Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:57

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Arab bahori”, bemazhablar va IShID haqida


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Ochiq xat" kitobi muqovasi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Ochiq xat" kitobi muqovasi.

Shu kunlarda Toshkentda marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Ochiq xat” kitobi sotuvga chiqishi kutilmoqda. Bu allomaning hayotligi chog‘i dunyo yuzini ko‘rgan so‘nggi asarlardan biri sanaladi. Muallif kitobda keyingi chorak asrda musulmon olamida ro‘y berayotgan muhim siyosiy voqealarga ochiq-oshkora munosabat bildirgan. Quyida kitobdan ayrim parchalar taqdim etilmoqda.

Musulmon olamini g‘ussaga to‘ldirayotgan voqealar haqida

“Hozirgi kunimizda musulmon olamida sodir bo‘layotgan hodisalarni ko‘rib, eshitib, o‘qib, o‘rganib borar ekanman, afsus-nadomat chekib, yurak-bag‘rim o‘rtanadi. Birin-ketin kelayotgan xabarlardan, musulmon olamini tashvishga, g‘am-g‘ussaga to‘ldirayotgan mudhish hodisalardan hasratga to‘laman. Bir-biridan ayanchliroq, bir-biridan dahshatliroq xabarlar esa tinimsiz, har kuni, har soatda ketma-ket kelaveradi”.

Musulmon o‘z dindoshini o‘ldirayotgani haqida

“Ajabo! Odamlarga nima bo‘lgan?! Musulmonlarga nima bo‘lgan?! Musulmon musulmonni ayovsiz o‘ldirmoqda! Musulmon musulmonni talamoqda! Musulmon musulmon yurtlarni vayron qilmoqda! Musulmon musulmonning masjidini portlatmoqda! Musulmon musulmonning yurtini vayron qilmoqda! Musulmon musulmonning....

Hasrat va nadomat ila o‘yga tolaman... Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Bu ishlarning sababi nima? Avvallari ham shunday bo‘lganmi? Bu ayanchli holatning nihoyasi bormikan? Nima qilmoq kerak?”

Afg‘oniston urushi va jihodchilikning yoyilishi haqida

“Menimcha, musulmon olamida bugungi kunda hammani tashvishga solgan terror va unga bog‘liq hodisalarning bir tarafi Afg‘onistondan boshlandi. Sovet ittifoqi davlati bu yurtga o‘z harbiy qo‘shinlarini kiritib, bu ishini Afg‘oniston rasmiy hukumatining iltimosiga binoan baynalmilal burchni ado etish, deb izohladi. Boshqalar esa Sovet ittifoqining Afg‘onistonga qurolli bosqini deb atadilar.

Kapitalistlar musulmon diyorlarda Islomning ta‘sir kuchini yaxshi bilganlari uchun bu ishga diniy ruh berishga qattiq urindilar. O‘zlariga yaqin musulmon davlatlarni sovetlarga qarshi jihod e‘lon qilishga chaqirdilar. Shunday bo‘ldi ham”.

1990-yillarga paydo bo‘lgan chalasavod jihodchilar haqida

“Hamma tarafda jihod qilish va Islom davlati tuzish haqida gap-so‘z, yozib-chizish ko‘payib ketdi. Hammasini jamlab, birorta kichikroq korxonaga rahbar qilib qo‘yilsa, boshqara olmasliklari aniq kimsalar butun dunyo bo‘yicha hukm suradigan davlat qurish haqida bong urar edilar. Islomdan bir-ikkita narsani o‘rganib olib, o‘zini bilimdon sanagan bu chalasavodlar o‘zlariga nasihat qilmoqchi bo‘lgan olimlarni kofirdan olib kofirga solishar, ularni Islomga qarshi chiqishda ayblar edilar”.

Tolibon haqida

“Na siyosatda, na islomiy ilmlarda tuzukroq savodi bo‘lmagan tolibonlar bu borada o‘zlaridan ham no‘noq bo‘lgan mujohidlarga shogirdlikka ham yaramas edilar. Ular o‘zlarining Islom borasidagi savodsiz tushunchalari bo‘yicha ish yuritib, hammaga kulgi bo‘ldilar. Eng achinarlisi, Islomning obro‘siga futur yetkazdilar”.

Sobiq ittifoq davlatlariga bemazhablarning kirib kelishi haqida

“Aslida ko‘pchilik aholisi hanafiy mazhabida bo‘lgan, diniy bilimlardan uzoq vaqt mahrum bo‘lib, endi imkoniyat tug‘ilishi bilan dinini o‘rganishga kirishgan bu mintaqani bemazhablar o‘z faoliyalari uchun qulay joy deb bildilar. Ularning vakillari turli yo‘llar bilan mazkur musulmonlar orasiga suqilib kirib, juda ustalik bilan ish olib bordilar. Misol uchun, xalqaro islomiy tashkilotlar va yakka shaxslar tomonidan taqdim qilingan moliyaviy yordam uchun ochiqchasiga bemazhablikni shart qilmasalar ham, voqelikda bemazhablikni tanlaganga yordam berib, tanlamaganni chetlata boshladilar”.

Ulamolarning kechikkani haqida

“Bemazhab va takfirchilarning, ya‘ni odamlarni kofirga chiqaruvchilarning Islom davlati, jamiyat muammolari va boshqa bu kabi masalalarda aytgan gaplariga bizda ham, chet elda ham ulamolar tomonidan javob berish bir oz kech qoldi”.

