Линклар

AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning bir necha oydan beri davom etayotgan havo hujumlari hamda Iroq armiyasi amaliyotlari natijasida “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi 17 ming kv. km. hududni qo‘ldan boy bergani aytilmoqda. 13 aprel kuni Pentagon polkovnigi Stiv Uorren Iroqda bu terror guruh egallagan yerlar chegarasi janub va g‘arb tomon torayganini aytdi.

Uorrenga ko‘ra, Iroq xavfsizlik kuchlari hamda koalitsiya hujumlari “Islomiy davlat” jangarilariga “shubhasiz zarar yetkazgan” va guruh endilikda “asta-asta chekinmoqda”.

Shunday bo‘lsa-da, jangarilar hali ham Sinjar shahrining g‘arbiy hamda janubiy qismidan Mosul shahrigacha bo‘lgan katta hududni egallab turibdi. Mosul shahri yaqinidagi eng yirik Bayji neftni qayta ishlash zavodi uchun kurash bo‘lsa xamon davom etyapti.

Pentagon polkovnigi Stiv Uorrenning aytishicha, Suriyada “Islomiy davlat” jangarilari o‘z pozitsiyalarini saqlab qolmoqda. Guruh yaqinda Turkiya chegarasiga yaqin bo‘lgan Kobani shahri atrofidagi yerlarni qo‘ldan boy berdi, ammo Homs hamda Damashq shaharlari yaqinida yangi yerlarni zabt etdi.

13 aprel kuni Iroq xavfsizlik kuchlari Anbar violoyatida joylashgan hududni “Islomiy davlat” guruhidan ozod qilish uchun amaliyot boshladi. Jangda kamida 13 jangari halok bo‘lgani haqida xabar berildi. Ramadi shahrining janubiy qismida ashaddiy janglar bo‘lib o‘tgani, xavfsizlik kuchlari uch jangarini o‘ldirgani aytildi.

Shaharning g‘arbiy qismida Iroq armiyasi jangarilar hujumini qaytardi. To‘qnashuvda kamida 11 jangari halok bo‘ldi. O‘tgan haftada Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abodiy Anbarni jangarilardan olish uchun amaliyot boshlanishini aytgan edi.

Asosan, sunniylar yashaydigan viloyatning katta qismi “Islomiy Davlat” qo‘liga o‘tgan. Shu oy boshida Iroq kuchlari Bag‘doddan 140 km masofada joylashgan Tikrit shahrini jangarilardan ozod qilgan edi.

XS
SM
MD
LG