Линклар

Eron va dunyoning olti yetakchi davlati Shveytsariyada o‘tkazilgan muzokaralarda Tehron yadroviy dasturini cheklash yuzasidan 30 iyunda imzolanadigan shartnomaning “asosiy parametrlari" borasida murosaga keldi. AQSh Prezidenti Barak Obama murosaga erishilganini olqishlab, uni “tarixiy anglash" deya baholadi.

8 kunlik muzokara natijasida erishilgan kelishuv

Shveytsariyaning Lozanna shahrida Eronning bahsli yadroviy dasturi bo‘yicha sakkiz kunu-tun davom etgan xalqaro muzokaralar natijasi 2 aprel kuni kechqurin e‘lon qilindi.

Sakkiz kunlik so‘zlashuvlar natijasida Tehron yadroviy dasturini cheklash yuzasidan yozda o‘tkazilishi rejalangan shartnomaning “asosiy parametrlari” borasida murosaga erishildi.

Payshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanda AQSh Prezidenti Barak Obama ushbu murosani “tarixiy anglash” natijasida erishilgan “asosiy maqsadlarga mos bo‘lgan” “foydali kelishuv” deya atadi.

- Biz ko‘p yillik qat‘iy printsipial diplomatiya natijasida ushbu kelishuvga erishdik. Bu foydali kelishuv. U bizning asosiy maqsadlarimizga javob beradi. Ushbu kelishuv Eronning yadroviy qurolni rivojlantirish yo‘llariga barham beradi, - dedi Barak Obama.

Evropa Ittifoqining tashki siyosat bo‘yicha mutassaddisi Federika Mogerini ham mazkur kelishuvni “Eron yadroviy dasturini to‘xtatish yo‘nalishidagi qat‘iy qadam", deb atadi.

Mogerining aytishicha, erishilgan kelishuvga ko‘ra, Eronda uranni boyitish quvvati pasaytiriladi va bu ish bilan shug‘ullanib kelgan tashkilot yadro fizikasi tadqiqot markaziga aylantiriladi. Eronda boyitilgan uranning muayyan qismi esa Tehrondan qabul qilib olinadi. Buning evaziga esa AQSh va G‘arb davlatlari Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qiladi. Lekin buning uchun BMT va Jahon atom energiyasi tashkiloti Eron o‘z majburiyatlarini bajarayotganini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

​Tehron yadroviy dasturini xalqaro sanksiyalar yumshatilishi evaziga qisqartirish masalasidagi muzokaralar 31 mart kuni yakunlanishi rejalangan edi. Biroq Eron va dunyoning oltita qudratli davlatlari rasmiylari yagona kelishuvga erisha olmagach, muzokaralar yana ikki kun davom etdi.

Muzokaralarda Eron delegatsiyasidan tashqari Frantsiya, Britaniya, Germanii, AQSh, Rossiya va Xitoy diplomatlari ishtirok etgan.

G‘arb Eronni yadroviy qurol yaratishga urinayotganlikda ayblab kelayotgan edi. Eron esa o‘z yadroviy dasturi tinchlik maqsadlarini ko‘zlashini bildirgan.

Eron bilan erishilgan kelishuvning besh muhim sharti:

Yadro quroli yaratish uchun kerak bo‘ladigan muddat

2 aprel kuni AQSh tarqatgan ma‘lumotnomaga ko‘ra, keyingi o‘n yil davomida Eron atom bombasi yaratish uchun yetarli yadro yoqilg‘isi yaratishdan kamida bir yil yiroq turishga rozi bo‘lgan.

Hozirda Eron uranni yadroviy qurol yaratish uchun yetarli bo‘ladigan darajaga boyitishi uchun ikki-uch oy muddat kerak bo‘lishi aytiladi.

Qurol-yarog‘ni nazorat qilish birlashmasining Yadroviy qurollar tarqalishi oldini olish bo‘limi direktori Kelsi Davenport kelishuvda belgilangan shartlarni “juda kuchli” deb baholadi.

Davenport Ozodlik radiosi bilan qilgan suhbatida “Bu kelishuv Eronning uran yoki plutoniy ishlatib qurol tayyorlashining oldini oladi. Bundan tashqari, joriy qilinadigan kuchli nazorat mabodo Eron kelishuvga amal qilmaydigan yoki yashirin dastur boshlaydigan bo‘lsa buni darhol aniqlash imkonini yaratadi”, – dedi.

Sentrifugalar

Tsentrifugalar yordamida uranni energiya ishlab chiqarish, tibbiy yoki ilmiy izlanish olib borish hamda yadroviy qurol yaratish uchun boyitish mumkin.

2 aprel kuni e‘lon qilingan kelishuvga binoan, Eron o‘z tsentrifugalari sonini 19 mingdan 6104 ga ozaytirishi kerak. Eron bu tsentrifugalarning 5060 tasidan keyingi o‘n yil davomida uranni boyitish uchun foydalanishi mumkin.

6104 tsentrifuganing barchasi IR-1 modelidagi birinchi avlod moslamalar bo‘lishi zarur. IR-1 sentrifugalari yangi modellarga solishtirganda ancha samarasiz ishlaydi.

Oshiqcha senrifugalarni Xalqaro atom energiyasi agentligi nazorat qilib turadi.

Uranni boyitish

AQSh tarqatgan ma‘lumotnomada yozilishicha, Eron uranni yadroviy qurol uchun kerak bo‘ladigan darajagacha boyitmaslikka hamda hozir mamlakatda saqlanayotgan 10 tonna oz boyitilgan uran miqdorini ozaytirib, keyingi 15 yil davomida uni 300 kilogrammdan oshirmaslikka rozi bo‘lgan.

Kelishuvga binoan, keyingi 15 yil davomida Eron uranni boyitish uchun yangi inshoot qurmaydi.

Bundan tashqari, Eron Natanz uranni boyitish inshootida yangi avlod tsentrifugalarni o‘rnatmaslikka, avval o‘rnatilganlarini esa Xalqaro atom energiyasi agentligi nazoratiga topshirishga rozi bo‘lgan.

Nazorat

Eron mamlakatdagi barcha yadroviy inshootlarni Xalqaro atom energiyasi agentligi muntazam nazorat qilishiga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, Xalqaro atom energiyasi agentligiga uran konlarini hamda yadroviy dasturga aloqasi bor inshootlarni nazorat qilib turish huquqi berildi.

Tehron yana Xalqaro atom energiyasi agentligiga mamlakatdagi yadroviy dasturga aloqasi bor “shubhali yerlarni yoki ular haqidagi iddaolarni” tekshirish imkonini berish majburiyatini oldi.

Britaniyalik mutaxassis Mark Fitspatrik erishilgan kelishuv kuchli nazorat qilish imkonini yaratishini aytdi.

Ozodlik radiosi bilan suhbatda Fitspatrik “Agar Eron biror nimani yashirmoqchi bo‘lsa, kelishuv buni aniqlash imkonini yaratadi, sababi kelishilgan parametrlarda Xalqaro atom energiyasi agentligi nazoratidan tashqari boshqa tekshirish yo‘llari ham belgilangan”, – dedi. Fitspatrikning aytishicha, kelishuvga binoan Erondagi tsentrifuga ishlab chiqarish va saqlash inshootlari hamda yadroviy dastur uchun lozim xomashyo va moslamalar ham tekshirib turiladi.

“Xalqaro atom energiyasi agentligining kelishuvlarida bunday choralar avval hech belgilanmagan edi”, – deb qo‘shimcha qildi Fitspatrik.

sanksiyalar

AQSh tarqatgan ma‘lumotnomada aytilishicha, agar Eron “o‘z majburiyatlariga amal qilsa” mamlakatga qarshi joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinadi.

Eron o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha barcha muhim xavotirlarni bartaraf qilish uchun majburiyatlarini bajarsa, AQSh, Yevropa Ittifoqi va BMT Xavfsizlik kengashi joriy qilgan sanksiyalar to‘xtatiladi.

Mabodo Eron o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarmasa, AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari avtomatik ravishda qayta tiklanadi. Agar kelishmovchiliklarni hal qilishning iloji bo‘lmasa, BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari ham qaytadan joriy qilinishi mumkin.

AQSh tomonidan “terrorizm, inson huquqlarining buzilish hollari hamda ballistik raketalar” bo‘yicha joriy qilingan sanksiyalari bekor qilinmaydi.

Davenport kelishuv amalga oshirilganidan keyin Eronga qarshi joriy qilingan sanksiyalar tez suratda bekor qilinishini aytdi.

Davenport ba‘zi sanksiyalar, jumladan, AQSh va BMT joriy qilgan sanksiyalar keyinroq butunlay bekor qilinishini qo‘shimcha qildi. Buning uchun Eron Xalqaro atom energiyasi agentligining ayrim masalalar bo‘yicha xavotirlarini bartaraf qilishi kerak. “Ammo yaqin kelajakda kelishilgan parametrlar asosida ba‘zi sanksiyalar bekor qilinadi” – dedi Davenport.

XS
SM
MD
LG