Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:07

Andijonda buziladigan uyi o‘rniga yer berilmaganlar ko‘chishga zo‘rlanmoqda​


Andijon shahrining 3-mikrorayonida buziladigan yoki qisman buzilgan uylarida yashayotgan shaharliklar ko‘chishga majburlanayotganidan shikoyat bo‘ldi. Andijondagi manbalarga ko‘ra, viloyat hokimi tuman mutasaddilaridan bu hududdan o‘tadigan magistral yo‘l qurilishini tezlashtirishni talab qilmoqda.

Ozodlikka Andijon shahridan maktub yo‘llagan manba kuni kecha 3-mikrorayonda joylashgan 11-maktab binosida viloyat hokimi yig‘ilish o‘tkazgani va mutasaddilardan bu rayonda davom etayotgan yo‘l qurilishiga to‘siq bo‘layotgan xonadonlarni tezroq buzishni talab qilgani haqida yozdi.

Quyida uning maktubidan tahrirsiz keltirilgan parchani o‘qishingiz mumkin:

"Andijon shaxridagi 11-maktabda viloyat xokimi majlis utkazdi. Unga kura shu xududda kurilayotgan 80 metrli yul kurilishini tezlatish masalalari buldi. Uyi yulga tushib va ularni ayrimlagi xaligacha ularga pul berilmagan utgan yili buzilgan uy egalarini 5 kun ichida kolgan uyini xam buzib chikib ketishini aytdi. Majlisga axolini kiritmadi kamida 300 ta katnashgan majlisda naxotki axoli uchun joy bulmasa.... Xozir bu axoli kayokka boradi xali ularni kupiga xali uy kurish uchun yer xam bergani yuk", deb iddao qildi maktub yo‘llagan manba.

U majlis bo‘layotgan kezda maktab hovlisidan olingan suratni maktubiga ilova qildi va "majlis maktab oldida turgan navesda buldi" deb qo‘shimcha qildi.

Ozodlik muxbiri nomi tilga olingan maktab va Andijon shahar hamda viloyat hokimliklaridan bu shikoyat haqida hozircha rasmiy munosabat olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ammo, shaharning bu qismida yashaydigan ayrim tinglovchilar tahririyatga yo‘llangan shikoyatda tilga olingan muammoli vaziyat mavjudligini tasdiqladi.

Xususan, yaqinlari 15tacha xonadon buzilgan Sharxon ko‘chasida istiqomat qiladigan bir manbaning mikrofonsiz suhbatda aytishicha, buzilgan uyi o‘rniga na yer, na pul berilgan beshga yaqin oiladan xabari bor:

"Shu Sharxon ko‘chasida yashashyapti haliyam. Bir-ikkitasining uyini yarmi buzilgan, yarmida yashashyapti. Yana ikkitamikin-uchtamikin oilaga pul berilganu, lekin yer berilmagan hali. Hozir shular yurishibdiykan, deb eshitdim men ham", dedi andijonlik tinglovchi.

Uning aytishicha, bu mahallada buzilgan 10 ga yaqin xonadon egasi uyi o‘rniga berilgan pul va yerga rozi bo‘lgan:

"Shahar markazidan emas, sal chekkarog‘dan yer berishdi - kamida 4 sotixdan. 8-10 million so‘mdan pul berishdi. Buzilgan uylarining yog‘ochlari, boshqa stroy materiallarini qo‘shib, kimdir 1 xonali, kimdir 2-3 xonali uy solib, yashashyapti endi. Har xolda, rozi bo‘lishgandirki, shunchalik uy qurishgandir endi", deydi andijonlik tinglovchi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Shaharda yashaydigan yana bir tinglovchi esa 3-mikrorayon hududidan o‘tayotgan eni 80 metrlik magistral yo‘l qurilishi anchadan buyon davom etayotgani va shaharliklar orasida hali yana anchagina uy buzilishi haqida xavotir borligidan gap ochdi:

"Hali yana ancha uy buziladi, degan gap bor opa. Endi uyi buzilayotganlarga pul berib, rozi qilishayapti. Unaqa kimdir norozi bo‘lib, ko‘chada qolibdi, deb eshitmadim men opa. Davlat unaqa odamlarni ko‘chada qo‘ymaydi-ey", deb ishonch bildirdi andijonlik tinglovchi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, 2015 yilda viloyatda "Andijon-Poytug‘-Xalqobod" yo‘nalishidagi magistral yo‘lning bir qismini ta‘mirlash, bir qismini yangidan qurish rejalashtirilgan. "Turkiston-press" milliy agentligi bergan xabarga ko‘ra, bu yo‘lning 2 kilometri respublika miqyosidagi, qolgani "Moygir-Siza" yo‘nalishiga tutashuvchi viloyat miqyosidagi ichki yo‘ldir.

XS
SM
MD
LG