Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:07

Qochqinlikdagi qoraqalpoq faoli yaqinlari qamoqqa olinganini iddao qilmoqda​


Qoraqalpog‘istonda qidirilayotgan shaxslar ro‘yxati.
Qoraqalpog‘istonda qidirilayotgan shaxslar ro‘yxati.

O‘zini “Qoraqalpog‘iston mustaqilligi kurashchisi”, deya taqdim qilgan sobiq mulozim Omon Sa‘dullayevning da‘vo qilishicha¸ uning besh nafar inisi qamoqqa olingan. Bu haqda 49 yashar qoraqalpoq faoli Hyuman Rayts Uotch tashkilotiga ma‘lum qilgan. O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tarafidan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgan Omon Sa‘dullayev ayni vaqtda Bishkekda yashirinib yurishga majbur ekanligini aytgan.

O‘zini “Qoraqalpog‘iston mustaqilligi kurashchisi” deb ataydigan sobiq mulozim Omon Sa‘dullayev yaqinlari qamoqqa olingani to‘g‘risida Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlovga ma‘lum qilgan.

49 yashar qoraqalpoq faoli Omon Sa‘dullayev O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tarafidan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgan. U hozirda Bishkekda yashirinib yurishga majbur ekanligini ham aytgan.

Hyuman Rayts Uotch tadqiqotchisi Stiv Sverdlov fikricha, Omon Sa‘dullayevning O‘zbekistonda qolgan qarindoshlari shu kunlarda tazyiqlar bilan yuzma-yuz qolishgan:

- Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkiloti Omon Sa‘dullayev yaqinlarining tazyiq qilinishi va Qirg‘izistonda qochqinlikda yurgan Sa‘dullayevning ham tazyiq ostida ekanligidan o‘z xavotirini bildiradi. BMT qochqinlar idorasining Bishkekdagi bo‘limiga ham bu xavotirimizni yetkazdik¸- deydi Stiv Sverdlov.

Qirg‘izistondagi “Qilim shami” inson huquqlari tashkiloti tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Omon Sa‘dullayevning oila a‘zolari¸ yaqin va uzoq qarindoshlari hamda u bilan birga ishlagan kishilardan ba‘zlari qamalgan.

Qolganlari esa, kunora so‘roqqa tortilmoqda. Ayni tashkilot ma‘lumotlariga ko‘ra¸ Sa‘dullayevning safdoshlari Obod Sayoqev va Davlatboy Mahambetov qamoqqa olingan. Shunindek Sa‘dullayevning Nukusdagi besh ukasi hibsga olingani ham iddao qilinadi.

Qoraqalpog‘istonning O‘zbekistondan ajralish huquqini konstitutsiyaga kiritgan faol Qo‘ng‘irotboy Olloniyozovning o‘tgan yili qamoqda o‘lganligi haqida Ozodlik ma‘lum qilgan edi.

Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni o‘rganayotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti faoli Nadejda Otayevaning aytishicha¸ O‘zbekiston qamoqxonalarida kamida ikkita qoraqalpoq faolining o‘lganiga oid hujjatlar bor.

Otayevaning iddaosicha¸ ulardan biri chimboylik 49 yashar matematika muallimi Abdug‘aniy Idrisov so‘roq qilinayotgan paytda xushidan ketib o‘lgan. Ozodlik hozircha bu xabarlarni tasdiqlovchi aniq rasmiy ma‘lumotga ega emas.

O‘g‘irlik ayblovi

Ozodlikning Qoraqalpog‘iston huquq-tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra¸ Omon Sa‘dullayevga nisbatan siyosiy ayblovlar ilgari surilmagan:

"Omon Sa‘dullav iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgan. U kishi Qoraqalpog‘istondagi “Agrointexnika” korxonasida rahbar bo‘lib turganda davlatning 2 milliard so‘mini o‘g‘irlab qochib ketgan"¸ deya ta‘kidlagan manba Sa‘dullayevning O‘zbekistonga yetkazgan moddiy zarari uchun respublika va xalqaro qidiruvga berilganiga doir hujjatni ham Ozodlikka taqdim qildi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Omon Sa‘dullayevga nisbatan O‘zbekistonda “Davlat mablag‘larini o‘zlashtirish” aybi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Qirg‘izistonda qochqin maqomida yashayotgan Sa‘dullayev Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu ayblovlarni tuhmat deb atagan edi.

Sa‘dullayev avvalroq uni 64 million so‘m kamomadda ayblaganlarini, qarindosh-urug‘lari bu pulni yig‘ib berganidan keyin ham Qoraqalpog‘istonda uni ta‘qib qilish davom etayotganini uzoq vaqt turli misollar bilan tushuntirgan edi.

Sobiq mulozim Sa‘dullayev o‘ziga qarshi ochilgan jinoyat ishlarini siyosiy faoliyati bilan bog‘liq ta‘qib, deb bilishini iddao qilib keladi.

Qrim anneksiyasi ortidan O‘zbekistonda paydo bo‘lgan ayirmachilik iddaolari

O‘zini Qoraqalpog‘iston mustaqilligi uchun kurashuvchi “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” deb atayotgan guruh so‘nggi oylar davomida Internetda faollashgani kuzatilmoqda. O‘zini harakat yetakchisi deb atayotgan Sa‘dullayevdan tashqari “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” guruhiga necha kishi a‘zoligi noma‘lum

O‘g‘irlikda ayblangan sobiq mulozim Sa‘dullayev Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Qoraqalpog‘iston mustaqilligi uchun kurashayotganligini ta‘kidlagan edi.

Omon Sa‘dullayev ta‘kidicha, Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibiga kirishi haqida 1993 yili 20 yilga tuzilgan shartnomasi muddati o‘tgan yili tugagan. Buning ortidan Qoraqalpog‘istonda mustaqillik talabi bilan chiqayotgan turli harakatlar faollashgan.

Rus tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda Roman Mamitov va Marip Kungradskiy taxallusi bilan chiqish qilgan ayirmachi guruh vakillari Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistondan ajratib¸ uni Rossiya tarkibiga qo‘shish rejasida ekanini ta‘kidlashgan edi.

Ayni mavzu yuzasidan Ozodlik suhbatlashgan ayrim mustaqil tahlilchilar¸ Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi bilan ketma-ket Internetda paydo bo‘lgan "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" ayirmachilari ortida¸ hokimiyat almashinuvi pallasiga kirgan O‘zbekistondagi vaziyatni manipulyatsiya qilishga urinayotgan tashqi kuchlar¸ birinchi galda esa¸ Rossiya maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi ehtimolini alohida ta‘kidladilar.

XS
SM
MD
LG