Линклар

O‘zbekiston hukumati Germaniya uchun Termiz bazasi yillik ijara haqini ikki baravar oshirish niyatida. Bu haqda Germaniyada chiqadigan Der Spiegel ro‘znomasi juma kuni xabar qildi.

Germaniya hukumati delegatsiyasi yaqin kunlarda Toshkentda kelib, O‘zbekistonning Termiz shahridagi harbiy havo bazasidan foydalanishda davom etish masalasini muhokama qiladi.

Der Spiegel ro‘znomasiga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni baza ijarasi haqini 2016 yildan deyarli ikki baravarga ko‘tarmoqchi. Bungacha Germaniya ijara haqqi uchun yiliga 35 million yevro to‘lab kelayotgan edi. Gazetaning bildirishicha, 2016 yildan ijara haqi miqdori 72,5 million yevroni tashkil qiladi.

Ozodlik o‘tgan yilning oktyabrida Germaniya mudofaa vazirligidagi manbasiga tayanib, Toshkent va Berlin Termiz havo bazasidan foydalanish muddatini uzaytirishga doir kelishuvni imzolaganini xabar qilgan.

Lekin ikkala mamlakat rasmiylari bu xabarni izohlamay kelayotgan edi. Shuningdek, ijara kelishuvi shartlari ham jamoatchilikdan sir tutib kelinayotgandi.

Ayni paytda inson haqlarini muntazam toptab kelayotgan O‘zbekistonga Berlin hukumatining ko‘p millionlik to‘lovlari Germaniya ichkarisida baxsu-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Germaniya harbiy doiralarida bunday to‘lovlar O‘zbekistondagi qatag‘onlar ustida turgan prezident Islom Karimov hukumati g‘aznasini to‘ldirayotgani borasida xavotirlar ham bor. Shuningdek, "Germaniya uchun Termiz bazasi shunchalar muhimmi?" degan savol ham o‘rtaga tashlangan.

Ma‘lumki, 2014 yilgacha Bundesver Termez aeroportidan tranzit maqsadlarda foydalanib kelgan.

Bugun esa Afg‘onistonning Mazori Sharif aeroportidan ham bemalol foydalanishi mumkin.

Shu bois Germaniya uchun Termez bazasining ahamiyati kamaygandek.

Lekin, Der Spiegel ro‘znomasining yozishicha, Bundesver Termez bazasini har extimolga qarshi qo‘ldan chiqarmoqchi emas.

NATOning Afg‘onistondagi missiyasi o‘zgargani va u yerdagi askarlar va harbiy texnika soni kamayganiga qaramasdan, Germaniya O‘zbekistonning Termez shahridagi harbiy havo bazasidan foydalanishda davom etadi.

Germaniya Termiz havo bazasidan 2002 yilda xalqaro koalitsiya Afg‘onistonga kiritilganidan beri foydalanib keladi.

Termiz bazasidan foydalanish shartnomasining muddati 2014 yilning 31 oktyabrda tugashi kerak edi.

Germaniya hukumati o‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston tomoni bilan Termiz bazasidan foydalanish muddatini uzaytirishga oid kelishuvni imzolandi.

Germaniya harbiylari Termizdagi bazaga 2002 yil 15 fevralida joylashtirilgan.

Dastlab Germaniya hukumati baza ijarasi uchun O‘zbekistonga oyiga 240 ming yevro haq to‘lagan.

2005 yildan esa Germaniya ayni baza ijarasi uchun yiliga 12 million 400 ming yevro to‘lagan.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 2011 yilda erishilgan kelishuvga muvofiq, Germaniya Termiz bazasi uchun to‘lanadigan yillik ijara haqini 15 million 950 ming yevroga ko‘targan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa yanvarь oyida o‘z davlati hech qanaqa harbiy uyushmalarga qo‘shilmasligi va o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligini yana bir bor ta‘kidlagandi.

- Avvalambor, uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan til topishib, ular bilan o‘zaro hamkor va hamjihat bo‘lib yashash va eng muhimi, hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, muqaddas yurtimiz tuprog‘ida chet mamlakatlarning harbiy bazalarini joylashtirishga va harbiylarimizning chegaralarimiz tashqarisiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shular jumlasidandir. Bugun yuzaga kelayotgan xalqaro vaziyatda ayni shu yo‘l, shu siyosat biz uchun maqbuldir,- degandi Karimov.

2001 yil 11 sentabr hujumlaridan so‘ng AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari O‘zbekistonning Xonobod harbiy bazasidan foydalanib keldi.

2005 yil Andijon voqealari ortidan esa O‘zbekiston Amerika harbiylarini o‘z hududidan chiqarib yubordi.

XS
SM
MD
LG