Линклар

logo-print

OzodJavobning navbatdagi sonida Toshkent shahridagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari viloyatlarda o‘qigan maktab o‘quvchilarini qabul qiladimi, degan savolga javob izlaymiz.

Jizzaxlik Salima opaga ko‘ra, joriy yilda 9-sinfni bitirayotgan o‘g‘li Nizomjonni Toshkentdagi tibbiyot kollejlaridan birida o‘qitishni rejalashtirmoqda. Lekin u poytaxt kollejlaridan salbiy javob olgani haqida yozdi:

“Men Toshkentdagi bir qancha tibbiyot kollejlariga telefon qildim. Ular biz viloyatdan kelganlarni qabul qilmaymiz, degan javobni berishdi. Eshitishimcha, Toshkentda birorta ham litsey va kollej viloyatda o‘qiganlarni qabul qilmas emish. Iltimos shunga aniqlik kiritib bersangiz”, deya murojaat qildi jizzaxlik Salima opa.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi beshta tibbiyot kolleji bilan bog‘lanib, ularning barchasidan "Viloyat o‘quvchilari qabul qilinmaydi" degan javobni oldi.

Jumladan, Birinchi va Ikkinchi respublika tibbiyot kollejlari hamda Toshkent o‘quv-davolash tibbiyot kolleji viloyatlardan kelgan o‘quvchilarni qabul qilmaydi.

Ayni paytda Toshkent shahar o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘limi boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, poytaxtning ayrim litsey va kollejlari viloyatda o‘qigan o‘quvchilarni qabul qilishi mumkin:

"Ayrim kollej va litseylar umuman viloyat o‘quvchilarini qabul qilmaydi. Ayrimlari qabul qiladi. Poytaxt kollej va litseylari toshkentlik o‘quvchilarni qamrab olgach, Vazirlar mahkamasi vaziyatni o‘rganib viloyat o‘quvchilari uchun ham kvota ajratadi", dedi Toshkent shahar o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘limi boshqarmasining ismini ochiqlamayotganimiz mutaxasisi.

Ayrim litsey va kollejlar o‘quvchilar uchun yotoqxona yo‘qligi bois viloyat o‘quvchilarini qabul qilmaydi:

"Bizda hech qachon kvota ajratilmagan. Kvota boshqarma tomonidan ajratiladi. Bizda o‘quvchilar uchun turar-joy mavjud emas - shu sababli. Keyin boshqarma ham ruxsat bermaydi", dedi o‘zini tanishtirmagan litsey xodimi.

Toshkent Davlat Texnika universitetiga qarashli litsey xodimi esa poytaxt litseylariga o‘quvchilarning qabul qilinmasligini quyidagicha izohladi:

"Qabul qilmaslikning sababi - birinchidan, o‘quvchi Toshkentda o‘qimagan. Toshkent faqat Toshkentni qamrab olishi kerak, degan boshqarmaning fikri bor. Toshkent o‘quvchisini Toshkent litsey-kollejlari qamrab olishi kerak. Ana undan keyin, agar joy ortib qolsa, viloyatga ruxsat beriladi", dedi litseyning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi ayrim kollej va litseylar bilan bog‘lanib quyidagi ma‘lumotlarni aniqladi:

Viloyatda o‘qigan o‘quvchilarni qabul qiladigan poytaxt litsey va kollejlaridan ayrimlari:

1. Toshkent irrigatsiya, melioratsiya va qishloq xo‘jalik instituti qoshidagi litsey

2. Toshkent harbiy-telekommunikatsiya litseyi

3. Toshkent aviasozlik kolleji

4. Yunus Rajabiy nomidagi Toshkent pedagogika kolleji

5. Respublika rassomlik kolleji

6. Toshkent turizm kolleji

7. Toshkent Davlat Pediatriya-tibbiyot institutiga qarashli litseylar

8. Respublika dizayn kolleji (Viloyatlardagi san‘at maktablarida o‘qigan o‘quvchilarni qabul qiladi)

9. Mirobod yengil-sanoat kolleji (O‘tgan yili viloyat o‘quvchilarini qabul qilmagan. Undan oldingi yillari qabul bo‘lgan. Bu yil ham bo‘lishi mumkin)

10. Toshkent arxitektura va qurilish instituti qoshidagi litsey (Kvota ajratilsa qabul bo‘ladi)

11. Toshkent Davlat Texnika universiteti (Kvota ajratilsa qabul bo‘ladi)

Viloyatda o‘qigan o‘quvchilarni umuman qabul qilmaydigan poytaxt litsey va kollejlaridan ayrimlari:

1. Birinchi respublika tibbiyot kolleji

2. Ikkinchi respublika tibbiyot kolleji

3. Toshkent o‘quv-davolash tibbiyot kolleji

4. Toshkentning Olmazor tuman politexnika kolleji

5. O‘zbekiston Jahon tillari universiteti qoshidagi litsey

6. Toshkent avtomobil yo‘llari instituti qoshidagi litsey

7. Toshkent islom universiteti qoshidagi litsey

8. Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi litsey

Ayrim litsey-kollejlar agar viloyatlik o‘quvchi Toshkentdagi maktabda o‘qigan bo‘lsa va vaqtinchalik propiskasi bo‘lsa qabul qilishi mumkin.

Shuningdek, viloyatda o‘qigan o‘quvchi, agar O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirligidan maxsus ruxsat olsa, poytaxt litsey- kollejlarida o‘qish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

"Boshqarmadan ruxsat so‘raladi. O‘zimizning o‘rta-maxsus kasb-hunar boshqarmasidan. Keyin markaz - vazirlikdan ruxsatnoma bo‘lishi kerak. Ular ruxsat bersa, qabul qilishimiz mumkin", degan javobni oldik aksar litsey va kollejlardan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Toshkentda jami 300dan ziyod kasb-hunar kolleji va 41ta akademik litsey bor.

Ozodlik ularning barchasi haqida ma‘lumot berish imkoniga ega emas.

Mushtariylar goldenpages.uz sayti orqali o‘zlarini qiziqtirgan kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyni topib, qo‘ng‘iroq qilib qo‘shimcha ma‘lumotlarni aniqlashi mumkin.

XS
SM
MD
LG