Линклар

logo-print

Ilgari birov qog‘ozbozlikni qoralasa, parvoyimga keltirmasdim. Tanasi boshqa dard bilmaydi deganlari shudir-da.

Yaqinda uy oldi-cotdisi vajidan olamjahon hujjat yig‘ishga to‘g‘ri keldiyu qog‘ozbozlik qon-qonimizga singib ketgan odat ekaniga iqror bo‘ldim. Kaftdekkina uyni sotish uchun jild-jild hujjat yig‘ishga to‘g‘ri kelsa-ya!..

Shu voqeadan keyin qog‘oz desa bir tosh nari qochadigan bo‘ldim. Qog‘ozboz degan so‘z esa xuddi qimorboz, xotinboz, lo‘ttiboz kabi quloqqa xunuk eshitiladi deng.

Byurokratiyaning go‘riga g‘isht qalab yurgan paytlarim Bojxona qo‘mitasi tarqatgan bir ma‘lumotga ko‘zim tushib qoldi. Ma‘lumotni o‘qib, “E bo‘larkan-ku!” deb yuborganim, tanga topgan gadoydek xursand bo‘lganimni aytmay qo‘yaqolay.

Xullasi kalom, 2014 yilda bojxona deklaratsiyani to‘ldirishda qog‘oz bahridan o‘tilib, elektron tizim joriy etilishi natijasida 1,2 milliard so‘m yoki 60 tonna qog‘oz tejalibdi.

60 tonna hazilakam raqam emas. Qaysidir bir kitobda o‘qigandim, bir tonna qog‘ozni tejash 17 ta daraxt, 26 ming litr suv, 4000 kilovatt elektr, yana-tag‘in allanimalarni iqtisod qilish imkonini berarkan.

Davlat idoralariga shikoyat qo‘ltiqlab necha ming arzgo‘y bo‘zchining mokisidek qatnaydi. Agar fuqarolarning bir kunlik, ha, bir kunlikkina arznomalari jamlansa, Tolstoy boboning to‘qson jildligidan ham zalvorliroq xirmon hosil bo‘lsa kerak.

Yashirib nima qildik, qog‘ozga muhabbatimiz har qadamda ko‘rinadi.

Soliq idorasiga paydar-pay berilayotgan dasta-dasta hisobotlar...

Statistikaga peshma-pesh yetkazilayotgan quchoq-quchoq qog‘ozlar...

Arxiv omboriga topshirilayotgan qop-qop bitiklar...

Pensiyaga deya yig‘ilayotgan bo‘y baravar hujjatlar...

Bilmadim, nega qog‘ozga ishqimiz bunchalar baland ekan! Ancha-muncha ishni kompyuterda bitkazish imkoni bo‘lgani holda, qog‘ozni ovora qilamiz.

O‘rta va oliy ta‘lim tizimida ham deyarli barcha nazorat ishlari qog‘ozda olinadi. Agar O‘zbekistondagi o‘n mingga yaqin maktab, yuzlab oliy o‘quv yurti elektron imtihon tizimiga o‘tsa bormi, qancha o‘rmonlar saqlab qolingan, yana qancha mablag‘ tejalgan bo‘lardi.

Siz nima deysiz, qog‘ozbozlikdan qutulishimizga umid bormi?

Toshkentlik mushtariy

XS
SM
MD
LG