Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:14

Mutaxassis: “Sovuq mevali daraxtlarning 60-70 foiz hosilini yo‘q qildi”​


Mart oyining so‘nggi kunlarida O‘zbekistonga yopirilgan bir necha kunlik qattiq sovuq va qalin qor ko‘karib chiqqan sabzavotlar, mevali daraxtlarning asosiy hosilini urib ketdi. Olimlar va yoshi ulug‘ kishilar shu paytgacha bahor faslida bunday "tabiiy ofat"ni ko‘rmaganliklarini aytmoqda.

Kim javobgar?

Mutaxassislarning aytishlaricha, O‘zbekistonga sovuq havo oqimining kelishi sinoptiklarga oldindan ma‘lum bo‘lgan bo‘lsa-da, hukumat bu sovuqlarga qarshi choralar ko‘rish haqida bog‘bon va dehqonlarni rasman ogohlantirmagan.

Dehqonlarning aytishlaricha, agar ular bunday obu-havodan barvaqtroq xabar topganlarida, hech bo‘lmasa ekinzorlarning bir qismini saqlab qolish uchun harakat qilgan bo‘lardi.

"Chigitday bo‘lgan dovuchchalar qorayib qoldi"

Qo‘qonlik Doniyorning gullab hosil tugayotgan bir gektarga yaqin bog‘ini ham sovuq urdi.

Doniyor har yili bu bog‘idagi o‘rik hosilidan 15-20 million so‘m foyda ko‘rgan.

Doniyor 29 mart kuni yoqqan qor va so‘nggi besh kuni orasida sovuq havo haroratining saqlanib turishi oqibatida bu yilgi hosilidan butunlay ayrilganini aytdi:

- Daraxtlarimiz xuddi boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazganday barglari so‘lib qoldi. O‘riklarimizning chigitday bo‘lib qolgan g‘o‘rachalari ham qorayib qoldi. Asosan o‘rik, olcha va shaftolini sovuq urib ketdi. Gullagan va g‘o‘ra tukkan bari daraxt ketdi, deydi Doniyor.

Bog‘bonning aytishicha, 5-6 sm bo‘lib ko‘karib qolgan kartoshka, pomidor va atirgullarni ham sovuq urib ketgan.

​Doniyor bu yilgi tirikchiligini bog‘idagi daraxtlar orasiga ekin ekib o‘tkazishini aytdi.

Март охирида қор ёғди
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:38 0:00

"Hosilning 60-70 foizidan ayrildik"

29 martdan 2 aprelgacha O‘zbekistonda hukm surgan sovuq havo oqimi minglab bog‘-rog‘ va ekinzorlar hosilini yo‘q qildi.

O‘zbekistonning shimoliy viloyatlarida 30 martdan 1 aprelgacha havo harorati minus o‘n darajagacha tushib ketgani aytildi.

Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 30 santimetrgacha qor yoqqani haqida fotosuratlar Ozodlikda e‘lon qilindi.

Sovuq, ayniqsa, O‘zbekistonning shimoliy viloyatlaridagi bog‘lar va ekinzorlarga qattiq ta‘sir qildi.

​Ozodlik kutilmagan tabiiy ofatning qishloq xo‘jaligiga ta‘sirini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyatida xizmat safarida bo‘lgan O‘zbekiston Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining mutaxassisi, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, olim Abdulla Arifov bilan suhbatlashdi.

64 yashar olim Abdulla Arifov bahor faslida bunday davomiy sovuq bo‘lishini umrida ko‘rmaganini aytdi:

- Bahorda ilgari ham sovuqlar bo‘lib qorlar yog‘ib turgan. Lekin bunday uzoq davom etgan sovuq bo‘lmagan, bunday davomiylik bo‘lmagan. So‘nggi 2-3 sutka davomida qahraton qishda qanday bo‘lgan bo‘lsa shunday bo‘ldi. Lekin shunga qaramasdan bugun havo sal ilib daraxtlar qo‘zg‘alishga harakat qilyapti, deydi Abdulla Arifov.

Olimning taxminiga ko‘ra, bu yilgi sovuq o‘rik, olcha, shaftoli singari mevali daraxtlarning kamida 60-70 foizini urib ketgan:

- Endi har xil hududda sovuq har xil ta‘sir qilgan daraxtlarga. Men ko‘p joylarni aylanib chiqdim. Taxminimcha, xalqimizning rizqiga yarasha hech bo‘lmaganda 30-40 foiz qolishi kerak. Chunki daraxtlarda baribir hosilini imkoni boricha saqlab qolish instinkti bo‘ladi. deydi olim.

Qolgan hosilni saqlab qolish uchun olim tavsiyasi

Bog‘dorchilik olimi qolgan mevalarni qanday saqlab qolish haqidagi maslahatlarini Ozodlik tinglovchilari bilan o‘rtoqlashdi:

- Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysidagi sharoitdan kelib chiqib bir narsani tavsiya etardim. Bu hududda tuproqda namlik darajasi yuqori. Bu davomli sovuq daraxtlarni juda katta krizisga uchratdi. Ba‘zilar hozir daraxtlar tagiga suv qo‘yish kerak deydi. Men bunga qarshiman. Chunki suv qo‘yib daraxtni bo‘ktirib qo‘yib, daraxtni yana qaytadan bitta stressga uchratamiz. Undan ko‘ra, daraxtlarning tagini yumshatish kerak. Bu tuproqning qizishini jadallashtiradi. Ana o‘shanda daraxtni tiklanish darajasi ham tezlashadi. Shu mening tavsiyam, dedi qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Abdulla Arifov.

Abdulla Arifov bilan suhbatni quyida tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:06 0:00
Бевосита линк

Zarar ko‘rgan bog‘bonu dehqonlarga kim yordam beradi?

O‘zbekistonda bu ofatdan zarar ko‘rgan dehqonlarga va bog‘bonlarga yordam ko‘rsatish masalasi hozircha muhokama etilayotgani yo‘q.

Ayni paytda, O‘zbekistonga qo‘shni Qirg‘iziston prezidenti favqulodda kelgan sovuqdan zarar ko‘rganlarga hukumat tomonidan yordam ko‘rsatilishini bildirgani haqida xabar qilindi.

XS
SM
MD
LG