Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:35

Yoshlarni "Suriyadagi urushga yollagan Qori Huseyn” qo‘lga olindi​


Suriyadagi "jihod"dan voz kechib qaytib kelgan Parviz Nabiyevni sud jinoiy javobgarlikdan ozod qilgan.
Suriyadagi "jihod"dan voz kechib qaytib kelgan Parviz Nabiyevni sud jinoiy javobgarlikdan ozod qilgan.

Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasi tojikistonlik yoshlarni Suriyadagi urushga yollashda gumon qilingan shaxsni qo‘lga oldi. Ma‘lumotlarga qaraganda, Qori Huseyn nomi bilan tanilgan bu shaxs yoshlarni Turkiyagacha kuzatib borish mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olgan.

Tojikiston milliy xavfsizlik xizmati yosh tojikistonliklarni "Islomiy davlat"ga yollash bilan shug‘ullangan shaxsni hibsga oldi. Turkiyada Qori Huseyn nomi bilan tanilgan 30 yoshli bu odamning asosiy vazifasi yollanganlarni Turkiyagacha yetkazib berish bo‘lgani aytiladi. Doimiy istiqomat joyi Moskva shahrida bo‘lgan Qori Huseyn joriy yilning mart oyida qo‘lga olingan.

Xatlon viloyatining huquq-tartibot idoralarida ishlaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, ayni paytda Qori Huseynga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va u Qo‘rg‘ontepa shahridagi izolyatorda saqlanmoqda.

Bu manbaga ko‘ra, gumonlanuvchi Qori Huseyn Suriyadagi urushga Farrux Zokirov, Dilovar Qoraxonov va Parviz Nabiyevni yollab, ularga Turkiyagacha samolyotga chipta olib bergan. Turkiyada ular Imom Buxoriy masjidiga joylashgan va Suriyadagi urushga 50 kunlik maxsus tayyorgarlikdan o‘tishgan.

Xatlon viloyati Shahrituz tuman sudi Suriyaga borish fikridan voz kechib, Turkiyadan Tojikistonga qaytib kelgan Parviz Nabiyevni jinoiy javobgarlikdan ozod qildi.

Parviz uni Internet orqali yollashganini Ozodlik radiosiga aytdi:

“Biz Imom Buxoriy masjidida 50 kun maxsus tayyorgarlikdan o‘tdik. Suriyaga ketayotganimizda yo‘lda men bu qarorimni bekor qilib uyga qaytdim”, dedi Parviz.

Parvizning aytishicha tojik yoshlarini Moskvada Internetdagi videolavhalar vositasida jihodga tayyorlashadi va Turkiyagacha yetib kelishlari so‘raladi.

Parviz Tojikiston Jinoyat Kodeksining “Yollangan shaxsning harbiy konfliktlar va harbiy harakatlarda ishtiroki” moddasi bo‘yicha ayblangan. Agar bu modda bo‘yicha ayblanuvchining gunohi tasdiqlansa, u 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Lekin Parviz Suriyadagi “jihod”da ishtirok etishdan voz kechib qaytib kelgani uchun uni jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.

Parviz u bilan birga ketgan uch o‘rtog‘ining taqdiridan bexabar ekanligini aytadi.

So‘g‘d viloyatidagi Spitamen tumanida istiqomat qiluvchi Komil Shukurov ham o‘tgan yili Suriyadagi urushdan voz kechib qaytib kelganligi uchun javobgarlikdan ozod qilingan edi.

Bundan bir yil avval Tojikiston hukumati Suriyadagi urushlarda ishtirok qilmay vatanga qaytib kelgan yoshlarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqida bayonot bergan edi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bugun qariyb 300 nafar tojikistonlik Suriya va Iroqdagi urushlarda ishtirok etmoqda va bu urushlarda 60 nafar tojikistonlik o‘lgan.

Janggarilar e‘tirofiga ko‘ra, ayni paytda bu urushlarda mingdan ortiq tojikistonlik yoshlar qatnashyapti.

Norasmiy manbalar Suriya va Iroqdagi urushda minglab o‘zbekistonliklar ham ishtirok etayotganini aytadilar.

XS
SM
MD
LG