Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:13

Rossiyada muhojir farzandlari maktabdan quvildi​


Rossiya amaldorlari muhojir farzandi mahalliylar bilan teng huquqli emasligini gapirmoqda.
Rossiya amaldorlari muhojir farzandi mahalliylar bilan teng huquqli emasligini gapirmoqda.

Rossiyaning Tver shahridagi maktablardan birida ikki nafar o‘zbek muhojiri farzandi o‘quvchilar safidan chiqarib yuborildi. Maktab ma‘muriyati “olib borilgan monitoring natijasida” xorijlik Umar va Nusratulloh Rossiyada noqonuniy yashab kelayotgani aniqlanganini gapirmoqda.

Qurbonov-Urmonjonovlar oilasini o‘z himoyasiga olgan “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti mutaxassislari o‘quv muassasasi xodimlari Rossiya Konstitutsiyasi va Bolalar huquqlari bo‘iycha Konventsiyani qo‘pol tarzda buzayotganiga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqda.

Maktabdan haydalgan bolalarning otasi Nurbek Qurbonov mahalliy FMS idorasi qarshiligi tufayli oilasi shu ahvolga tushganini Ozodlikka gapirib berdi.

Bolalar “registratsiyasi” yo‘qligi sababli maktabdan quvildi

Tver shahri Zavoljskiy tumanidagi 34-o‘rta maktabda o‘qiyotgan 10 - sinf o‘quvchisi Umar va 8 - sinf o‘quvchisi Nusratulloh O‘rmonjonovlar mazkur maktab direktori buyrug‘i bilan o‘quvchilar safidan chiqarib yuborildi.

Bu oila taqdiriga e‘tibor qaratgan Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi rahbari Svetlana Gannushkina o‘zining Feysbukdagi sahifasida o‘zi boshqarayotgan tashkilot nomidan yuborilgan so‘rovnomaga maktab direktori Vera Pankova javob yozganini ma‘lum qildi. Xatda maktab direktori bolalarning maktabdan chiqarib yuborilganini “ularning Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy yashayotgani” bilan izohlaganini ko‘rish mumkin.

34-maktab direktori Vera Pankovaning javob xati
34-maktab direktori Vera Pankovaning javob xati

12.01.2015 yilda o‘tkazilgan bolalar monitoringi natijasida, bu bolalarning shaxsiy ishida Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy yashashga ruxsatnomasi muddati to‘g‘risida ma‘lumot yo‘qligi aniqlandi. 2015 yilning fevralida maktabga chaqirtirilgan bolalarning otasi ularning Rossiya hududida qonuniy yashashga ruxsatnomasini ko‘rsata olmadi. O‘zbekiston respublikasi fuqarolari bo‘lgan Urmonjonov Umar va Nusratulloh vaqtinchalik yashashga ruxsatnomasi muhlati tugagani va ota-onasi bu hujjatni ko‘rsatishdan bosh tortgani uchun 34-sonli o‘rta maktab o‘quvchilari safidan Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy yashayotganlar sifatida chetlatildi”, deyiladi Pankova imzosi qo‘yilgan xatda.

Ma‘muriyatning bu qarori yuzasidan Ozodlik savollariga javob bergan 34-maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor muovini Aleksey Maksimov maktab shunchaki “mahalliy FMS boshqarmasi buyrug‘i” va “migratsiya qonunchiligi qoidalari”ni ijro etayotganini tushuntirishga urindi.

- Haqiqatan, ular Rossiya Federatsiyasida noqonuniy yashab kelayotgani bois ota-onasi zaruriy hujjatlarni ko‘rsatmaguncha o‘quvchilar safidan chiqarildi. Migratsiya qonunlarimizga muvofiq, ota-ona bolalarini qonuniy yashashini rasmiylashtirishi zarur. Ta‘lim muassasasi hududimizda noqonuniy yashab kelayotganlarga ta‘lim xizmatlarini bera olmaydi. Bolalar onasi bilan Rossiyaga kirib kelgan: otada “vid na jitelstvo”si bo‘lgani bilan, onaning hujjatlari joyida emas. Ma‘muriy Kodeksga muvofiq, ta‘lim muassasasi noqonuniy yashayotgan xorijliklarga xizmat ko‘rsata olmaydi. Maktabamizda qonunbuzarlik uchun har bir nolegal uchun to‘lashga ortiqcha 500 ming rubldan pul yo‘q, - deydi hujjati yo‘q bolalar ta‘lim ololmasligini bildirgan bu o‘qituvchi.

Biroq, “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti yuristlari bolalar ota-ona uchun javobgar emasligi va maktab ma‘muriyatining bu hatti-harakati Rossiya Asosiy Qonuni va xalqaro qonunchilikka zid ekanini bildirmoqda.

Maktab direktori Vera Pankovadan bolalarni qayta tiklashga rad javobini olgan tashkilot mutaxassislari yordamida andijonlik Nurbek Qurbonov Zavoljskiy tuman sudiga bolalarning noqonuniy maktabdan haydalishi ustidan shikoyat qildi. Biroq, sud “hujjatlar yetarli emasligi” vaji bilan shikoyatni qabul qilmadi va yozma rad javobini qo‘lga bermasdan “faqat pochta orqali jo‘natishi”ni bildirgani ma‘lum bo‘ldi.

