Линклар

logo-print

Toshkent hokimi poytaxtni imlo xatolari va nomaqbul suratlardan tozalashga qaror qildi​


O‘zbekiston ko‘cha-ko‘ylaridagi yozuvlardan birida yer so‘zi¸ er deb yozilgani ortidan¸ butun e‘lon boshqa ma‘no tashimoqda.

O‘zbekiston ko‘cha-ko‘ylaridagi yozuvlardan birida yer so‘zi¸ er deb yozilgani ortidan¸ butun e‘lon boshqa ma‘no tashimoqda.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning 2 aprel kuni “Toshkent oqshomi” rasmiy nashrida e‘lon qilingan qaroriga ko‘ra¸ poytaxt ko‘chalariga osilgan rasmiy va norasmiy yozuvlardagi turli xatoliklar¸ qolaversa "o‘zbeklar ma‘naviyatiga zid" deb tasniflangan surat va reklamalarni tartibga solish kampaniyasi boshlandi.

Xatolarni tuzatish haqida xato bilan berilgan qaror

Toshkent shahar hokimligining rasmiy nashri bo‘lgan “Toshkent oqshomi” gazetasi saytida e‘lon qilingan yangi qaror sarlavhasi quyidagi shaklda yozilgan:

“Toshkent shahar hokimining QARORI:

TOShKENT ShAHRI KO‘ChALARI, BINO VA INShOOTLARIDAGI REKLAMA, E‘LON VA TURLI AXBOROTLARNI TARTIBGA KELTIRISh BO‘YIChA QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘o‘RISIDA"

Rasmiy matn davomida Toshkent shahar hokimi Raxmanbek Djaxangirovich Usmanov (hokimning ism-sharifi rasmiy hujjatlarda shunday qayd etiladi – tahr.):

“Toshkent shahar ko‘chalari, xiyobonlari, bino va inshootlari, yoritish ustunlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob‘ektlariga joylashtirilgan ayrim reklama, e‘lon, yozuv va turli axborotlarni o‘rganish jarayonida orfografik xatolar bilan yozilayotganligi, ularda ikkilamchi va ma‘naviyatimizga zid ma‘nolar kelib chiqayotganligi, «Davlat tili to‘g‘risida»gi, «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi va «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan talablar buzilayotganligini inobatga olib”¸ QAROR qabul qilganini bildiradi.

Qarorda poytaxt hokimi qator davlat tizimlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruhlariga Toshkent ko‘chalaridagi reklama¸ e‘lon va axborot¸ qolaversa suratlarni tartibga solish vazifasini yuklaydi.

Qaror tashabbuschisi – prezident

O‘zbekistonlik jurnalist Sharof Ubaydullayevning Ozodlikka aytishicha¸ Toshkent shahar hokimining kutilmaganda “Davlat tili to‘g‘risida»gi, «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi va «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan talablar buzilayotganiga e‘tibor qaratib qolgani Islom Karimovning saylovoldi yurishlari bilan bog‘liq:

- Muhtaram prezidentimiz saylov munosabati bilan respublikani aylanganida juda ko‘p yo‘l¸ ko‘chalarda shiorlarning ko‘pdan-ko‘p ortiqcha so‘zlar¸ ayniqsa savodsiz yozilish bilan ko‘zga tashlanib turgani borasida tanbeh bergan. Bu tanbehlar hozir odamlarning qulog‘ida yuribdi. Bu taklif prezidentimizdan chiqqan¸ men bu haqda aniq ma‘lumotga egaman. Toshkentdan siz Samarqandgacha bir borib ko‘ring¸ shiorlarning 90 foizi xato yozilgan. yo verguli yo‘q¸ yo undov yo‘q kerakli joyda¸ ayniqsa¸ tire degan narsaning yo‘qligiga umuman bu imlo xatosi emas¸ deb qaraladi. Bir misol¸ prezidentning ilk mustaqil kitobi “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” deb ataladi. Ko‘p joylarda bu tiresiz yoziladi va bu shior mazmunini buzadi¸ deydi jurnalist Sharof Ubaydullayev.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab keng tarqab ketgan o‘zbek tilidagi shiorlar¸ reklama va e‘lonlardagi qo‘pol xatolar muammosi bilan Toshkent shahar hokimi shug‘ullana boshlaganini olqishlagan jurnalist¸ xalq boyligi bo‘lgan tilni buzish orqali daromad qilayotganlarni tartibga solish payti allaqachon kelganini ta‘kidlaydi.

Ko‘cha yozuvlaridagi xatoliklar – jamiyat savod darajasi aksidir

Mustaqillikdan avval o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi uchun kurashgan tilshunos olimlardan biri Baxtiyor Isabekov nafaqat ko‘cha yozuvlari¸ balki rasmiy idora va hujjatlar tilidagi imlo xatolari aslida o‘zbek tilining davlat tili maqomiga ko‘tarila olmagani ifodasi ekanini aytadi.

