Линклар

O‘tgan yili “Islomiy Davlat” guruhiga aloqador hakerlar 600 rus saytiga hujum qilgan. Bu haqda Rossiyada joylashgan va onlayn jinoyatlarni oldini olish hamda o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi Group-IB shirkati 25 mart kuni xabar tarqatdi.

Group-IB hujumga uchragan saytlar orasida banklar, qurilish shirkatlari, davlat tashkilotlari, hatto maktablar va shimoliy Uralda joylashgan mahalliy muzey sayti borligini bildirdi.

Group-IB tarqatgan hisobotda aytilishicha, rus saytlariga uyushtirilgan hujumlarda “Islomiy Davlat”ni dastaklovchi bir necha hakerlar guruhi ishtirok etgan. Bular orasida “KiberXalifalik” bilan birgalikda o‘zini Team System Dz, Global Islamic Caliphate va FallaGa Team deb atovchi guruhlar bor.

Group-IB tadqiqotida ishtirok etgan Ilya Sachkov Ozodlik radiosi bilan suhbatda “Islomiy Davlat”ni qo‘llovchi guruhlar shu kungacha sodda hakerlik usullaridan foydalanganini aytdi.

Ammo Sachkov fikricha, Rossiya va boshqa yerdagi korxona va hukumatlar “Islomiy Davlat” hakerlarining qobiliyatlariga yetarlicha baho bermasa, xato qiladilar.

Sachkovga ko‘ra, “Islomiy Davlat”ni dastaklovchi hakerlar kelajakda yana hujumlar uyushtirish uchun yangi uslublarni hamda yangi zararli dasturlarni izlamoqdalar.

Sachkov “Islomiy Davlat”ni qo‘llovchi hakerlar soni tobora ortib borayotganini qo‘shimcha qildi.

“Hozir “Islomiy Davlat” hakerlarining sodda hujumlardan murakkab hujumlarga o‘tishi xavfi bor”, – dedi Sachkov.

Uning aytishicha, jangari guruhni dastaklovchi guruhlar faqat rus saytlariga hujum qilayotgani yo‘q.

“Endi “Islomiy Davlat” har qanday mamlakatga hujum qiladi. Ularning maqsadi hujum uyushtirib, e‘tibor qozonish va vahima ko‘tarishdir”, – dedi Sachkov.

Rus saytlarga qarshi hujumlarni amalga oshirgan hakerlar Rossiya ichida yoki tashida ekani noma‘lum.

Sachkov huquq-tartibot idoralarini hujumlarni uyushtirganlar orasida Rossiya fuqarolari bor-yo‘qligini aniqlashga undayotganini aytdi.

“Islomiy Davlat”ni qo‘llovchi hakerlar boshqa mamlakatlarga ham hujum qilib keladi.

O‘zini “KiberXalifalik” guruhi a‘zolari sifatida ko‘rsatuvchi hakerlar bir qancha g‘arb saytlariga hamda ijtimoiy tarmoq hisoblariga hujum qilgan. Yanvarь oyida bu hakerlar AQSh Harbiy kuchlari markaziy qo‘mondonligining YouTube hamda Twitter hisoblarini buzib, shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

“KiberXalifalik” yangilik agentliklari hisoblariga ham hujum qilib keladi. Fevral oyida guruh hakerlari Newsweek nashrining Twitter hisobiga hujum uyushtirib, unga qora bayroq va jangari suratini yukladilar.

O‘tgan haftada esa o‘zini “Islomiy Davlat hakerlik bo‘limi” deb atovchi guruh hakerlari 100 nafar AQSh harbiysining ismi va adresi berilgan ro‘yxatni e‘lon qilib, jangari guruhni qo‘llovchilarni bu harbiylarni o‘ldirishga chaqirdi.

Hujumlar vahima ko‘targan bo‘lsa-da, “Islomiy Davlat”ni qo‘llovchi hakerlarning qobiliyatlari haqida savollar ko‘paydi.

“Islomiy Davlat hakerlik bo‘limi” ism va adreslarni AQSh hukumat saytlarini buzib olganini iddao qilgan bo‘lsa ham, guruh Pentagon saytiga hujum qilgani yo‘q. The Daily Beast nashriga ko‘ra, bu “hakerlar” aytilgan ma‘lumotlarni Google qidiruv tizimi yordamida topgan, xolos.

Nashrning xabar berishicha, ismi ro‘yxatga kiritilgan harbiylarning kamida uchdan ikki qismi haqida AQSh Mudofaa vazirligining ommaviy saytlarida ma‘lumot berilgan.

Mudofaa vazirligi rasmiysi Daily Beast bilan qilgan suhbatida ko‘rsatilgan adreslarning ba‘zilari xato ekanini, ismi aytib o‘tilgan bir harbiy esa armiyada boshqa xizmat qilmayotganini aytgan.

Joanna Parasyuk qalamiga mansub ushbu maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG