Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:57

Tojikistonlik sobiq dala qo‘mondoni TIUPni taqiqlash lozimligini aytmoqda ​


Tojikiston Islom universiteti o‘qituvchisi Rahim Karimov (Mullo Abdurahim).
Tojikiston Islom universiteti o‘qituvchisi Rahim Karimov (Mullo Abdurahim).

Tojikiston Islom universiteti o‘qituvchisi va Birlashgan tojik muxolifati dala qo‘mondonlaridan biri Rahim Karimov Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasini terroristik va ekstremistik tashkilot, deb e‘lon qilish hamda uning faoliyatini taqiqlash lozimligidan bahs etdi.

Mullo Abdurahim nomi bilan tanilgan Rahim Karimovning bu taklifi 2 aprel kuni Dushanbe shahrida o‘tgan “Ekstremizmga qarshi kurashda yoshlarning ichki ishlar organlari bilan hamkorligi” seminarida yangradi.

Rahim Karimov Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi (TIUP) besh yillik fuqarolar urushi davrida xalq boshiga ko‘p ofatlar kelishiga, sanoqsiz ayollarning tul, bolalarning esa yetim bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi. Shuning uchun, uning fikricha, mazkur partiya “terroristik va ekstremistik” deb e‘lon qilinishi va uning faoliyati tugatilishi lozim.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasini yopish yoki, jilla qursa, uning nomida “Islom” so‘zini olib tashlashga oid takliflar Tojikiston prezidenti mamlakat ruhoniylari bilan uchrashgan 2013 yildan buyon muhokama etib kelinadi.

Joriy yilning fevral oyida Rasht tuman bosh xatibi Abdulhay Sa‘diyev mamlakat prezidentini TIUP nomidan “Islom” so‘zini olib tashlash va uni Tojikiston Uyg‘onish partiyasiga aylantirishga chaqirgandi.

O‘tgan hafta Jum‘a namozida Tojikistonning ko‘plab masjidlarida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan bu diniy-siyosiy partiyani yopish taklifi yangragandi.

O‘z navbatida, Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi siyosiy kengashi partiya faoliyatini taqiqlash zarurligi haqidagi bayonotlarni “provokatsion” va “Konstitutsiya va Tinchlik to‘g‘risidagi bitim talablariga zid”, deb hisoblaydi.

TIUP vakillari o‘zlarining 1 mart kungi bayonotida bu mavzuni kavlashtiraverishning oqibati “millat va davlat uchun” yaxshi bo‘lmasligidan ogohlantirganlar.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi lideri Muhiddin Kabiriy fevral oyi oxirida o‘tkazilgan parlament saylovidan keyinoq Ozodlikning tojik xizmatiga bergan intervyusida: “Partiya taqdirini qonun belgilaydi. Biz o‘zimizning xalq partiyasi ekanimizni va shunday bo‘lib qolajagimizni ko‘rsatoldik. Bu ishlar partiyani yopish uchun qilindi, deb o‘ylamayman. TIUPni yopish uchun hech qanaqa sabab yo‘q”, degan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda bir oy muqaddam o‘tkazilgan parlament saylovida TIUP yetarli ovoz jamg‘arolmay, birinchi marta parlamentga kirmay qolgandi. Saflarida 45 ming a‘zo borligi aytiladigan Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi uchunso‘nggi saylovda, Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi ma‘lumotiga ko‘ra, 1,6 foiz saylovchigina ovoz bergan.

Partiya rahbarlari so‘nggi yillarda, ayniqsa, 2013 yildagi prezident saylovi arafasida va undan keyin TIUP tarafdorlari va ularning oila a‘zolariga bosim kuchayib ketganidan shikoyat qilib keladi.

To‘rt yil muqaddam Rossiya nashrlaridan birida Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zolariga bosim o‘tkazish va ularni ta‘qib qilish bo‘yicha tadbirlar rejasini o‘zida aks ettirmish “protokol 32-20” deb nomlangan hujjat e‘lon qilingandi. Tojik rasmiylari bunday hujjat haqiqatan borligini rad qilganlar.

XS
SM
MD
LG