Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:49

Rossiyada Stalin tarafdorlari ko‘paymoqda​


Rossiyaning “Levada” ijtimoiy so‘rov markazi olib borgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning Stalin shaxsiga bo‘lgan mehr-muhabbati va hurmati oshib borayotgani kuzatilmoqda.

So‘rovda ishtirok etgan 57 foiz rossiyalik SSSR diktatori Iosif Stalin "davlat jinoyatchisi" deb e‘lon qilinganiga qarshi ekanini bildirgan bo‘lsa, yana 45 foizi Sho‘rolar davridagi millionlab qatag‘on qurbonlarini “tarixiy zarurat” o‘laroq e‘tirof qilgan.

Ijtimoiy so‘rov natijalaridan xavotirga tushgan huquq himoyachilari buni Rossiya hukumati so‘nggi paytlarda avj oldirib yuborgan tashviqot-targ‘ibot ishlari natijasi sifatida qabul qilinishi kerakligini aytmoqda.

Levada markazi: Rossiyada Stalin shaxsiga sig‘inuvchilar soni ko‘paymoqda

Joriy yilning mart o‘rtalarida “Levada” ijtimoiy so‘rov markazi Rossiyaning 46 mintaqasida olib borgan tadqiqoti Rossiya jamiyatida jiddiy siyosiy va ijtimoiy qarashlar o‘zgarishi ro‘y berayotganini yaqqol namoyish etdi.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga muvofiq, rossiyaliklarning 45 foizi Stalin davridagi qatag‘onlarni oqlaydi. Vaholanki, 2012 yilda Stalin tarafdorlari soni roppa-rosa ikki barobar kam bo‘lgan. Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan 57 foiz rossiyalik SSSR diktatori Iosif Stalin "davlat jinoyatchisi" deb e‘lon qilinganiga qarshi ekanini bildirgan.

“Levada” so‘rovi ishtirokchisi bo‘lgan 25 foiz rossiyalik Stalin o‘limini fojea sifatida qabul qilishi, 37 foizi esa sovet diktatoriga G‘alaba 70 yilligi munosabati bilan haykal o‘rnatish tarafdori ekanini bildirgan.

“2000 yillar boshlarida Stalinga salbiy munosabatda bo‘lganlar soni ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib so‘ralganlarning aksari (39 foiz) uning faoliyatini ijobiy baholamoqda. Jumladan, 30 foiz rossiyalik uni hurmat qilishi, 7 foiz – xush ko‘rishi, 2 foiz – unga tasanno aytishini bildirdi”, deya xulosa qiladi so‘rovni olib borgan mutaxassislar.

Shunga qaramasdan, 46 foiz respondent Stalin o‘limi ortidan mamlakatda ommaviy qatag‘onlar va terror yakunlanganini qayd etgan (2013 yilda bu ko‘rsatkich 55% tashkil etgandi). Rossiya fuqarolarining 6 foizigina so‘rov chog‘ida sovetlar hukmdoridan qo‘rqishi va 5 foizigina nafratlanishini bildirgan.

“Levada” markazi mutaxassislari “xalqlar otasi” shaxsiga mehr-muhabbati oshib-toshayotgan fuqarolar sonining eng yuqori nuqtasi 2014 yilda qaydga olinganini ham qayd etgan.

“Bu olib borilayotgan siyosat natijasi!”

Sovet tuzumi qatag‘onlari qurbonlari nomlarini nomma-nom tiklashga urinayotgan “Memorial” inson huquqlari jamiyati raisi Arseniy Roginskiy bu xususda o‘z tashkiloti nomidan jiddiy xavotir bildirdi.

Kuzatuvchilar so‘nggi yillarda Iosif Stalin shaxsiga bo‘lgan munosabat iliqlashib borayotgani qayd etilayotganini ta‘kidlab kelmoqda.

Rossiyada bo‘layotgan bu o‘zgarishlar jarayonida 1 aprel kuni Stavropol hokimiyati shaharning Lenin maydonini Stalin maydoniga aylantirish va unda Stalin haykalini tiklash masalasini kun tartibiga qo‘ydi.

Shu yilning fevral oyida esa Qrimning Yaltasida “Katta uchlik” – Cherchill , Ruzvel t va Stalinga haykal o‘rnatilishida Rossiya Davlat Dumasi va hukumati vakillari ishtirok etdi.

Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy boshchiligidagi Rossiya harbiy-tarixiy jamiyati, Rossiya kommunistik partiyasi hamda Rjev tuman ma‘muriyati diktator bir kecha tunagan Rjevdagi yog‘och uyda Stalin muzeyini ochishmoqchi. Stalin tashrifiga bag‘ishlangan ko‘rgazma 2000 yili Putin prezident bo‘lganidan keyin darhol tiklangan edi.