Olimga ko‘ra¸ O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri o‘z bolalarini rus maktablariga yuborayotgan oilalar soni muttasil oshib bormoqda va bu aholining o‘zbek tilidagi savodxonlik darajasi keskin pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda:

- Bunaqa xatolar juda katta joylarda ketayapti. Bu umuman adabiy tilga bo‘lgan umumiy munosabatni bildiradi. Biz til uchun kurashgan paytimizda¸ o‘zbek tili qo‘pol tarzda davlat tili bo‘lsin¸ demaganmiz. Biz hozirgi zamon talablariga javob bera oladigan¸ boshqa adabiy tillar bilan bir safda tura oladigan til bo‘lsin¸ deb o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilganmiz. Oradan 25 yildan ko‘proq vaqt o‘tib o‘zbek adabiy tili davlat tili maqomiga ko‘tarila olgani yo‘q. Chunki aksar o‘zbekistonliklar o‘z kelajagini o‘zbek tilini mukammal bilish emas¸ rus va boshqa xorij tillarini o‘rganishda ko‘rayapti. Reklama va e‘lonlar emas¸ davlat hujjatlarini yozayotgan mutaxassislarning ko‘pi rus tilida o‘qigan va o‘zbekcha savodi yo‘q hisobi¸ deydi tilshunos olim Baxtiyor Isabekov.

Toshkent shahar hokimi qarorini kimlar¸ qanday ijro qiladi?

Poytaxt hokimi qaroriga uni ijro etish yuzasidan qator davlat va jamoat tizimlarining Toshkentdagi boshqarmalari ishtirokida ishchi guruh tuzib¸“reklama, axborotlar, yozuvlar va nomlarning matnlari hamda dizaynini o‘rganib chiqib, kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish” haqidagi bandlar kiritilgan.

Lekin ko‘cha yozuvlaridagi xatolarni kim¸ qaysi muddatda tuzatadiyu¸ tuzatilmagan yoki yangidan yo‘l qo‘yiladigan xatolar uchun qaysi qonun asosida qanday javobgarlikka tortilishiga oydinlik kiritilmagan.

Shahar hokimligi matbuot xizmati Ozodlikning bu haqdagi savollariga javob berishni paysalga soldi.

Qarorda tilga olingan poytaxtdagi ayrim tizimlar esa¸ Ozodlik bilan suhbatda¸ hozircha bu qarordan bexabarliklarini bildirdilar.

Tilshunos olim Baxtiyor Isabekov ta‘kidicha¸ milliy konstitutsiyasidan tortib¸ “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunlarga qadar amalga oshmay kelayotgan O‘zbekiston sharoitida shahar hokimi qarorining risoladagiday ijro etilishini kutishga asoslar yo‘q hisobi:

- Qaror qabul qilinadi¸ yaxshi deb tabriklaymiz¸ lekin u amalga oshmagandan keyin uning ahamiyati nimada? Men bu qarorning ijro etilishiga ishonqiramay turibman. Masalan¸ deylik¸ men o‘z do‘konimdagi yozuvlarda xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam¸ menga nisbatan qanday chora qo‘llaniladi? Hozirgi o‘zbek qonunchiligida buning uchun javobgarlik yo‘qku! Qarorni ijro etishga asos bo‘luvchi qonuniy mexanizm yo‘q holda qanday qilib hokim vaziyatni tartibga soladi? deydi tilshunos olim.

Ijrochilar ro‘yxati:

Toshkent shahar hokimi qarorida “TOShKENT ShAHRI KO‘ChALARI, BINO VA INShOOTLARIDAGI REKLAMA, E‘LON VA TURLI AXBOROTLARNI TARTIBGA KELTIRISh “ uchun mas‘uliyat tuman hokimlari¸ shuningdek Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Davlat soliq boshqarmasi, Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste‘mol mollari departamenti, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va mutasaddi tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruhlari” zimmasiga yuklatilgan.

Bunday xatolikka barham beruvchi tuman hokimlari orasida:

Olmazor tumani hokimi Gaibnazarov Boxodir Rыxsialiyevich¸

Bektemir tumani hokimi Maxametov Sarvar Tashmatovich¸

Uchtepa tuman hokimi Dosmuxamedov Abdujamil Abdusatorovich¸

Yakkasaroy tumani hokimi Salixov Akrom Xadjiakbarovich¸

Mirobod tumani hokimi Kadirov Sharafiddin Taxirovich¸

Shayxontohur tumani hokimi Mirkasimov Mirag‘zam Mirazadovich¸

Yashnobod tumani hokimi Xakimov Farrux Irkinovich¸

Yunusobod tumani hokimi Azimdjanov Shavkat Djurayevich bor.

(hokimlarning ism-shariflari Toshkent shahar hokimligining o‘zbek tilidagi rasmiy saytidan aynan ko‘chirildi –tahr.)

XS
SM
MD
LG