“Fuqaroviy ko‘mak” tarmog‘i rahbari Svetlana Gannushkina Ozodlikka Tver maktabi ma‘muriyati nafaqat davlat qonunlari, balki insoniylik qonunlariga xilof ish tutayotganini gapirdi.

- Bu yerda Rossiya Konstitutsiyasining 43 - moddasi buzilyapti. Unda aniq-tiniq “Har bir shaxs boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta-maxsus ta‘lim olishga haqli” deyilgan. “HAR BIR” degani “millati va fuqaroligidan qat‘iy nazar har qanday shaxs” deganidir! Bu holat esa Bolalar huquqlari Konventsiyasi va Rossiyaning ta‘lim to‘g‘risidagi qonunning qo‘pol buzilishidir. Huquq va oddiy insoniylikni chetga surib qo‘yib gapiradigan bo‘lsak, davlatga bolalarning ishsiz, kriminalga qo‘shilib, ko‘chada sang‘ib yurishi foyda keltirmaydi. Qaydga turmagani uchun ota-onani jazolash mumkin - bolalarni jazolab bo‘lmaydi! Qolaversa, registratsiya tekshirish - bu direktorning ishi emas. U o‘qitishi kerak, -dedi bu hodisani eshitganidan g‘azablanganini gapirgan huqushunos Svetlana Gannushkina.

Светлана Ганнушкина билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:08 0:00
Бевосита линк

Svetlana Alekseyevna bunday vaziyat yuzaga kelsa maktab ma‘muriyati FMSning noqonuniy talablarini bajarmasdan, idora rahbariyati va Ta‘lim vazirligiga murojaat qilishi va bolalar huquqlarini himoya qilishlari kerakligini o‘qtirdi.

“Fuqaroviy ko‘mak” rahbari so‘nggi yillarda Rossiya Ta‘lim vazirligi va boshqa idoralar amaldorlarining muhojirlar farzandlariga qarshi chiqarayotgan qaror-qoidalari bilan tez-tez to‘nash kelayotganini qo‘shimcha qildi.

“Men Rossiyadan juda xafaman!”

Tver maktabidan quvilgan 17 yoshli Umar va 15 yoshli Nusratulloh Umarjonovlarning otasi Nurbek Qurbonov asli Andijon shahridan. 48 yoshli bu muhojir ikkita o‘g‘li va rafiqasini 2005 yilda Andijon voqealaridan keyin olib chiqib kelgan.

Rossiyadagi oxirgi 10 yildagi qiynchiliklari va darbadarligi to‘g‘risida Ozodlikka gapirar ekan, suhbatdosh bunday vaziyatga tushishida Rossiya Federal migratsiya xizmati xodimlarini aybladi.

“Rossiyaga kelganimda ikkita bolam Mitishchi shahrida maktabga bordi, keyin u yerdagi millatchilik tufayli Tver shahriga oilam bilan ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldim”, deya davom etadi Nurbek Qurbonov.

- Bu yerga kelganimda allaqachon uchta farzandim bor edi. RVP olganimdan keyin yana bitta farzand ko‘rdim. UFMS "bu bolaga ham RVP qilasan", deb meni juda qiynadi. Ularni RVPsini qildirish uchun men yana O‘zbekistonga registratsiya qilib, qaytib kelishim kerak ekan. Yo‘l kirani hisoblang - aytganidek qildim. Qonuniy bo‘lsin deb bor pulimni ishlatdim. Oltita oila a‘zosiga men bir o‘zim qop-qop hujjat tayyorlayman. Endi “xotining 50 ming rubl daromad olishi to‘g‘risida hujjat olib kel”, deyapti. UFMS nachalnigi menga “Men sen bilan qo‘shni bo‘lishga chaqirganim yo‘q!”, deb ochiqchasiga gapirdi,- deydi Nurbek.

Qurbonovning fikricha, FMS nima maqsadda bo‘lsa ham Rossiyada registratsiya muddati o‘tib ketgan ayoli va bolalarini chegaradan chiqarishga harakat qilayotganini aytadi.

- Birinchi sinfdan 10 yil ruschasiga o‘qigan bollarimni maktabdan chiqarvordi. 3 oy qolganda o‘qitisholmadi... Agar bola-chaqam chegaradan chiqsa – ularga deport bosib beradi: meni bollarimdan ayrishmoqchi. Men xafaman – bu davlat meni xor qildi! Ular bizni ishontirib, o‘zini tilida o‘qitib, endi “Bor, yo‘qol!”, deyapti. O‘zbekistonda uyim bo‘lmasa, 50 yoshga kirib tamom bo‘ldim – sog‘ligim ham yaxshi emas. Men butun umr halol mehnat bilan kun kechirgan odamman,- deydi kimga dodini aytishni bilmasligini gapirgan andijonlik muhojir.

Ozodlik Tverdagi o‘zbek oilasi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishni davom etadi.

XS
SM
MD
LG