Линклар

logo-print

Umar Farrux: Men Rashodxon qori haqida maqola yozmoqchi edim​


Qirg‘izistondan deportatsiya qilingan birinchi xorijlik jurnalist Umar Farrux.

Qirg‘izistondan deportatsiya qilingan birinchi xorijlik jurnalist Umar Farrux.

AQShlik mustaqil jurnalist Umar Farrux diniy esktremistlikda ayblanib qamalgan taniqli imom Rashodxon Kamolov haqida maqola yozish uchun material to‘plagani ortidan 25 mart kuni O‘shda qo‘lga olinib, 28 mart kuni Qirg‘izistondan deportatsiya qilinganini aytdi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga suhbat bergan Umar Farruxning aytishicha, O‘sh militsiyasi uni 25 mart kuni qo‘lga olgan va 24 soat davomida uy qamog‘ida saqlagan. Ertasi kuni esa unga ayblov bildirishili aytilib, sud ehtiyot chorasini belgilaguniga qadar 48 soat Milliy xavfsizlik hibsxonasida saqlangan.

- Menga qarshi ikki moddaga asosan jinoyat ishi ochishdi. Birinchi modda bilan meni ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, ikkinchi moddaga asosan ekstremistik materiallarni olib yurishda ayblashdi. Ammo sudga borganimda bu ikki modda mendan olib tashlandi hamda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tmay turib faoliyat yuritgan, degan ayblov bilan menga ma‘muriy tarzda jazo belgilandi. Sudning 28 martdagi hukmi bilan meni Qirg‘izistondan deportatsiya qilishdi, - dedi Umar Farrux.

Uning aytishicha, militsiya xodimlari uning sumkasiga hibsda saqlanayotgan Rashodxon qori Kamolovning Suriyadagi vaziyat haqida gapirgan videosi yozilgan DVD disklarni solib qo‘ygan va Milliy xavfsizlik xizmatida o‘tkazilgan tintuv paytida Farrux sumkasidan mana shu disklar topilgan. Mana shu asosda huquq – tartibot tuzilmalari uni ekstremistlikda ham ayblashgan.

-Menda faqat “Bir dunyo Qirg‘iziston” tashkilotidagi advokatlardan olgan qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlar bor edi. Bu hujjatlar “Hizbut Tahrir” liderligida va Suriyaga odamlarni jihod qilishga uringanlikda ayblanib hisbda saqlanayotgan imom Rashodxon Kamolov bilan bog‘liq bo‘lgan. Men Rashod qori Kamolov haqida maqola yozish niyatida edim, -dedi Umar Farrux.

Umar Farrux Qirg‘izistonda qo‘lga olingan, hibs qilingan va mamlakatdan deportatsiya qilingan birinchi xorijlik jurnalist bo‘ldi. Umar Farrux bahonasida Milliy xavfsizlik xizmati “Bir dunyo Qirg‘iziston” nodavlat tashkiloti ofisida va etnik o‘zbeklar himoyasi bilan shug‘ullanib kelgan advokatlar Husanboy Soliyev hamda Valerian Vaxitovlarning uylarida ham tintuv o‘tkazgan.

Advokatlarning aytishicha, tintuv natijasida, jumladan, Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan pora talab qilish, milliy ozchilik vakillarini kaltaklash bilan bog‘liq jinoyat ishlari yuzasidan to‘plangan advokatlik surishtiruvi natijalari musodara qilingan.

Umar Farrux maqola yozmoqchi bo‘lgan Rashodxon Kamolov esa O‘sh viloyat Qorasuv shahridagi Saraxsiy masjidining imomi bo‘lgan. U nafaqat qirg‘izistonliklar orasida, balki O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida ham taniqli shaxslardan biri edi. Uning amru ma‘ruflarini tinglagani juma namoziga O‘zbekistondan ham yuzlab odamlar kelar edi.

Rashodxon Kamolovning uyida 9 fevral kuni tintuv o‘tkazilgan va o‘zi militsiyaga olib ketilgan edi. Rashodxon Kamolov Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining 299-moddasi asosida ekstremistik faoliyatda gumonlanmoqda. 11 fevralda O‘sh shahar sudi Kamolovni tergov tugagunga qadar ehtiyot chorasi sifatida ikki oy hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.

Biroq Qirg‘iziston parlamenti deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li hibsga olingan imom-xatibini himoya qilib, hukumatga so‘rovnoma kiritgan. Deputat imom-xatib Rashod qori Kamolovga rasman ayblov e‘lon qilinmay turib, matbuotda uni ekstremizm yoki terrorizmda ayblash hollari uchrayotgani, bundan tashqari, biror asossiz ayblov yoki noqonuniy harakat uning jamoatida keskin norozilikka sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

XS
SM
MD
LG