Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:21

O‘IH Tolibondan masofalandi va IShIDni olqishladi​


O‘zbekiston islomiy harakati jangarilari.
O‘zbekiston islomiy harakati jangarilari.

O‘zbekiston Islomiy Harakati amiri Amir Usmon G‘oziy bayonot bilan chiqib, harakatining toliblar yetakchisi Mulla Umardan masofalanganini izohladi va IShIDni olqishladi. O‘IH so‘zchisi Ozodlik bilan suhbatda 29 mart kuni Afg‘oniston armiyasi askari o‘zbek jangarilari tarafidan qatl etilganini ham bildirdi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) amiri Amir Usmon G‘oziyning ovozli fayl tarzidagi bayonotini o‘zini harakat so‘zchisi, deb taqdim qilgan shaxs Ozodlikka yetkazdi. Bayonotda O‘IHning Mulla Umardan masofalangani ta‘kidlanadi va IShID olqishlanadi.

Ismini oshkor etmagan va ovozi efirga uzatilmasligini so‘ragan O‘IH so‘zchisiga ko‘ra¸ bu bayonot O‘IHning Tolibon harakatiga tanqidiy qarashidir.

O‘IH Bag‘dodiyni olqishlaydi

Audio bayonot avvalida o‘zini O‘zbekiston Islomiy Harakati amiri deb atagan Usmon G‘oziy Suriya va Iroqdagi “Islomiy Davlat” guruhini olqishlaydi:

- Iroq va Shom o‘lkalarida islomiy xalifalikning paydo bo‘lishi hamda butun Islom ummati uchun birodarimiz Abu Bakr Bag‘dodiyning xalifa etib saylanishi barchamizni xursand qildi¸- deydi Usmon G‘oziyga nisbatn berilgan ovoz.

Ortidan u "butun islom ummati uchun muhim bo‘lgan buyuk haqiqatni" ma‘lum qilishini bildirdi.

O‘IH amiri Usmon G‘oziy o‘z bayonotida Tolibon rahbari Mulla Umarning tirikligini shubha ostiga oladi va unimg nomidan ish olib borayotganlardan masofalanganligini ta‘kidlaydi:

"Mulla Muhammad Umar sohibning daragini o‘tgan 13 yil mobaynida topa olmaganmiz", deya ta‘kidlagan Usmon G‘oziyga ko‘ra¸ "Mulla Umar bedarak hukmidadir va bedarak hukmida bo‘lgan g‘oyib kishi shariatga ko‘ra, musulmonlarga amir bo‘la olmaydi".

O‘IH o‘tgan yil sentyabrda "Islomiy Davlat"ni qo‘llab-quvvatlashi va u bilan bir safda ekanini ma‘lum qilgandi.

IShID janridagi qatl sahnasi

O‘IH so‘zchisining ma‘lum qilishicha¸ 29 mart kuni Afg‘oniston muntazam armiyasining bir askari o‘zbek jangarilari tarafidan qatl qilingan:

"O‘IH mansubi bo‘lgan uch xonimning Afg‘oniston armiyasi tomonidan asirga olinganiga javoban 30 nafar Afg‘oniston askarini asirga oldik. Ulardan birini kecha qatl qildik. Agar Afg‘oniston hukumati bu ayollarni ozod qilmasa, qolgan 29 nafarini ham qatl qilamiz," dedi O‘IH so‘zchisi.

U qatl sahnasi aks etgan videotasvirni ham Ozodlikka jo‘natdi.

IShID janrida suratga olingan tasvirda ikki nafar niqobli shaxs oldida tiz cho‘kib o‘tirgan yigitning pichoq bilan so‘yilishi aks etgan.

Niqob kiyganlardan biri pichoq bilan yigitni so‘yib, kallasini jasad ustiga qo‘yadi. Bir qadar uzoq cho‘zilgan so‘yish jarayonida maqtul xirillaydi va uning bo‘g‘zidan qon favvora bo‘lib otiladi. Kalla dumalab ketadi.

“Kallasini ushlang”, deya niqob kiygan jallodlar bir biri bilan o‘zbekcha so‘zlashib gaplashib qo‘yadi.

