Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:39

SMS xabar: Kreml Navalniyning "hollivudnamo" suratini suymadi​


Yaqinda Rossiya matbuotida tarqalgan SMS yozishmalaridan Kreml, hatto, kichik xabarlarga qo‘yilayotgan suratlarni ham nazorat qilayotgani ma‘lum bo‘ldi. Aksilhukumat “Shaltay-boltay” bloggerlar guruhi e‘lon qilgan yozishmalarda Kreml rasmiysining davlat axborot agentligi rahbaridan Navalniy surati bo‘yicha e‘tiroz bildirgani iddao qilingan.

“Shaltay-boltay” blog-postchilar guruhi rus rasmiylarining elektron muloqotlarini ommaga sizdirishi bilan nom chiqargan. Bu gal ushbu guruh e‘lon qilgan yozishmalarda 16 aprel kuni hukumatga qarashli TASS agentligi yetakchisi Sergey Mixaylov Kremlning Timur Prokopenko ismli rasmiysidan SMS xabar olgani iddao qilinmoqda.

SMS xabarda o‘sha kuni TASS agentligi chop etgan muxolifatchi Aleksey Navalniy rafiqasi bilan kulib tushgan surat haqida so‘z yuritilgani aytilmoqda. Prokopenko fotosurat “Gollivud va muvaffaqiyat”ni eslatadi, deb yozgan. “Sayt nega bunday qilyapti?” deb qo‘shimcha qilgan Prokopenko. Olti daqiqadan keyin Mixaylov “Tuzatamiz. Rahmat”, deb javob bergan.

Sobiq TASS muxbiri hamda kremlparast faol Prokopenko 2012 yilda Kremlning Ichki siyosat bo‘limi boshchisi o‘rinbosari etib tayinlangan.

“Shaltay-baltay” guruhi e‘lon qilgan SMS xatlarning haqiqiyligini hozircha aniqlab bo‘lmadi. 31 mart kuni guruh Prokopenko telefonidan olingani iddao qilingan 40 mingga yaqin SMS xatni tarqatdi.

Prokopenko bilan Mixaylov yozishmasidan bir necha soat avval TASS agentligi saytida Navalniy 2013 yilgi saylovlarda rafiqasiga tegishli mulkni yashirgani, buning esa saylov qonunlariga zid ekani iddao qilingan maqola chop etilgan edi.

O‘sha xabarga Yandex qidiruv tizimidan olingan er-xotin Navalьniylarning kulib tushgan fotosurati ilova qilingan edi. Bu surat 2013 yil Navalniyga qo‘yilgan poraxo‘rlik ayblovlari ko‘rilgan mahkama tugaganidan so‘ng olingan.

TASS agentligi qisqa muddatdan so‘ng bu xabarni olib, o‘rniga Navalniyning jiddiy qiyofasi aks etgan suratni qo‘ygan. Suratda Navalniy, go‘yoki, chuqurlikka botayotgandek zinalardan pastlarkan, yuqoriga qarayotgan holda aks etgan.

Ammo TASS xabari chop etilganidan ko‘p etmay bu maqola Lenizdat.ru nashrida ham berildi. Lenizdat.ru ham Navalniylarning kulib turgan suratini ishlatdi.

Mixaylov bilan Prokopenkoning suhbati haqida Navalniy o‘z blogida sharh qoldirdi: “Aftidan, [prezident administratsiyasi rasmiylari] vaqtining 5 foizini yovuzlik va soxtalashtirishlarga, qolgan 95 foizini bo‘lsa har qanaqa, kechirasizu, axlatga sarflar ekanlar”, deb yozdi Navalniy.

Mixaylov ham, Prokopenko ham bu iddaolarga munosabat bildirmadi. TASS agentligi esa masala yuzasidan yuborgan elektron xatimizga javob bermadi.

38 yoshli Navalniy ikki moliyaviy jinoyatda aybdor topilib, hozir shartli jazoni o‘tamoqda. Navalniy va uning tarafdorlari unga qarshi chiqarilgan sud hukmini siyosiy motivga ega, deb keladilar.

Navalniy Putin atrofidagi amaldorlar qo‘l urgan korruptsiyani o‘rganishga qaratilgan loyihalarga boshchilik qilib keladi. 2011-2012 yillardagi aksilhukumat namoyishlardan keyin Navalniy Rossiya muxolifatining eng mashhur yetakchisiga aylandi.

Navalniyning rafiqasi va farzandlari uning siyosiy karьerasida muhim rol o‘ynab keladi. Muxolifatchi Navalьniy ommaviy chiqishlariga oila-a‘zolarini muntazam ravishda olib boradi.

2013 yil ayoli bilan ajrashgan Putin esa ikki qizini matbuot nazaridan zo‘r berib himoya qiladi.

1 aprel kuni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident administratsiyasi “Shaltay-baltay” kabi guruhlar materiallariga e‘tibor bermaslikni ta‘kidladi. Peskov “bunaqa nashlarni uncha ko‘p odam o‘qimaydi”, deb o‘ylashini qo‘shimcha qildi.

RBK mustaqil yangiliklar agentligi xodimi Nikolay Molibog “Shaltay-baltay” tarqatib yuborgan Mixaylov bilan Prokopenko bir-biriga yuborgani aytilayotgan SMS xatlar haqiqiy ekanini tasdiqladi.

Moskvalik jurnalist Yekaterina Vinokurova bo‘lsa Twitter sahifasida Prokopenkoga yuborgan SMS xatlarining ba‘zilari o‘zgartirilganini iddao qildi.

XS
SM
MD
LG