Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:15

Prokuratura: Farg‘onada qamalgan mulozimlar Internetda ekstremizmni targ‘ib qilgan​


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘tgan hafta Farg‘onada qamalgan 12 dindor mamlakat hududida taqiqlangan diniy tashkilot tuzish, audio-video materiallar tarqatish bilan birga odamlar orasida va Internetda radikal g‘oyalarning faol targ‘iboti bilan shug‘ullangani haqida bayonot tarqatdi. Ozodlik manbalari bu guruh tarkibida Quvasoy shahar hokimi muovini, bosh kassir va revizor borligini xabar qilmoqda.

RIA-Novosti agentligining O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi manbasiga tayanib, xabar qilishicha, 6 aprel kuni Farg‘ona viloyat Jinoyat ishlari sudida ustidan hukm chiqarilgan 13 dindordan 12 nafari radikal va terrorchilik g‘oyalarining targ‘iboti bilan shug‘ullangan, deb topilgan.

"Tergov jarayonida bu shaxslarning ekstremistik adabiyotlar, audio-video materiallarni O‘zbekiston hududida tarqatgani aniqlangan. Prokuratura mulozimi Qur‘on mazmunini yaxshi tushunish uchun Qur‘onni o‘qish va arab tilini o‘rganish bilan birga bu 12 shaxs targ‘ibot yuritish hamda ijtimoiy tarmoqlar va boshqa Internet manbalarida g‘oyaviy faoliyat yuritish bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tganini ma‘lum qildi", deb yozdi RIA-Novosti agentligi.

Ayni paytda agentlik manbasi mashg‘ulotlar kim tomonidan va qayerda o‘tilgani, "mashg‘ulotlar" deyilarkan, konkret nima nazarda tutilayotgani haqida ma‘lumot bermagan.

Kuni kecha Ozodlikning Farg‘ona vodiysidagi bir manbasi ham rus matbuotida xabari berilgan 12 farg‘onalik sudlanuvchi orasida Quvasoy shahar hokimining sobiq muovini, Oltiariq tumani bosh g‘aznachisi va viloyat Moliya boshqarmasining Nazorat-reviziya bo‘limi mulozimi borligini iddao qildi:

"Marg‘ilon shahridan, Quvasoy shahar hokim o‘rinbosari Nodir ismli yigit, 1981 – yili tug‘ilgan – 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Oltiariq tuman G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i Mirzaolim, 1979 – yili tug‘ilgan – 6 yil. Viloyat Taftish Nazorat Boshqarmasi (KRU) nazoratchi taftishchi (revizor) Azizbek, 1983 – yili tug‘ilgan – 6 yil", deb yozdi Ozodlik manbasi.

O‘tgan hafta bu xabarga qo‘shimcha qilgan yana bir manba ham qamalganlar orasida viloyatdagi tuman hokimliklari mulozimlari borligini iddao qilgan edi:

"Ayblov xulosasi bilan tanishganim uchun aytyapman, yuqorida bergan malumotlaring, maqolalaring 100% tugri. Faqat nomlarini, muddatini, oliy ma‘lumotli insonlar borligini qushib qo‘ysalaring yaxshi bular edi - Ergashev A. KRU xodimi, 6 yil; - Haydarov M. Moliyada g‘aznachi, 6 yil; - Yana biri Quvasoy xokimligida ishlar ekan, ismini eslay olmadim, 3 yil; - Hokimning shofyori, unga xam shtraf", deb yozgan edi Ozodlik manbasi.

Bugunga kelib rasman tasdiqlangan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu jinoiy guruh tarkibida sudlangan Umarqulova Z. ismli 40 yashar ayolga 6 yillik qamoq jazosi berilgan.

Bu sudlovga oid ma‘lumotlarni surishtirgan farg‘onalik inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev ham jinoiy guruh tarkibida qamalgan mulozimlar borligidan xabar topgani va sudlanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni tan olgani haqida ma‘lumot olganini aytadi:

"Sudlanuvchilarga "Hizb ut-Tahrir" diniy oqimiga a‘zolik aybi qo‘yilgan va suddagi bir manbaning aytishicha, mahkamada ular aybni bo‘yniga olishgan", deydi huquq faoli.

Farg‘onadagi mahalliy hokimiyat idoralardan biri mulozimining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, hozir viloyat prokuraturasida yana 30ga yaqin shaxs ustidan tergov ishlari davom etmoqda:

"Ular turli tumanlardan, ular ham, asosan, 18-30 yoshgacha bo‘lgan yigitlar. "Hizb ut-Tahrir" partiyasiga a‘zolikda gumon qilinib, tergov qilinayapti. Ular orasida ham normalniy tashkilotlarda ishlagan yigitlar bor", dedi manba Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni jinoiy ish haqida Ozodlikka xabar yo‘llagan oltiariqlik manbaning aytishicha, sudlanuvchilar va ayni paytda tergovi davom etayotgan farg‘onalik dindorlarni huquq-tartibot idoralarining qora niqobli guruhi 2014 yilning avgust oyida qo‘lga olgan:

"Xamma xonadonni kora kiyim kiygan yuzi maskali askarlar bosishgan. Xar bir oiladan 2 yoki 3 kishini kamokka olishgan, jami 30 tacha insonni kamokka olishgandi. Uylarni tintuv kilinganda ularda yuk bulgan disklarni tashlab, xar bir xonadondan 2 yoki 3 kishidan olingani sababi keyin ma‘lum buldi - xar bir xonadonni bittadan vakiliga yuk aybni buyniga olish sharti bilan kolgan oila a‘zolarni ozod etishni taklif kilishgan. Maxbuslar majbur rozi bulishgan, rozi bulmaganlarni kattik inson zoti kutaralmaydigan azoblar bilan kiynashgan. Bu azob turlariga dubinka bilan oyok ostiga urish, kechalari uyki bermaslik, elektr toki ulangan stolda azoblash kabilar. Ba‘zi xonadonlardan er - xotin olib ketilgan, erga aybni buyniga olmasa xotinini nomusiga tegish bilan taxdid kilishgan", deb iddao qildi farg‘onalik manba (matn tahrirsiz berilmoqda-tahr.).

Shuningdek, bu manba hibsga olingan va qamalganlarning ko‘pchiligi xorijga ketgach, ortidan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari diniy motivlardagi jinoyatlarda ayblab, qidiruv e‘lon qilgan shaxslarning oila-a‘zolari ekanini aytmoqda.

Mahkamaga tortilganlarning aksariyati viloyatning Oltiariq tumani Poloson qishlog‘ida yashovchi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ekanini Bosh prokuratura mulozimi ham tasdiqladi.

Farg‘onalik manbalar mahalliy hokimiyatning yuqori martabali mulozimlari, xususan, tuman hokimi o‘rinbosari yoki bosh g‘aznachisi lavozimidagi amaldorlarning diniy-siyosiy motivdagi jinoyatda ayblanib, qamalganiga deyarli ilk bor guvoh bo‘layotganini qayd etmoqda.

Shuningdek, huquq faollari Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlar sudida qariyb 2 oy davom etgan bu mahkamani so‘nggi yillar ichida viloyatda kuzatilgan diniy-siyosiy motivlarga bog‘liq yirik mahkamalardan biri deb baholamoqdalar.

XS
SM
MD
LG