Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:42

Paxta-2014: “Hukumatning boyligi¸ xalqning musibati”


2014 yilgi mavsumda majburan paxtaga chiqarilgan kattalar soni keskin darajada oshib ketdi.
2014 yilgi mavsumda majburan paxtaga chiqarilgan kattalar soni keskin darajada oshib ketdi.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi 2014 yilgi paxta terimi mavsumida inson huquqlarining buzilishiga bag‘ishlangan yangi hisobotini shunday nomladi. Hisobot xulosasiga ko‘ra¸ xalqaro bosimlarga qaramay¸ 2014 yilgi paxta mavsumida yana kamida bir million o‘zbekistonlik hukumat bosimi va tahdid ostida paxta terishga majburlangan; paxtadan kelgan daromad esa hokimiyat tepasida o‘tirgan bir hovuch odamni boyitgan¸ xolos.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi 13 aprel kuni jamoatchilikka taqdim etgan yangi hisobotning asosiy xulosasiga ko‘ra¸ 2014 yilda O‘zbekiston hukumati tamagirlik va paxta terimi uchun majburiy mehnatga ommaviy jalb etish ko‘lamini yanada kengaytirgan.

Mazkur hisobot xulosalari yuzasidan Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova¸ 2014 yilgi paxta terimi mavsumida kuzatilgan ayrim o‘zgarishlarni tilga oldi:

- 2014 yilgi mavsumda uzoq kutilgan o‘zgarish sodir bo‘ldi va 18 yoshga to‘lmagan bolalar ommaviy tarzda paxtaga chiqarilmadi. Bu¸ albatta¸ pozitiv o‘zgarish va erta tongdan oqshomga qadar bola-chaqa boqaman deb yurgan vatandoshlarimiz bu o‘zgarishni payqadi¸ deb umid qilaman. Bu o‘zgarish huquq himoyachilari bolalar mehnati muammosini yillar davomida ko‘targani bois sodir bo‘ldi¸- deydi hisobot muvofiqlashtiruvchisi Umida Niyozova.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi majburan dalaga chiqqanlar bilan suhbatlar asosida tayyorlagan video.

O‘zbekistonda hukumat bosimi ostida yillar davomida ikki milliondan oshiq 18 ga to‘lmagan bolalarning majburan paxtaga chiqarib kelingani G‘arb siyosiy va moliya tizimlari tomonidan jiddiy tanqidlarga uchragani ortidan¸ Toshkent hukumati 2013-2014 yilgi mavsumda bolalarning paxtaga chiqarilishini taqiqlovchi qarorlar qabul qildi.

Cotton Campaign kabi turli huquq guruhlarini birlashtiruvchi jiddiy loyiha ta‘siri ostida bir trillion dollarlik G‘arb biznes tizimlari bolalar mehnati evaziga terilayotgan o‘zbek paxtasini boykot qilgani ham rasmiy Toshkentni o‘z siyosatiga tahrir kiritishga undadi.

Ammo O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi hisobotida qayd etilishicha¸ bolalar mehnatidan qisman voz kechishga majbur qolgan hukumat¸ ularning bo‘sh qolgan tekin ish kuchi o‘rnini kattalar evaziga to‘ldirishga o‘tgan:

- Hukumat o‘zbek bolalarini paxtadan ozod qilib¸ ularning ota-onalarini paxtaga ko‘proq jalb qilishga o‘tdi. Oddiy aytganda¸ bolalar o‘rnini kattalar bilan to‘ldirdi. Masalan¸ ikki-uch yil oldin har bir korxonadan 15-17 foiz xizmatchi paxtaga chiqarilgan bo‘lsa¸ o‘tgan yili bu raqam 50-60 foizga chiqdi. Masalan¸ maktablarni olaylik. Paxta mavsumi davomida bolalar nomiga o‘qishdi¸ chunki o‘qituvchilarning ko‘pi paxtaga haydaldi. Bolalarni maktabda qoldirish bilan ish bitmaydi¸ ularga ta‘lim beradigan o‘qituvchi ham sinf xonasida bo‘lishi kerak¸- deydi yangi hisobot muallifi Umida Niyozova.

Hisobot xulosalaridan yana biriga ko‘ra¸ 2014 yilda O‘zbekiston hukumati tamagirlik va paxta terimi uchun majburiy mehnatga ommaviy jalb etish ko‘lamini kengaytirgan:

- Hukumat amaldorlari fermerlarni paxta yig‘im-terimi bo‘yicha davlat belgilagan normani bajarishga majbur qildi. Butun mamlakat bo‘ylab millionlab kishilarni paxa terishga yoki hosilni yig‘ishdan pora berib ozod bo‘lishga majburladi. 2014 yilda bu tizim yanada kengaydi¸- deydi Umida Niyozova.

Hisobot nihoyasida O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi O‘zbekiston¸ qolaversa G‘arb hukumatlari va xalqaro tuzilmalarga o‘zbek paxta sanoatidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha ayrim tavsiyalarni ham taqdim etadi.

Bu tavsiyalarning bajarilishi uchun juda katta dastur va loyihalar emas¸ balki Toshkentning siyosiy irodasi kerak¸ xolos¸ deydi Umida Niyozova:

- Toshkent hukumati umuman qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ paxtachilikni isloh qilish zarur¸ degan to‘xtamga kelishi kerak. Agar shunday xulosaga kelinsa¸ bunday islohotlar uchun zarur mablag‘ni toposh qiyin bo‘lmaydi. Ishonchim komilki¸ G‘arb moliya tizimlari bunday islohotlarni qo‘llash uchun mablag‘ ajratishga tayyor¸- deydi Umida Niyozova Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG