Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 23:19

To‘rtko‘lda yetti avlod ko‘rgan To‘ti Yusupova vafot etdi​


To‘rtko‘llik To‘ti Yusupova 135 yoshida vafot etdi.
To‘rtko‘llik To‘ti Yusupova 135 yoshida vafot etdi.

Aniq yoshi ilmiy jihatdan o‘rganilmagan to‘rtko‘llik To‘ti momo¸ yaqinlari iddaosicha¸ 135 yoshida olamdan o‘tdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ chevaralarining yoshi 60 dan oshgan momo janozasida Qoraqalpog‘iston rahbarlari ham qatnashgan.

“Erkin Qaraqalpaqstan” gazetasi xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida 135 yoshli To‘ti momo Yusupova vafot etgan.

Pasportida 1880 yilda tug‘ilgan¸ deb yozilgan To‘ti momoning bu yoshga yetgani olimlar tomonidan tasdiqlanmagan.

Ammo momo nevaralarining aytishlaricha, unga yettinchi avlodini ham ko‘rish nasib qilgan.

Ozodlikning To‘rtko‘ldagi manbalariga ko‘ra, momoning ma‘rakasiga Qoraqalpog‘iston hukumati mulozimlari, mahalliy davlat hokimyati vakillari kelishgan.

“Janozaga Jo‘qorg‘i Kengesning raisi keldi, tuman akimlari onaxonning ma‘rakasida qarindoshlarning yonida turdi deb eshitdik. Gazeta xabarida onaxonning vafoti sanasi bilan bog‘liq sanaga aniqlik kiritilmagan. Holbuki, bizning bu voqea haqida eshitganimizga 3-4 kun bo‘lib qoldi”, deydi manba 1 aprel kuni.

Ozodlik muxbiri shu yilning 30 yanvarida To‘ti momoning xonadoni bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgandi.

Momoning chevaralaridan biri, 52 yoshli Hosilbek aka o‘shanda momoning ahvolini yaxshi deb ta‘riflagan¸ biroq uning telefonda gapira olmasligini aytgan edi:

- Enamiz o‘zlarini yaxshi his qilayapti. O‘tgan kunlarini hozir ham yaxshi eslaydi. Nevara-chevaralari kelsa, ularni taniydi. Gaplashib o‘tiradi, duo qiladi, degan edi o‘tgan yili Hosilbek aka.

Suhbatdoshning aytishicha, momoga yettinchi avlodini ham ko‘rish nasib qilgan:

- Enamizning bir qizi bo‘lgan¸ xolos. Hozir u enamiz ham qaytish qilganlar. Nevara va chevara, evaralarning esa son-sanog‘i yo‘q, qariyb to‘rt yuz nafarga yetdi, shekilli. Mening katta akam, ya‘ni enamizning chevarasi O‘rinboy akam 62 yoshga kirdilar, dedi Hosilbek aka.

2008 yilda Ozodlik radiosi bilan qilgan suhbatida To‘ti momo farzand va nevaralarini opichlab katta qilgani, qo‘l tegirmonida bug‘doyni un qilib, bolalariga non yopib bergani haqidagi xotiralarini hikoya qilib bergan edi.

Ko‘hna To‘rtko‘l ovul fuqarolar yig‘ini raisi Ikrom Beknazarov ularning ovulida shunday tabarruk inson yashayotgani bilan faxrlanishini Ozodlikka aytgan edi:

- To‘ti enamiz bizning faxrimiz. Bir nevarasi maktab direktori, bir nevarasi bog‘bon. Yetti avlodi bor degan gap haq gap. Buncha yoshni ko‘rish har kimga nasib qilmaydi. Biz o‘z tomonimizdan onaxonning holidan xabar olib turibmiz. Xudo umrlarini bersin, dedi Ikrom Beknazarov.

2010 yilda “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi To‘ti Yusupova haqida “Uch asrning guvohi” nomli hujjatli filmni suratga olgan edi.

Bu hujjatli filmda To‘ti momo masjidga qatnagani uchun hamqishlog‘ining qamalgani, boshqa bir hamqishlog‘ining esa diniy kitoblarni saqlagani uchun otilgani va boshqa tarixiy voqealar haqida gapirib bergan.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari 1 aprel kuni Ginnes rekordlar kitobida dunyoning eng keksa odami deb e‘tirof etilgan yaponiyalik Misao Okavaning 117 yoshida olamdan o‘tganini e‘lon qildi.

To‘ti momo Yusupovaning yoshi pasport bo‘yicha undan qariyb 20 yilga katta bo‘lsada, momoning yoshi gerontologik tadqiqotdan o‘tkazilmagan.

“Nuroniy” jamg‘armasi ma‘lumotiga ko‘ra, aholi soni 31 milliondan oshgan O‘zbekistonda 8700 nafar 100 yoshdan oshgan keksalar bor. 90 yoshdan oshganlar 44 ming kishini, saksonboylar esa 225 ming kishini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG