Линклар

logo-print

Tojikiston: Ismlardan "mullo", "amir", "xo‘ja" qo‘shimchalari olib tashlash taklif qilindi​


Ismlarni nazorat qilish taklifi bilan Adliya vazirligi chiqdi

Ismlarni nazorat qilish taklifi bilan Adliya vazirligi chiqdi

Tojikiston Adliya vazirligi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga “milliy madaniyatga begona bo‘lgan buyum, mahsulot, hayvon va parrandalar nomlarini qo‘yishni man qilish” taklifi bilan chiqdi.

Adliya vazirligidagi ismi oshkor bo‘lishini istamagan manbaning Ozodlikka aytishicha, mazkur qonun loyihasi hozirda mutassadi vazirliklar va davlat idoralariga yuborilgan.

Adliya vazirligi shuningdek “inson sha‘n-sharafini pastga uruvchi va odamlarni tabaqalarga bo‘luvchi” nomlarni ham taqiqlashni so‘ragan.

Vazirlik “Fuqarolar ismlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun”ga qo‘shimchalar kiritish bilan fuqarolar ismlarini tartibga kiritish niyatida ekanini bildirgan.

Adliya vazirligi taklif qilgan qonun loyihasida ta‘kidlanishicha, "shaxs nomiga “mullo”, “xalifa”, “to‘ra”, “xo‘ja”, “xoja”, “shayx”, “vali”, “oxun”, “amir”, “so‘fi” kabi taxalluslarni ilova qilish odamlar orasida nifoq solishga sabab bo‘ladi".

Adliya vazirligi taklif qilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, "go‘dak familiyasi uning otasi ismiga -zod, -zoda, yor, niyo, far, pur, duxt" qo‘shimchilarini ilova qilishdan tarkib topadi.

Qonun loyihasi, vazirlik mulozimining aytishicha, mutassadi davlat idoralari tomonidan “takomillashtirilgach”, Tojikiston prezidenti devoniga taklif qilinadi.

Tojikistonda minglab fuqarolar ashyo, mahsulot, hayvon va parrandalar ismlariga ega va yana minglab ism va familiyalarda "mullo", "to‘ra", "so‘fi" va "xoja" kabi qo‘shimchalar bor.

Bunday qo‘shimchalar shaxslarning aholining muayyan tabaqasiga mansub ekanini ko‘rsatadi.

Tojikiston aholisi o‘rtasida go‘daklarga nom berish masalasida qizg‘in bahslar bir necha yildan buyon davom etmoqda.

Tojikistonda hujjatlarini ro‘yxatga olish idoralari xodimlari bergan ma‘lumotga ko‘ra, fuqarolar o‘z farzandlariga ko‘p hollarda arabcha ism qo‘yishni afzal bilishadi.

“Fuqarolar ismlarini ro‘yxatga olishga oid qonun”ga qo‘shimchalar kiritish taklifi Tojikiston hukumati dindorlarga nisbatan qator cheklovlar kiritayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zlikka qaytish: qaysi asl yoki asr?

Tajikistan - names project

Tajikistan - names project

O‘tgan oy xotin-qizlar bayrami arafasida Dushanbeda bir guruh faol ayollar bilan uchrashgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ayollar orasida “ajnabiy” liboslarga mayl ortib borayotganidan tashvish bildirdi.

"Xalqimiz hech qachon qora libos kiymagan. An‘anamizda ham qora libos kiyish ravo emas. O‘zingiz yaxshi bilasizki, hatto xalqimizning motam libosi ham qora emas. Ammo, ba‘zi tojik xotin-qizlari qora libos kiyishadi. Bunday tarzda kiyim kiyish tarix va mohiyatini ham bilishmaydi va hatto bilishni ham istashmaydi",– dedi Imomali Rahmon.

Uning ishonishicha, "ba‘zilar o‘z aqidalarini tablig‘ etish maqsadida bu turdagi liboslarni ayollar orasida tarqatib, mamlakatda yangi ifrotiy jarayonni joriy etishni istashadi."

Ayni majlisda Imomali Rahmon Ichki ishlar vazirligiga ayollar libosini tartibga solishga topshiriq berdi. Buning ortidan Tojikiston o‘rta va oliy ta‘lim dargohlarida hijob o‘ragan xotin-qizlarni o‘qishdan chetlatish, soqol qo‘ygan yosh erkaklarning soqollarini majburlab oldirish hollari ko‘paydi.

Mamlakat shaharlarida islomiy libos sotgan do‘kondorlar yirik jarimalarga tortildi.

O‘tgan yil ichida mamlakat bo‘ylab o‘nlab masjidlar yopildi. Mamlakatda 18 yoshga to‘lmaganlarning majsidga, 35 yoshga to‘lmaganlarning hajga borishi rasman taqiqlangan.

Shu bilan birga so‘nggi oy ichida Tojikistondagi hukumatparast diniy peshvolar va siyosatchilar orasida mamlakatdagi yagona islomiy partiya faoliyatini taqiqlashga qaratilgan chaqiriqlar kuchaygan.

Kuzatuvchilar ayollar libosi, erkaklar soqoli, masjid va hajga boruvchilar yoshi ustidan nazorat kuchayishini so‘nggi yillarda Tojikistonda dindorlarga o‘tkazilayotgan tazyiqning davomi sifatida ko‘rishmoqda.

Ularning ishonishicha, rasmiy Dushanbe diniy ekstremizmga qarshi kurashish bahonasida Imomali Rahmon siyosatiga muxolifatda bo‘lgan tashkilot va shaxslar ovozini o‘chirishga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG