Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:50

Toshkent bozorlarida jamoat namoziga chiqqanlar ro‘yxatga olinmoqda​


Toshkent Chorsu bozori.
Toshkent Chorsu bozori.

Toshkentning “Abu Saxiy”, “O‘rikzor”, “Bek Baraka” va “Chorsu” kabi yirik bozorlarda juma namoziga chiqqanlar ro‘yxatga olinmoqda. Faollar juma kuni birgina Toshkentning eski shahar qismidagi jomelarga 20 mingga yaqin odam yig‘ilishi, namozxonlarning ko‘pchiligi bozor xizmatchilari va do‘kondorlar ekanini aytmoqda.

Poytaxt bozorlaridan birida savdo qiluvchi do‘kondorning ismini oshkor etmaslik sharti bilan Ozodlikka xabar qilishicha, nazoratchilar guruhi juma namozi paytida bozorlarni oralamoqda va asosiy e‘tiborni peshin vaqtida “yopilgan do‘konlarga qaratmoqda”.

O‘tgan juma kuni yopiq do‘konlar sanaldi va raqamlari yozilib, ro‘yxat sifatida xavfsizlik idoralariga topshirildi!” – deya bildirdi u.

Ro‘yxatga olish tadbiri mart oyining ilk kunlarida boshlangan.

Toshkent markaziy bozorlaridan birida ishlovchi militsiya zobiti Ozodlik bilan suhbatda mazkur xabarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, “bunday tadbirlar profilaktika tarzida vaqti-vaqti bilan o‘tkazilib turadi”.

Militsiya zobiti bu nazorat sababini "so‘nggi paytlarda bozorlarda mayda o‘g‘irlik kabi-kichik jinoyatlar ortgan”i bilan izohladi.

“Masjidlardan xavfsirash kuchli”

Toshkentning Chorsu bozorida savdo qiluvchi huquqbon Jahongir Shosalimovning bildirishicha, ro‘yxatga olish tadbiri, ayniqsa, prezidentlik saylovidan keyin kuchaytirilgan.

- Buni o‘z ko‘zim bilan shohidi bo‘lib turibman. Ayniqsa, prezident saylovi muammolarni hal qilmasdan o‘tdi-ketdi. Dindorlar masalasi, yo‘qchilik, ilojsizlik, narx-navolarning keskin o‘sishi, o‘zbek so‘mining olti oy ichida deyarli 40 foizga qadrsizlanishi muammolari o‘tdi-ketdi. Shuning uchun hukumat odamlar to‘planadigan joylardan qo‘rqadi, – deydi Jahongir Shosalimov.

Uning aytishicha, juma kunlari birgina Toshkentning eski shahar qismida jome‘ masjidlariga 20 mingga yaqin odam yig‘iladi.

Ushbu masjidlarga boruvchilarning ko‘pchiligi bozor xizmatchilari va do‘kondorlaridir, deydi huquqbon.

- Bu shunaqangi kuchki, ular bir joyga jamlansa..., bundan maxsus xizmatlar juda ham qo‘rqishadi. Odamlar eng ko‘p to‘planadigan joy masjidlar bo‘lgani uchun ularga e‘tibor, ulardan xavfsirash kuchli. Masjidda isyonlarning boshlanib ketishidan juda ham qo‘rqishadi, – deya ilova qiladi Jahongir Shosalimov.

Xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari O‘zbekistonda diniy erkinlik juda cheklangan, ko‘p minglab diniy mahbuslar qamoqlarda aybsiz holatda yotganini ta‘kidlashadi.

Din va e‘tiqodni hukumat qattiq nazorat qilishi aytiladi.

AQSh Davlat Departamenti O‘zbekistonni 2006 yildan buyon diniy erkinliklar borasida “alohida xavotirga molik” davlatlar sirasiga kiritib keladi.

Davlat departamenti O‘zbekistonni “diniy erkinliklar va inson huquqlari eng ko‘p toptaladigan” davlatlardan biri sifatida biladi.

O‘zbekiston qonunchiligida jamoat joylarida ibodat libosida paydo bo‘lish, yoshi keksa bo‘lmaganlarga soqol qo‘yish, masjidlarda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish hamda 18 yoshga to‘lmagan yoshlarning masjidga borishi taqiqlangan.

XS
SM
MD
LG