Mujohid o‘zbek ayollari

Ozodlikning Kobuldagi muxbiriga ko‘ra¸ o‘tgan oy Tolibon ta‘limini olgan uch yuzga yaqin oila Afg‘oniston shimoliga joylashtirilgan. Bu oilalardan 80 nafari o‘zbek mujohidlari ekani ham aytiladi. Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ shu kunlarda O‘IH saflarida shafqatsizligi bilan nom chiqargan jangari ayollar guruhi paydo bo‘lgan. Faryob viloyati ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Nabiyning Ozodlik muxbiriga aytishicha, o‘tgan hafta uch nafar o‘zbek jangari ayoli asirga olinib, Kobulga jo‘natilgan.

O‘IH so‘zchisining aytishicha, aynan mana shu uch nafar o‘zbek ayoli asirga olinishi ortidan 30 nafar Afg‘oniston askari qo‘lga olingan va ulardan bir nafari qatl qilingan.

Ayni paytda Afg‘oniston mudofaa vazirligi o‘z askarlarining asirga olinini izohlamadi.

O‘IH badavlat boshpanoh izlamoqda

O‘IH 1997 yilda Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umarga bay‘at bergan. O‘IH amirining so‘nggi bayonotidan tushunilishicha¸ harakat "Islomiy Davlat" panohiga o‘tmoqda yoki o‘tish niyatida.

O‘IHning "Islomiy Davlat"ga xayrixohligi sababi bu guruhning iqtisodiy jihatdan qudratli ekani bilan izohlanmoqda. O‘tgan yili sentyabr oyida O‘IH amiri bayonot bilan chiqib, Iroq va Suriyada tuzilgan "Islomiy Xalifalik"ning afzalligini ta‘kidlagan edi.

Bayonotda “Islomiy Davlat lashkarlari vatanparastlik va millatchilik da‘volaridan pok” ekanligi va ularni arab, chechen, o‘zbek, tojik, qirg‘izni, rus, ingliz tilida gaplashadigan internatsional tarkibiga tasanno aytiladi.

"Islomiy Davlat"ning O‘IH olqishiga sazovor bo‘lgan yana bir jihati quyidagicha ifoda qilingan:

“O‘g‘rilarning qo‘llari kesilmoqda, nasorolardan jizya olinmoqda, iblisga ibodat qiladigan yazidiya toifasi qirib tashlanmoqda, jurnalist qiyofasidagi kufr josuslarining boshlari uzilmoqda”.

"O‘IH zaiflashgan"

O‘IH “Islomiy davlat”ga moyilligi aks etgan bayonot harakatning zaiflashganidan dalolatdir, deydi tahlilchilar.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati tahlilchilaridan biri Interfax muxbiriga aytgandi.

Unga ko‘ra, moliyaviy ta‘minoti tugab bo‘lgan O‘IHning Iroq va Suriyada bir qancha hududlarni ishg‘ol etib, aholiga zug‘um o‘tkazayotgan “Islomiy davlat”ga qo‘shilishdan boshqa chorasi qolmagan.

“O‘IH Afg‘onistonda aholi dastagini yo‘qotib bo‘lgan, chunki bu harakat qattolligidan tinch aholi aziyat ko‘rmoqda”, deb ta‘kidlagandi MXX rasmiysi.

Lekin, O‘IH "Islomiy Davlat" bilan ittifoqqa kirishishi uning kuchayishini kafolatlamaydi, dedi MXX tahlilchisi.

O‘IH haqidagi kitob muallifi¸ pokistonlik jurnalist Ahmad Rashid Ozodlik bilan suhbatda bu holat kuchsizlangan harakatning "piligi ko‘tarilib", Markaziy Osiyo uchun yangidan tahdid manbaiga aylantirishi mumkinligini aytgan edi.

O‘IH haqida

1993 yili O‘zbekistondan qochgan Tohir Yo‘ldosh 1996 yili O‘zbekiston Islomiy Harakatini tuzdi.

O‘IH 1999 yilda Tojikistonning Jirg‘atol tumanida qo‘nim topdi va o‘sha yerdan Qirg‘izistonning Botkent viloyatiga hujum uyushtirdi.

Bu hujumlarni biz uyushtirdik, deb tan olgan edi Tohir Yo‘ldosh o‘zi tayyorlagan targ‘ibot filьmlaridan birida.

2009 yili 27 avgust kuni Tohir Yo‘ldosh Vaziristonda AQSh dronidan otilgan raketadan yaralanib, ko‘p o‘tmay shifoxonada jon taslim qildi.

2012 yilda esa, uning o‘rniga tayinlangan kuyovi Usmon Odil ham xuddi shu tarzda halok etildi.

O‘shandan buyon O‘IHga Usmon G‘oziy rahbarlik qilmoqda.

XS
SM
MD
LG