Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:59

Tojik hukumati 35 ga kirmaganlarning Hajga borishini taqiqladi​


Tojikistonda “Haj-2015” mavsumida 35 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarning Saudiya Arabistoniga borib, Haj ibodatini amalga oshirishi taqiqlab qo‘yildi.

Kuzatuvchilar Dushanbe hukumati yoshlarning diniy-radikal g‘oyalarga berilib ketishi oldini olish uchun shunday choraga qo‘l urganini aytishmoqda.

Tojikiston Din ishlari qo‘mitasi rasmiylari bu yildan 35 yoshgacha bo‘lganlarning Hajga borishi taqiqlanganini tasdiqlashdi.

Lekin, ularga ko‘ra, bu amal terrorchilikka qarshi kurash bilan bog‘liq emas. Tojikiston Din ishlari qo‘mitasining Haj masalalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi rahbari Abdujalil Alizoda Ozodlik radiosining tojik hizmati bilan suhbatda Saudiya Arabistoni har bir mamlakatga limit belgilagani sabab keksalarning Hajga borishlariga ko‘proq imkon berish maqsadida bu ishga qo‘l urilganini aytdi.

– Keksa yoshdagilarga Ka‘batulloga borishdek ko‘pdan beri orzu qilib kelgan ibodatini ado etishlari uchun imkon berish niyatidamiz, - dedi Abdujalil Alizoda.

Ayni paytda tojik hukumatining ushbu qarori Hajga borishga navbat kutib turgan ko‘plab tojikistonlik yoshlar uchun kutilmagan xol bo‘ldi.

Tojikistonning Asht tumanida yashovchi 30 yoshli Tohir Rossiyada uzoq yil ishlab topgan puliga bu yil Hajga borishni niyat qilib turgan edi.

– Yolg‘iz onam va men birga Hajga borish niyatimiz bor edi bu yil. Lekin, rayon hokimiyatidagilar 35 yoshgacha bo‘lganlar bu yil bormasligini, ularga taqiq boriligini aytishdi. Nima ham qila olar edim, endi besh yil kutishimga to‘g‘ri kelyapti. Onam esa yolg‘iz o‘zi ketadi endi Hajga, - deydi ashtlik Tohir.

Tojikistonning 7,5 millionlik aholisining 90 foizidan ortig‘i musulmondir. Tojikistonning sekulyar prezidenti bundan avval yosh bolalarning masjidlarga borib namoz o‘qishini taqiqlovchi qonunni imzolagan edi.

Shuningdek, Tojikistonda qizlarning maktabga ro‘mol o‘rab borishlariga ham taqiq joriy etilgan.

O‘tgan yili esa Tojikston hukumati o‘z fuqarolarining "Islomiy davlat" kabi diniy guruhlarga qo‘shilib qolishining oldini olish uchun xorijdagi madrasalarda tahsil olayotgan tojik talabalarini mamlakatga chaqirtirib olgandi.

XS
SM
MD
LG