“Levada” tahliliy markazi direktori, taniqli sotsiolog Lev Gudkov Ozodlik bilan suhbatda so‘rovning bunday natijalarini bevosita Vladimir Putin olib borayotgan siyosatga bog‘ladi.

- Bu so‘nggi 15 yil davom etayotgan Stalinni oqlash siyosati natijasidir. Eslatib o‘taman, 1999 yilning 9 mayida Putin Stalin uchun qadah ko‘targan. Stalinni ulug‘lash G‘alabaning 60 yilligi arafasida eng yuqori nuqtaga yetdi. Har holda, Stalin davrini reabilitatsiya qilish asta-sekinlik bilan va izchil davom etmoqda. O‘tgan yili biz birinchi marotaba Stalinni 52 foiz odamlarimiz xush ko‘rayotganini qaydga oldik. Birinchi marotaba ko‘pchilik “Stalin mamlakat uchun yomonlikdan ko‘ra yaxshilikni ko‘proq qildi”, degan fikrga keldi, - deya munosabat bildirdi “Levada” direktori Lev Gudkov.

Siyosatshunos Aleksandr Morozov kuzatuvlariga ko‘ra, “xalqlar otasi”ni oqlash tendentsiyasi oxirgi 7-8 yilda ayniqsa ko‘zga tashlanib qolgan.

Shunga qaramasdan, u Rossiya xalqi ongidagi bunday jiddiy o‘zgarishlar boshqa omillar bilan ham bog‘liq, deydi.

- Biz, albatta, bu yangilikdan hayron qolganimiz yo‘q. Birinchidan, Stalin nomini tiklash anchadan buyon davom etib kelmoqda. Esingizda bo‘lsa, “Rossiya nomi” dasturida bu shaxs mamlakatimiz taraqqiyotiga eng ko‘p hissa qo‘shganlar qatoriga kiritildi. 7-8 yillik faol harakatlar bo‘ldi - mana sizga natija. Biroq aholi johillashib borayotgani Stalin shaxsiga qiziqishni uyg‘otdi, deyish ham noto‘g‘ri bo‘lardi. Tarixiy hodisa uzoqlashgani sayin bu voqealarga jamoatchilik fikrining yumshashi ham kuzatilishi tabiiydir. Shunchaki, ommaga "bo‘layotgan tartibsizliklarga faqat “qattiqqo‘l hukmdor” barham berishi mumkin”, degan fikr singdirilmoqda, - deydi Aleksandr Morozov.

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha Kengashda qilgan chiqishida taniqli jurnalist Nikolay Svanidze ahloqiy nuqtai nazardan Stalinni oqlash amaliyoti millionlab odamlar xotirasiga oyoq qo‘yish bilan barobar ekani va jamiyatni yana parchalanishiga olib kelishidan ogohlantirdi.

O‘tgan haftada “Yabloko” partiyasining Yoshlar qanoti Moskvada “Qurbonlarni yoddan chiqarib, siz o‘zingiz jallodga aylanyapsiz!” shiori ostida Stalinga qarshi aktsiya o‘tkazdi.

Muhojirlar Stalin to‘g‘risida

Ozodlik Iosif Stalinga Rossiyadagi mehnat muhojirlari munosabatini ham bilish istagida “Stalinga qanday munosabatdasiz?” savoli bilan murojaat qildi.

Ozodlik olib borgan so‘rovda ishtirok etgan o‘zbeklarning aksar qismi ham Stalin “ijobiy tarixiy shaxs” ekanini gapirdi. Moskvada savdogarlik qilayotgan G‘olib – “stalinchi”lardan:

- Meni yoshim kichkina – Stalin davrida nima voqea bo‘lgan bilmadimu, maktablarda “qattiqqo‘l” deb eshitganman. “Novosti”lardan ko‘raman, kimdir aytadi “Shuning siyosati yaxshi bo‘lgan”, deydi. Bilishimcha, shu odam qattiqqo‘l, davlatni yaxshi olib borgan, - deydi G‘olib.

Lekin muhojirlar orasida muqobil fikrga ega bo‘lganlar ham yo‘q emas. 25 yoshli Jahongir Stalin ayniqsa o‘zbek xalqiga katta talafotlarni keltirgan johil hukmdor sifatida bilishini aytadi.

- Men institutda o‘qimaganman, 25 yoshdaman. Stalin o‘zbek xalqining orqaga ketishiga sababchi bo‘lgan odam. O‘zbekistonga haykal qo‘ymoqchi bo‘lsa, men qarshiman! Rossiyada Germaniya bilan bo‘lgan urushda xizmat ko‘rsatgani, Rossiya uchun ko‘p foyda keltirgani uchun ulug‘lashadi. Ammo urushni Stalinsiz ham yengsa bo‘ladi, lekin ruslar shunday deb o‘ylaydi. Uni "qahramon", deb bilishadi, - dedi Jahongir.

XS
SM
MD
LG