhojir Qashqadaryodagi otasi uning o‘rniga ovoz berganini gapirib berdi.

Biz akam bilan bir necha yildan beri Rossiyadamiz. Bugun dadam bilan gaplashsam, “sizlarning nomingizdan o‘zim ovoz berib kelaman”, dedi. O‘zi har doim ham saylov shunday o‘tadiku bizda. Bu safar ham har doimgidek, dadam Karimovga ovoz berishini aytdi. Men o‘zim ovoz berganimda, nomzodlarning birortasiga ovoz bermagan bo‘lardim, chunki birortasi ham bunga loyiq emas”, deydi mehnat muhojiri.

O‘zbekistonni 1989 yildan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimov uchun bu to‘rtinchi prezident saylovidir.

YeXHT O‘zbekistonda saylov muhiti demokratik tamoyillarga mos kelmagani vajidan prezident sayloviga cheklangan kuzatuv missiyasini jo‘natgan.

Ayni paytda Rossiya, MDH va ShHT tashkilotlaridan kelgan kuzatuvchilar saylovlar qonunbuzarliklarsiz o‘tganini ta‘kidlashmoqda. Xususan Rossiyalik kuzatuvchilar guruhiga yetakchilik qilgan Vladimir Churov ovoz berish jarayoni saylovchilarning faolligida o‘tganini bildirdi.

“Biz saylovchilarga bosim o‘tkazilganini sezganimiz yo‘q. Hamma erkin, o‘zlarining respublikada qanday prezident hokimiyati kerakligi to‘g‘risidagi tasavvurlaridan kelib chiqib, ovoz berdi”, deya ta‘kidladi Rossiya markaziy saylov komissisya raisi.

XS
SM
MD
LG