Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:12

Yer uchun 7000 dollar pora, yana yarim yalang‘och Lola...


Toshkentda o‘nlab omonatchining haqiga xiyonat qilgan bank mansabdorlari ushlandi. Rasmiy vakil folbinlar quturish kasalligini davolashga ojizligini uqtirdi. Samarqandda yer uchun 7000 dollar pora so‘ragan amaldor 10 yilga kesildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Toshkentda sovuq kunlarda isitish tizimi pand bermoqda”

Havo harorati keskin tushib ketgan va qor yoqqan so‘nggi haftada Toshkentning bir qator tumanlarida isitish tizimi pand berdi (“Noviy vek”, 2 aprel).

Masalan, Qorasuv dahasidagi ko‘p qavatli uylarda isitish tizimi ko‘ngildagidek ishlamagani sababli aholi sovuqdan aziyat chekkan.

Toshkentlik Munira Ishoqovaga ko‘ra, u isitish uchun o‘z vaqtida katta miqdorda pul to‘lamoqda, ammo monopol mavqega ega “Toshissiqsuvquvvati” tashkiloti talab darajasida xizmat ko‘rsatmayotir.

Gazeta aholidan pul yig‘ishda g‘ayrat ko‘rsatayotgan issiqlik idorasi sifatli xizmat borasida ham shunday g‘ayratli bo‘lishi lozimligini eslatadi.

“O‘nlab omonatchining haqiga xiyonat qilgan bank mansabdorlari ushlandi”

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Yunusobod tumanidagi filali boshqaruvchisi o‘nlab omonatchilarning juda katta miqdordagi haqiga xiyonat qilgani fosh etildi (“Darakchi”, 2 aprel).

Ismi oshkor etilmagan bank mansabdori hamkasblari bilan jinoiy til biriktirib, bankka xorij valyutasida omonat qo‘ygan o‘nlab fuqarolarning pullarini shaxsiy biznes yuritish maqsadida ishlatib yuborgan.

Bank boshqaruvchisi xizmat vazifasidan foydalanib, omonatchilarning imzosi va zarur hujjatlarni soxtalashtirgan. Qayd etilishicha, Milliy bankning Yunusobod tumani boshqaruvchisi avvalroq – Sirg‘ali filiali boshlig‘i o‘rinbosari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan kezlarda ham fuqarolarning pulini soxta hujjatlar bilan yechib olib, o‘z biznesiga tikib yuborgan.

Ma‘lum qilinishicha, sud ushbu ishga aloqador bankirlarga nisbatan adolat hukm o‘qigan.

“Gaz idorasi rasmiysi aholini hisoblagichlar o‘rnatishga chaqirdi”

“O‘ztransgaz” shirkati injener-metrologi Bahodir Mullajonov uyida gaz hisoblagichlari bo‘lmagan fuqarolarni hisoblagich o‘rnatishga chaqirdi (“O‘zbekiston ovozi”, 2 aprel).

Gaz shirkati mutasaddisiga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston miqyosida hisoblagichlar o‘rnatilgan xonadonlar jami 3,2 milliontani yoki 71 foizni tashkil etmoqda.

Ma‘lum qilinishicha, hozirda “O‘zstandart” agentligi sinovidan o‘tgan, Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan G–1,6, G–2,5, G–4, G–6, G–10 rusumli hisoblagichlarini o‘rnatishga ruxsat berilgan.

“O‘ztransgaz” vakiliga ko‘ra, hisoblagichlar tiklanmaydigan tabiiy gazdan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

“Yer uchun 7000 dollar pora so‘ragan hokimlik mansabdori 10,6 yilga kesildi”

Samarqand shahar hokimligiga tegishli uy-joy qurilishini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A‘zam Haydarov yer oldi-cotdisida pora olib kelgani uchun qo‘lga olindi (“Huquq”, 2 aprel).

Ma‘lum qilinishicha, A‘zamjon Haydarov yer sotishda pora olgani yetmagandek, fuqarolarga soxta hujjat berib, ularni chuv tushirgan.

Boshqarma boshlig‘i Haydarov ko‘plab holatlarda fuqarolardan pul olgan. Masalan, Samarqand shahar “Qunduzso‘fi” mahallasidan uy ajratish uchun fuqaro Dilbar Kulimovadan 1000 dollar olgan.

Fuqaro Isomiddin Saidjonovdan esa Oqdaryo hududidan 18 sotix yer ajratish evaziga 7000 dollar talab qilgan. Mansabdor vositachilar orqali poraning 6300 dollarini olayotganda hibsga olingan.

Qayd etilishicha, sud boshqarma boshlig‘i A‘zam Haydarovga 10,6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Jinoyat quroli deb topilgan “Spark” mashinasi ham davlat ixtiyoriga o‘tkazilgan.

“Mutaxassis: Folbinlar quturish kasalligidan davolay olmaydi!”

Kunlar iliy boshlashi bilan quturish xastaligiga chalinish hollari ko‘payadi (“Oila davrasida”, 2 aprel).

Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bo‘lim boshlig‘i Husan Safarov aholini quturgan hayvonlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekistonda 95 foiz holatda quturish kasalligini qarovsiz itlar keltirib chiqarmoqda. Ba‘zan esa mol, ot, eshak, mushuk kabi uy hayvonlari, kemiruvchilar kasallik qo‘zg‘ashi kuzatilmoqda.

“Ayrim jabrlanganlar tibbiy yordamga murojaat etmasdan, turli ziyoratgoh maskanlarga, domlalar, hatto folbinlarga borishadi. Biroq ulardan mutlaqo naf yo‘q”, deydi Respublika sanitariya-epidemiologiya markazi vakili H.Safarov.

“Xonanda Lola yana yarim yalang‘och libos kiyib, tanqid nishoniga aylandi”

Kalta shorti kiygani hamda yarim yalang‘och liboslarda suratga tushgani uchun avvalroq tanqidga uchragan xonanda Lolaning navbatdagi liboslari yana keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, Lola o‘tgan hafta Rayhon bilan duet uchun olingan klipda yana ochiq libosda hozir bo‘lgan. Gazeta xonandaning sonini ochgan holda tushgan suratini ilova qilgan.

“Lola sharmandayuyuyu” deb yozgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan biri. Boshqa biri esa “Karochi, bu kundan kunga uyatsiz bo‘votti” deya izohlagan xonandaning xatti-harakatini.

Avvalroq Rayhonning kontsertida yelkasi va oyoqlari ochiq libos kiyib chiqqani uchun Lolaning xulq-atvori bir qator mutasaddi tashkilotlarda muhokama qilingan edi.

XS
SM
MD
LG