Линклар

Andijon shahar hokimi Nurillo Alimov xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan sessiyasida deputatlik maqomidan mahrum qilinib, vazifasidan ozod qilindi. Shahar hokimi, Ozodlik manbalariga ko‘ra, bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Andijon shahar hokimi Nurillo Alimov 1 aprelь kuni xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan uchinchi sessiyasida deputatlik maqomidan mahrum qilinib, ishdan olindi.

Sessiyani viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov olib borgan.

Xalq deputatlari shahar kengashining sessiyasida qatnashgan Ozodlik manbasining aytishicha, viloyat prokurorining taqdimnomasiga ko‘ra Alimov deputatlik maqomidan mahrum qilingan:

“Sessiya kechqurun soat 8ga chaqirildi. Viloyat prokurori sessiya kun tartibiga shahar hokimini deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritgani e‘lon qilindi. So‘ngra sessiya deputatlik maqomi to‘g‘risidagi Qonunning 12-moddasiga muvofiq, deputatlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi ochilishiga ruxsat berildi. Majlisning o‘zida shahar hokimi vazifasidan ozod etildi”, dedi manba.

Sessiya davomida, manbaga ko‘ra, hokimning xotini janjal ko‘targan:

“Sessiya bo‘lib turgan paytda, Nurillo G‘ulomovichning xotini kelib “erim jinoyatchimas”deb rosa baqir-chaqir qildi, to‘polon bo‘ldi. Keyin militsionerlar uni sudrab tashqariga olib chiqib qo‘yishdi”, dedi manba.

Manbaga ko‘ra, hokim mansabini suiiste‘mol qilish, pora olish, jinoiy guruh tuzish, davlat ob‘ektlarini noqonuniy sotish, yer sotish kabi iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan.

Andijon viloyat prokuraturasining ismini ochiqlamagan mulozimi sobiq hokim Nurillo Alimov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi. Mulozim hokimning hibsga olingan yoki olinmagani haqidagi savolga javob bermadi.

Ilgari chim ustida xokkey federatsiyasining vitse prezidenti bo‘lib ishlagan Nurillo Alimov qariyb o‘n yildan buyon Andijon shahar hokimi bo‘lib kelgan.

Bundan qariyb bir yil avval Andijon shahar prokurori Azizbek Mamatxo‘jayev O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining viloyat bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olingan edi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, prokuror Mamatxo‘jayev ham pora olganlikda ayblanmoqda.

So‘nggi paytda O‘zbekistonda tuman va shahar hokimlarining, prokuratura va militsiya boshliqlarining ketma-ket hibsga olinishi kuzatilmoqda.

O‘tgan yilning 19 aprel kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hokimi Panji Tangriyev MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan hibsga olindi.

2013 yilning dekabr oyida Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimi Husniddin Jo‘rayev hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG