Линклар

logo-print

Rossiya "migratsiya amnistiya" si e‘lon qilish rejasidan voz kechdi​


FMS boshlig‘i K. Romodanovskiy migratsiya markazlari faoliyati izga tushirilmagunicha, nolegal muhojirlarga umumiy avf e‘lon qilinmasligi to‘g‘risida bayonot berdi.

FMS boshlig‘i K. Romodanovskiy migratsiya markazlari faoliyati izga tushirilmagunicha, nolegal muhojirlarga umumiy avf e‘lon qilinmasligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Mehnat muhojirlari daromadlari kamayib borayotgan bir paytda Rossiya Federal migratsiya xizmati (FMS) oldinroq e‘lon qilgan "migratsiya amnistiya"sini joriy qilish tashabbusidan voz kechdi.

Buning o‘rniga FMS Markaziy Osiyo davlatlari bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni avj oldirish niyatida.

Mutaxassislar esa Rossiyada olib borilayotgan migratsiya siyosati samaradorligiga shubha bildirmoqda.

Rossiya Migratsiya xizmati amnistiya e‘lon qilmaydi

Dushanba kuni Jahon Banki e‘lon qilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, mehnat muhojirlarining O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari kamaygan - o‘zbekistonliklar pul jo‘natmalari 2014 yilda 16 foizga qisqargan.

Jahon Banki mutaxassislari Rossiyada boshlangan og‘ir iqtisodiy inqiroz aynan Markaziy Osiyo davlatlariga pul jo‘natmalariga salbiy ta‘sir qilganini e‘tirof qilishmoqda.

Ayni paytda migratsiya qoidalarini yangilagan Rossiya hukumati nolegal muhojirlar bilan kurashni jadallashtirishini gapirmoqda.

14 aprel kuni Moskva viloyatidagi Saxarovo Migratsiya markazida MDH davlatlari migratsiya idoralari rahbarlari yig‘ilishida so‘zga chiqqan FMS boshlig‘i Konstantin Romodanovskiy migratsiya markazlari faoliyati izga tushirilmagunicha, nolegal muhojirlarga umumiy avf e‘lon qilinmasligini aytdi.

- Migratsiya amnistiyasining hozirda keragi yo‘q. Masala ko‘rilayotgan edi, ammo aynan hozir amnistiya berish to‘g‘risida gap borayotgani yo‘q. Balki, bu masalaga biz migrantlar asosiy oqimi qamaygan yozda yoki kuzda qaytarmiz, dedi Romodanovskiy.

Idora rahbari buni so‘nggi uch yilda Rossiyaga kirib keluvchilar soni chiquvchilardan ko‘p ekani, lekin oxirgi 2014 yilda kiruvchilar va chiquvchilar soni tenglashgani va migratsiya sohasidagi vaziyat usiz ham yaxshilanayotgani qaydga olingani bilan izohladi.

O‘tgan yil oxirlarida Rossiya Federal migratsiya xizmati rasmiylari Rossiyada noqonuniy tarzda yashab kelayotgan barcha mehnat muhojirlariga uch oylik avf e‘lon qilishga tayyorlanayotganini e‘lon qilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Shu bilan birga, Konstantin Romodanovskiy bugunga kelib Rossiyaga kirish 1 million 309 ming kishiga taqiqlanganini ochiqladi. Jumladan, 8 ming xorijlikka Rossiya eshiklari 10 yilga yopilgani ma‘lum.

Saxarovo Migratsiya markazida MDH davlatlari migratsiya idoralari rahbarlari yig‘ilishida Rossiya va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida migratsiya sohasidagi hamkorlik borasida kelishuv ham imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Moskvada Qirg‘izistonning migratsiya vakolatxonasi ish boshlaydi.

Kelishuv imzolanishida ishtirok etgan Federal migratsiya xizmati rahbarining birinchi muovini Yekaterina Yegorova yaqin kelajakda Rossiya migratsiya vakolatxonasini ochish bo‘yicha xuddi shunday shartnomalar O‘zbekiston, Armaniston, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan imzolashi mumkinligini bildirdi. U buning uchun mutaxassislar o‘rtasida “normativ-huquqiy asos yaratish borasida” qizg‘in muhokamalar ketayotganini qo‘shimcha qildi.

“Hamma gap siyosatda”

Sankt-Peterburgdagi Yevropa Universiteti professori, tarix fanlari doktori Sergey Abashin Ozodlik bilan suhbatda umumiy avf nolegal mehnat muhojirlari masalasini bartaraf qilmasada, uni ancha yengillashtirishi mumkin edi, deydi:

- Bu bilan ular muammoni keyinga qoldirdi - uni yechgani yo‘q. Patent berishning mavjud murakkab tizimida va muhojirlarga qo‘yilayotgan og‘ir shartlar sharoitida mehnat migrantlarining asosiy qismini legallashtirishning iloji yo‘q. Bu tariqa ularni siqib chiqarib ham bo‘lmaydi, chunki migrantlar soni kamaygani yo‘q. Amnistiya va patent berishni biroz osonlashtirishgina vaziyatni oydinlashtiradi. Aks holda muhojirlar Rossiyada nolegal yashab, biroz pora evaziga mehnat qilishni davom ettiraveradi, deydi professor Abashin.

Migratsiya sohasidagi mutaxassisning fikricha, Rossiya hukumatining FMS idorasi orqali olib borayotgan migratsiya siyosati migrantlar sonining kamayishiga olib kelgani yo‘q: ular o‘sha-o‘sha taxminan 11 million odamni tashkil etmoqda.

U bugungi Rossiya iqtisodiy foydadan ko‘ra siyosiy manfaatlarni ustun qo‘ymoqda, deydi:

- Bilishimcha, ularning strategiyasi iloji boricha xorijlik migrantlarni siqib chiqarish va kamaytirish, qolganlarga esa legallashishga imkon berishdan iborat. Chunki ayrim mutassaddilar fikricha, Rossiyada muhojirlar soni ortig‘idan ko‘pdir. Menimcha esa, bu idoraning asosiy vazifasi migrantlarni chiqarib yuborish emas, ularni legallashtirishdan iborat bo‘lishi kerak! Vaholanki, yuzaga kelgan siyosiy-iqtisodiy vaziyatda ishchi kuchi yetishmayotganini gapirayotgan Rossiya biznesi vakillari muhojirlar sonini kamaytirmaslikni so‘ramoqda. Lekin siyosiy lobbilar migratsiyaga qarshi kurash shiori ostida, “migrantlar soni ko‘payib ketgani” bilan odamlarni qo‘rqitib, o‘z vaziyatlarini mustahkamlab bormoqda, dedi professor Sergey Abashin.

XS
SM
MD
LG