Линклар

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida Rossiyadan deportatsiya bo‘lgan mehnat muhojirlari mahalla oqsoqoli va o‘zini tanishtirmagan rasmiy tomonidan so‘roq qilinyapti. Ozodlik manbalariga ko‘ra, rasmiylar shuningdek, uyma-uy yurib ota-onalardan xorijdagi farzandlarini uyga qaytarishni talab qilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on tumaniga qarashli Kattako‘rpa qishloq fuqarolik yig‘inida mahalla oqsoqoli, posboni va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan kelgan shaxs Rossiyadan deportatsiya bo‘lgan mehnat muhojirlarini so‘roq qilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan mehnat muhojirlaridan birining aytishicha, rasmiylar ulardan Rossiya hududidan nima sababdan chiqarilib yuborilgani bilan qiziqmoqda:

"Men ham Rossiyadan deport bo‘lib kelgan edim. Kuni-kecha mahalla oqsoqoli, posbon va fuqarolik kiyimidagi bir kishi kelib meni rosa so‘roq qilishdi. Nima sababdan seni deport qilishdi, qanaqa jinoyat qilganding¸ deb rosa ensamni qotirishdi. Men registratsiya muddatim o‘tib ketgani uchun desam ham, balki boshqa sababi bordir, to‘g‘risini ayt, bo‘lmasa pushaymon bo‘lasan deb, po‘pisa ham qilishdi", dedi mehnat muhojiri.

Suhbatdoshga ko‘ra, bundan tashqari Kattaqo‘rg‘on tumanidagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida Rossiyadan deport bo‘lganlar mahallaga chaqirilib, majlislarda so‘roq qilinmoqda:

"Har kuni 15-20 nafar mehnat muhojirlari chaqirilib majlis qilinayapti. Meni yana chaqirishgan edi, bugun bormadim", dedi mehnat muhojiri.

Kattako‘rpa qishloq fuqarolik yig‘inidagi mahallla faollaridan biri, haqiqatan ham Rossiyadan deport bo‘lib qaytgan mehnat muhojirlari so‘roq qilinayotganini tasdiqladi:

"Oqsoqolimizning aytishicha, yuqoridan shunaqa buyruq kelgan. Mehnat muhojirlarining nima sababdan deport bo‘lganini aniqlashimiz kerak ekan. Grajdanskiy formadagi bir odam ham kelgan. Bunday ma‘lumot nima uchun kerakligini aytishmayapti, shunchaki so‘rab-surishtirib, ma‘lumot to‘plab beryapmiz. Bundan tashqari, mehnat muhojirligiga ketgan odamlarning uylariga borib, ota-onalaridan ularni ortga qaytarishini iltimos qilyapmiz", dedi mahalla faoli.

O‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahridagi majlisda xorijdagilarni O‘zbekistonga qaytarish va ularni ish bilan ta‘minlash borasidagi topshirig‘idan so‘ng mahallalarda targ‘ibot va tashviqot ishlari avj olgan edi.

O‘zbekistonning Farg‘ona, Andijon, Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham mehnat muhojirlarini qaytarish tadbiri bo‘layotgani haqida Ozodlik manbalari xabar qilgan.

Rossiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilinganlarga qanday muammmolar bor yo‘qligi haqida Ozodjavob dasturida batafsil ma‘lumot ham berilgan.

XS
SM
MD
LG