Линклар

Bir yarim yil avval Suriyaga borib prezident Bashar Assad rejimiga qarshi janglarda ishtirok etgani uchun O‘shda mart oyi oxirlarida qo‘lga olingan uch o‘shlikdan biri prezident Atambayev va Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘radi.

Bundan bir yarim yil avval Suriyaga ketgan va maxsus tayyorgarlikdan o‘tib vataniga qaytgan uch o‘shlik yigit shu yilning 26 mart kuni maxsus xizmatlar tomonidan qo‘lga olingan edi.

Asli o‘zbek, biroq jurnalistlar bilan qirg‘iz tilida gaplashgan hamda hozircha kim va O‘shning qayeridan ekani ochiqlanmayotgan 3 yigitning biri jurnalistlar bilan uchrashtirilgan. U Suriyadan kelib, bir yarim yil tinch yashaganini, xech kim bilan jang qilish niyati yo‘qligini aytib, qirg‘izistonliklardan kechirim so‘radi:

- Men uchun jihod o‘z nafsim bilan kurash bo‘lib qoldi. Bir kofirni o‘ldirgandan ko‘ra, unga yaxshi gapirib dinga chaqirganim yaxshi ekan. Men birinchi Ollohga tavba qildim. Ikkinchidan, prezidentimiz Almazbek Atambayevdan, sudyalardan va butun Qirg‘iziston xalqidan kechirim so‘rayman. Xudo xohlab chiqib ketsam, umuminsoniyatga ziyonim tegmaydi, - deydi qo‘lga olinganlardan biri.

Qo‘lga olingan mazkur yigit 26 yoshda. U2006 yildan boshlab namoz o‘qishni boshlagan. Mahbusning aytishicha, 2011 yili qishloq masjidiga imom bo‘lib kelgan 20 yoshdagiSirojiddin isimli shaxs tashviqotiga uchib, uch tanishi bilan Suriyaga ketgan. U tergovda Suriyada 19 kun bo‘lganini va u qurol bilan jihod qilish fikridan qaytganini bildirgan.

- Suriyaga borgandan keyin 11 kundan so‘ng mashq qila boshladik. Yugurdik, avtomat otdik. Keyin Bashar Asad harbiylari turgan yerdan 3 kilometr uzoq bo‘lgan yerga bizni olib borishdi. Biz blok-postda turganda, soat ikkilarda vertolyot bilan bombalab, tanklarda ota boshlashdi. Qo‘rqib ketdim va yig‘lab ortga qochdim. "Qaytib ketaman", deb yig‘ladim. Ular "Sen Qirg‘izistonga borsang seni SNB qo‘lga oladi”, deyishdi. Men mayli bu yerda o‘lgandan ko‘ra qaytaman, deb qaytdim, - deydi suhbatdoshimiz.

Suriyadagi janglarda ishtirok etib, maxsus tayyorgarlikdan o‘tib kelgan uch fuqaroni maxsus xizmatlar bir yarim yildan so‘ng qo‘lga oldi. Qo‘lga olinganlardan biri qo‘lga olinguniga qadar qarzini to‘lash uchun g‘isht quyib, haydovchilik qilib yurganini aytmoqda.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Raxat Sulaymanov ularga nisbatan yollanmachilik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirdi.

- Xalqaro teror tashkilotning uch a‘zosi qo‘lga olindi. Ular O‘sh viloyati yashovchilari. Bungacha Suriyadagi janglarda ishtirok etib kelishgan. Hozirda ularga yollanmachilik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hibsda saqlanmoqda. Tergov ketmoqda. Ularning keyingi taqdirini sud hal qiladi, - deydi Raxat Sulaymanov.

Bungacha Suriyadagi janglarda ishtirok etganlikda gumonlanib O‘shda qo‘lga olinganlarning aksariyati jihod qilish fikridan qaytganini aytishgan. Mutaxassislar Suriyaga borganlarni kechirish yoki kechirmaslik masalasida har biriga alohida munosabatda bo‘lish kerakligini aytishadi.

Konfliktolog Rasul Avazbek o‘g‘li prezident Atambayev va xalqdan kechirim so‘rash ma‘naviy kuchgagina egaligini aytadi.

- Bu huquqiy masala. Bizning Jinoiy kodeksda yollanmachilik degan modda bor. Agarda ularning jangda ishtirok etgani isbotlansa, Qirg‘iziston Respublikasi qonunlari bo‘yicha javob berishi kerak. Ularning kechirish yoki kechirmaslik masalasini esa prezident hal qilmaydi. Prezidentning sud ishlariga aralashish huquqi yo‘q. Shuning uchun ularning kechirim so‘rashi faqat ma‘naviy masala, - deydi Rasul Avazbek o‘g‘li.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Suriyada 300ga yaqin qirg‘izistonlik bor. Suriyaga borib kelganlarning ellikka yaqini qo‘lga olingan. Ulardan 8 nafari 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan maxrum qilingan. Yana uch kishi O‘sh shahar sudi tomonidan shartli ravishda 3 yilga hukum qilingan.

Bundan avval Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Keneshi deputati O‘murbek Tekebayev Suriyada 500ga yaqin qirg‘izistonlik bor ekanini aytgandi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi polkovnigi Talant Razzakov mart oyi o‘rtalarida Ozodlik radiosiga bergan suhbatida Qirg‘izistondan Suriyaga “jihodga” ketganlarning va ketayotganlarning 80 foizi o‘zbeklar ekani aniqlanganini ma‘lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG