Линклар

O‘zbekiston yo‘llarining yangi rahbari o‘zgarish va‘da qilmoqda


Respublika Yo‘l jamg‘armasi yangi direktori Mehriddin Abdullayev.

Respublika Yo‘l jamg‘armasi yangi direktori Mehriddin Abdullayev.

Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi rahbari etib tayinlangan 46 yashar Mehriddin Abdullayev mamlakatdagi yo‘llar ahvolini tubdan yaxshilashga va‘da bermoqda.

Aytilishicha¸ yangi tayinlangan rahbar respublikadagi yo‘llar nosozligi borasidagi aholidan tushayotgan tanqidiy fikrlarni inobatga olgan holda vaziyatni yaxshilamoqchi.

Bu haqda Ozodlik radiosiga uning o‘rinbosari Ahror Bobojonov ma‘lum qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ yangi tayinlangan rahbar respublikadagi yo‘llar nosozligi borasidagi aholidan tushayotgan tanqidiy fikrlarni inobatga olgan holda vaziyatni yaxshilash niyatida:

Toshkent viloyati Ohangaron tumani Tut qishlog‘i yo‘li

Toshkent viloyati Ohangaron tumani Tut qishlog‘i yo‘li

- Yo‘llarni yaxshilash masalasini yangi rahbar ustuvor masala qilib qo‘ydi. 2015 yil uchun aniq rejalar belgilandi. Bilasiz¸ yo‘l ta‘miri uchun yaxshi texnika lozim. Shundan kelib chiqib 2015 yil davomida 1160 dona yo‘l texnikalarini sotib olish belgilandi. 2015-2020 yillar davomida 5815 dona zamonaviy yo‘l qurilish texnikalarini xarid qilish rejamiz bor¸ dedi mulozim.

Suhbatdosh ayni paytda Buxoro-Urganch magistral yo‘lida ta‘mirlash ishlari jadal ketayotganini bildirdi. Uning e‘tiroficha, bu yo‘nalishda yo‘l nosozligi tufayli avtohalokatlar ro‘y bermoqda.:

- Yo‘l nosozligi haqidagi tanqidlarga nishon bo‘lgan “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” qismida katta ish boshladik. Respublika yo‘l fondi mablag‘lari hisobidan respublika ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilashga 661 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Mavjud yo‘llarga qo‘shimcha yana, 526 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari qurish rejalashtirildi¸ deydi mulozim.

Eski rahbar yangi rahbar

O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi rahbari etib tayinlangan Mehriddin Abdullayev ushbu lavozimda Jamol Shukurov o‘rnini egallagan.

Yo‘l jamg‘armasining sobiq rahbari Jamol Shukurovning keyingi taqdiri noma‘lum.

O‘zbekistondagi vazirliklardan biridagi Ozodlik manbalarining aytishicha¸ Jamol Shukurovning yo‘l jamg‘armasidagi va “Qurilishbank” boshqaruv kengashidagi faoliyati huquq-tartibot organlari tarafidan jiddiy taftish qilinmoqda.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ yo‘l jamg‘armasining sobiq rahbari qamoqqa olinmagan.

Yo‘l jamg‘armasining yangi tayinlangan rahbari Mehriddin Abdullayev bundan oldin O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan edi.

Mehriddin Abdullayev Moliya vazirligi hududiy moliya bosh boshqarmasi, Agrosanoat kompleksi moliya boshqarmasi va Iste‘mol bozori va xizmat ko‘rsatish sohalarini moliyaviy hamda narx orqali tartibga solish boshqarmalari faoliyatini nazorat qilardi.

Ayni paytda 2012 yildan beri moliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan 46 yoshli Abdullayev o‘rniga kim Moliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlanganiga aniqlik kirita olmadik.

“Ko‘zdan pana” yo‘llarni ta‘mirlashga e‘tibor qaratilmayapti”

Qishki yog‘ingarchiliklardan keyin O‘zbekistonda shundoq ham abgor yo‘llar yanada nosoz ahvolga kelib qoldi. Haydovchilar yo‘llarning yaroqsizligi tufayli o‘z mashinalari ham yaroqsiz bo‘lib qolayotganini aytishadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan toshkentlik haydovchi Nastena Kamilova¸ ayniqsa¸ mahallalar ichidagi yo‘llarda yurib bo‘lmay qolganidan tashvish bildirdi:

- Toshkent ko‘chalaridagi o‘ydim-chuqur va yamoq solingan yo‘llarda yuraverib mashinam bir necha marta ishdan chiqdi. yo‘l jamg‘armasi balki magistral yo‘llarni qoyilmaqol qilib qo‘ygandir¸ lekin ichkaridagi “ko‘zdan panaroq” joylardagi yo‘llarni ta‘mirlashga e‘tibor qaratilmayapti. Mahalla oqsoqollari aholidan pul yig‘ib ichkari yo‘llarni sal pal epaqaga keltirib olishgan¸ deydi toshkentlik haydovchi.

Yo‘llarni ta‘mirlash sifatiga oid savolga javob bergan “O‘zavtoyo‘l” davlat shirkati mulozimiga ko‘ra¸aholi turarjoylaridagi ko‘chalarni ta‘mirlash, asfaltlash uchun fuqarolardan pul yig‘ish qonunga ziddir.

Toshkent shahri yo‘llari yog‘in-sochinga boy qishki mavsumdan keyin abgor ahvolga kelgani aytilmoqda. O‘zbekiston poytaxti sokinlarining FB ijtimoiy tarmog‘idagi "Voditeli uz " sahifasida qoldirayotgan xabarlariga ko‘ra, nosoz va noqulay yo‘llardan aholi noroziligi oshib bormoqda.

Haydovchilar har bir litr benzindan yo‘l solig‘i to‘lashayotgani, shunday ekan, mutasaddilar yo‘llarni tekislab qo‘yishi zarurligini aytishadi.

XS
SM
MD
LG