“Arab bahori” haqida

“Arab bahori” nomini olgan qahraton qish sababli Suriya, Misr, Liviya, Tunis, Yaman va boshqa davlatlarda fuqarolar urushi boshlandi va avj oldi. Mazkur mintaqalarda ko‘plab aholi halok bo‘ldi va bo‘lmoqda. Shahar-qishloqlar vayron bo‘ldi va bo‘lmoqda. Xotinlar tul, bolalar yetim qoldi va qolmoqda... Bu alamni hodisalarda ham urush harakatlarini asosan bemazhab va takfirchilar olib bordilar”.

Takfirchilar ulamolarni o‘ldirgani haqida

“Rossiyada oxirgi ikki-uch yilda qirqdan ortiq imom, muftiy va ulamolarni otib, portlatib o‘ldirishdi.

O‘zbekistonda ba‘zi diniy xodimlarni o‘ldirishdi, ba‘zilarini yarador qilishdi”.

Taniqli shayxning portlatib yuborilishi haqida

“O‘tgan yili takfirchi va bemazhablar juda ham katta jinoyatga qo‘l urishdi. Ular Damashqdagi “Iymon” nomli masjidda shar‘iy ilm talabalari va oddiy mo‘minlarga Qur‘oni Karim tafsiridan dars o‘tib turgan ulug‘ alloma shayx Muhammad Sa‘iyd Ramazon Butiy hazratlarini va bir necha kishini portlatib yuborishdi”.

IShID va uning rahbari haqida

“AQShlik muxbir va yozuvchi Makveyning “Ash-Sharqul avsat” gazetasida yozgan maqolasida IShID tarixi haqida so‘z yuritilgan. Uning yozishicha, Iroqdagi Buku nomli qamoqxonada yigirma to‘rt ming nafar mahbus bo‘lgan. Mazkur mahbuslar orasida IShIDning ko‘pchilik rahbarlari ham bo‘lgan. Jumladan, Abu Bakr Bag‘dodiy ham u yerda besh yil o‘tirgan. O‘sha yerda Iroqning sobiq raisi Saddam Husaynning partiyasi – Arab uyg‘onish partiyasining faollari va a‘zolari ham bo‘lgan. Mazkur qamoqxona ikki taraf uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tagan. Bag‘dodiyning odamlari Saddamning odamlaridan tashkilotchilik va ish yuritishni o‘rganishgan. Saddamning odamlari Bag‘dodiyning odamlaridan “shariat bo‘yicha ish yuritish” va takfirdan dars olishgan... Qamoqxona degan “oliy o‘quv yurti” tugatilganidan keyin uning bitiruvchilari olgan “ilm”larini hayotga tatbiq qilishni boshlaganlar”.

Fojialarning asosiy sababi haqida

“Bu salbiy va noxush holatlarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa bir qancha sabablari bor. Bu barcha tan olgan haqiqatdir. Ammo achchiq bir haqiqatni ta‘kidlab aytishimiz lozim. U ham bo‘lsa, musulmonlar ichida Islomni tartibli ravishda va kerakli uslubda mutaxassis ustozlardan o‘rganmaslikdir. Yana bir sababi – biryoqlamalik, odobsizlik va dinda chalasavod odamlarning o‘z xohishlari asosida dinda g‘uluvga ketishlaridir”.

Shuhrat talashayotgan “alloma”lar haqida

“Islomni hayotga tatbiq qilishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning yo‘lini tutgan ulug‘ mujtahid imomlarni ilmsizlikda ayblash va Qur‘oni Karim va Sunnatga amal qilishni o‘ziga niqob qilib olib, shuhrat talashish, musulmonlar ommasini kofirga chiqarish, turli urush-janjallarga o‘ch bo‘lish kabi narsalar ham xuddi o‘sha chalasavodlarning allomalikni da‘vo qilishlaridan kelib chiqqandir”.

Ijtimoiy tarmoqlarga uya qurgan o‘zboshimcha toifa haqida

“Hozirgi kunimizda dinimizni yaxshi o‘rganmagan, ustozlardan yetarli dars olmagan, diniy o‘quv muassasalarida tahsil olmagan o‘zboshimcha kishilar o‘zlariga turli ishlarni ravo ko‘rmoqdalar. Jihod va xalifalik e‘lon qilishdan tortib, mo‘min-musulmonlarni fosiq, bid‘atchi, kofirga chiqarish, ularni qatl qilishga fatvo berish va boshqa bedodliklarni amalga oshirmoqdalar... Mazkur nusxalar bu borada imkonlari boricha barcha vositalardan foydalanmoqdalar. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga uya qurib olganlar”.

Ig‘vogarlarga asosli raddiya berish haqida

“Ahli ilmlar ham bu sohada faol bo‘lishlari, kishilarning diniy ilmlar borasidagi ehtiyojlarini qondirishga harakat qilishlari lozim. Ig‘vogarlarning og‘ziga urish, ularning noto‘g‘ri gaplariga ilmli ravishda, dalil-hujjatlar asosida raddiya berish, ko‘pchilikka ularning kirdikorlarini fosh qilish lozim. Toki hamma ulug‘ dinimiz haqida to‘g‘ri ma‘lumotga ega bo‘lsin!”

Ozodlik mushtariyi tayyorladi

P.S. “Hilol nashr” nashriyoti chop etgan kitobga IShID terrorchi guruhiga qarshi dunyoning 126 nafar yirik ulamosi yozgan maktub ham ilova qilingan. Maktub mualliflari orasida joriy yil 10 mart kuni 63 yoshida vafot etgan shayx hazratlari ham bor.

XS
SM
MD
LG