Линклар

Podmoskovyedagi sabzavot-meva tozalash bazalaridan birida ikkita tojikistonlik ishchini bir o‘zbek pichoqlab qo‘ydi. Troitskiy tuman politsiyasi o‘zbekistonlik fuqaroni hibsga oldi. So‘nggi kunlarda Rossiyaning boshqa o‘lkalarida ham o‘zbek muhojirlari bilan bog‘liq qator noxush hodisalar sodir etilgani kuzatildi.

O‘zbekistonlik muhojir ikki tojikistonlikni pichoqlab qo‘ydi

O‘zini Oybek, deb tanishtirgan muhojir yigit Ozodlikka Moskvaning Shchapova poseleniyesidagi sabzavot-meva tozalash bazasida ikkita tojik bolani bir o‘zbek yigiti pichoqlab qo‘yganini xabar qildi:

- 11 aprel kuni kechki payt Podolskiyning orqasidagi Novaya Moskvadan meni tarjimonlikka chaqirtirishdi. Bitta o‘zbek ikkita tojik bolani pichoqlab qo‘ygan, Shchapovodagi sabzavot bazasida. Meni Troitskiy OVDsiga olib borishdi, u yerda sledstvenniy komitetga olib kirishdi. Jinoiy ish ochishdi, xullas. Bittasi bolnitsada o‘lgan, ikkinchisini ikki marotaba operatsiya qilishibdi – og‘ir ahvolda, menimcha. Bu bola ovoshnoy bazada ishlar ekan – u yerda tojiklar ko‘p, o‘zbeklar kam ekan. Asabiga tegavergan, o‘rtada gapdan gap chiqib, janjal ko‘tarilgan. 20-30 tasi bu ikkita bolani urib tashlagan. Bir tomoni ishib ketgan basharasi. U o‘sha pichoq bilan meva-sabzavotni tozalar ekan, deydi Oybek.

Hibsga olingan yigit 1991 yilda Jizzaxda tug‘ilgan, M. A. (aybsizlik pretsumziyasiga binoan bu shaxsning ismi oshkor qilinmayapti - tahr.) ismli shaxs ekani Ozodlikka ma‘lum qilindi.

Oybek jizzaxlik yigit o‘zini himoya qilish uchun bu jinoyatga qo‘l urishga majbur qolgan, deb ta‘kidlamoqda.

- O‘zining hujjatlari joyida ekanu, rasmiylashtirmasdan shu bazada ishlayotgan ekan. Janjalda unining ukasi ham bo‘lgan, ammo u “Pochchamni aytib kelaman!”, deb ketvorgan ekan. Lekin u bola ko‘pchilik tomonidan urilgani aniq: qattiq kaltak yegan, betining bir tomoni ishib ketgan. Men borganimda, bolani bir tomonga tiqib qo‘ygan ekan. Tergov qilayotgan ayol oldida ikkita tojik bola bilan bitta rus qiz turibdi. Bu bolalarni brigadir qilib qo‘ygan, tergovchi ham taraf oladi deb qo‘rqyapman-da, deydi tergov adolatli olib borilishiga ko‘zi yetmayotganini gapirgan Oybek.

Suhbatdosh bu hodisaga O‘zbekiston elchixonasi vakillari e‘tiborini qaratish maqsadida xabar yo‘llaganini ham qo‘shimcha qildi.

Troitskiy tuman politsiyasi navbatchi ofitseri Ozodlik so‘roviga M. A. hibs etilganini tasdiqlab, tergov borayotgani bois ortiqcha ma‘lumot bera olmasligini bildirdi.

O‘zbeklar bilan bog‘liq kriminal hodisalar Rossiyaning boshqa o‘lkalarida ham sodir bo‘ldi

Ayni paytda, o‘tgan hafta Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham o‘zbek muhojirlari bilan bog‘liq noxush hodisalar sodir bo‘lgani qayd etildi.

Shanba, 4 aprel kuni tunda Kamchatka o‘lkasi poytaxtidagi “Galant-Plaza” savdo markazi tepasida joylashgan avtomobillar to‘xtash joyida ikki kishi janjal qilayotgani ustiga post-patrul xizmati xodimlari kelib qoldi.

"Ko‘rinishidan osiyolik ekanini qayd etgan politsiya xodimlari mashinada mushtlashayotganlarni ajratish maqsadida ular yaqiniga kelgan", dedi hodisa tafsilotlarini gapirib bergan Kamchatka o‘lkasi bo‘yicha Rossiya Tergov qo‘mitasi vakilasi Yuliya Bartel.

- Tergov taxminlariga ko‘ra, politsiya xodimlarini ko‘rgan erkaklardan biri avtostoyankani o‘rab turgan panjara tomon qocha boshlagan. Panjara yoniga kelib, bu shaxs to‘xtamasdan undan sakrab oshgan. U mashinalar to‘xtash joyi 8,5 metr balandlikda ekani esidan chiqqan, ko‘rinadi, dedi bu hodisa qo‘shni bino tepasida videokameralar tasviriga tushganini aytgan tergov qo‘mitasi rasmiysi.

Savdo markazi tomidan pastga qulab tushgan muhojir hodisa joyida nobud bo‘lgani va politsiya xodimlari u yerga tez tibbiy yordam mashinasini chaqirtirgani aytildi. Shifokorlar bu shaxs boshi bilan asfaltga tushgani va o‘lganini tasdiqlab berdi. O‘lgan xorijlikni mahalliy morgga ekspertizaga olib ketdi.

“Galant-Plaza” tomida janjal qilayotganlardan ikkinchisi o‘zbekistonlik ekanini aniqlagan politsiya uni tergov yakuniga qadar ushlab qolgani ma‘lum bo‘ldi. Undan tergovchilar 8,5 metr balandlikdan tushib ketgan shaxs 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ekanini aniqlagan. Biroq, o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan yigitdan boshqa hujjat topilmagani sababli uning shaxsi noma‘lumligicha qolmoqda.

Politsiya xodimlari nobud bo‘lgan muhojir Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy yashab kelgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shuningdek, ovozi yozib olinmaslik sharti bilan, tergov vakillaridan biri bu yigit alkogol yoki narkotik ta‘siri ostida bo‘lgani sababli tepalikdan o‘zini pastga otvorgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, Peterburgning Bolsheoxtinskiy ko‘chasidagi qurilishlardan biridagi ko‘p qavatli binodan mart oyi oxirlarida tushib ketgan ishchi ham O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi. Sankt-Peterburg bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rasmiy ma‘lumoti bo‘yicha, o‘zbek muhojiri qurilayotgan binoning tepa qavatlaridan birida qurilish chiqindilarini tozalayotgan bo‘lgan va noma‘lum sabablarga ko‘ra pastga tushib ketgan. Tergovchilar ish beruvchi tashkilot xavfsizlik texnikasiga rioya qilmasdan qurilish ishlarini olib borganini iddao qilmoqda.

Leningrad viloyatining Pushkino tumani Slavyanka qo‘rg‘onidagi Polotskiy ko‘chasida joylashgan ijaraga beriladigan uylardan birida 12 aprel kuni soat kechki 19:40larda ayol kishiga tegishli murda topilgan. Mahalliy politsiya xabariga ko‘ra, qattiq kaltaklangan va butun badani momataloq bo‘lib ketgan bu ayol 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Peterburgda qayddan o‘tmasdan yashab kelgan o‘zbekistonlik ayol o‘limi yuzasidan mahalliy Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi.

XS
SM
MD
LG