Линклар

O‘tgan hafta Bekobod shahar militsiya bo‘limi hibshonasidan o‘ligi chiqqan 26 yashar Kamoliddin Qo‘ziyevning akasi Bobomurod Qo‘ziyevning Ozodlikka aytishicha¸ marhum avvaliga qiynab o‘ldirilgan¸ keyin esa “o‘zini osdi” deya rasmiylashtirilgan.

Qo‘ziyevga ko‘ra¸ 7 aprelda bezorilikda gumon qilinib, Bekobod shahar ichki ishlar bo‘limiga telefon orqali chaqirtirilgan ukasi Kamoliddin Qo‘ziyevning jasadi 9 aprel kuni yaqinlariga qaytarilgan.

​"O‘sha kuni soat uch yarimda mahalla oqsoqoli Abdusattor Yo‘ldoshev¸ mahalla imomi Iborohim aka¸ mahalla posboni¸ doktor va militsionerlar kelib, eshigimizni qoqishdi. O‘g‘lingiz GOVD podvalida o‘zini osib qo‘ydi¸ deb qo‘limizga o‘lim haqidagi guvohnomani berishdi. Qabrni ham qazib qo‘ydik, tezroq ko‘minglar, deyishdi. O‘likni yuvgan paytda ukamning jasadida qiynoq izlarini ko‘rdik. Uni oldin qiynab o‘ldirib¸ keyin o‘z aybini yuvish uchun osib, o‘ldiga chiqarishgan. Hozir biz bu yuzadan prokraturaga shikoyat qildik¸" - deydi Bobomurod Qo‘ziyev.

"Mexanik asfiksiya"

Toshkentdagi “Alyans” huquq himoyasi tashkiloti tarafidan Ozodlikka taqdim qilingan “O‘lim haqidagi guvohnoma"da Kamoliddin Qo‘ziyevning "Sirtmoq bilan bo‘yin a‘zolarining siqilishi yoki mexanik asfiksiya" degan tasnif bor.

Bekobod huquq –tartibot organlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu tasnif sud-tibbiy ekspertizaning 9 aprel kungi 165 raqamli dalolatnomaga asosan yozilgan:

"Sud-tibbiy ekspertiza murdani yorib ko‘rib, shunday xulosaga keldi. 26 yashar Kamoliddin Qo‘ziyev 8-apreldan 9-aprelga o‘tar kechasi GOVD podvalida matras jildidan yasalgan sirtmoqqa o‘zini osgan. Qo‘ziyev Bekoboddagi yosh yigitlar o‘rtasida yuz bergan bezorilik jinoyati guvohi sifatida 7 aprel kuni tergov qilinib¸ ehtiyot chorasi sifatida vaqtincha hibsxonada saqlangan. Bekobod GOVD hodimlari marhumni dafn qilish ishlariga yordam berishdi¸" deydi Ozodlik manbasi.

Bobomurod Qo‘ziyevning aytishicha, Bekobod shahar IIB xodimlari ukasini zudlik bilan ko‘mishga yordam berganlar:

"Hali bizga o‘lim xabari kelmasidan turib, qabrni qazib qo‘yishgan ekan. Tezroq ko‘minglar, deb turib olishdi. Kechqurun qo‘l fonari yoqib, ukamni dafn qildik¸" deydi suhbatdosh.

Erto‘ladagi shubhali o‘lim

Bekobod shahar IIB yerto‘lasida o‘zini osgani iddao qilingan 26 yashar Kamoliddin Qo‘ziyev fevral oyida Rossiyadan chiqarib yuborilgan minglab mehnat muhojirlaridan biri edi.

Bekobod shahridagi Ozodlik manbalari so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Vladivostok shahrida mardikor bo‘lib ishlab¸ registratsiyasi yo‘q, degan vaj bilan pasportiga “deport” tamg‘asi bosilgan Kamoliddin Qo‘ziyev ijtimoiy tarmoqlarda radikal diniy guruhlar bilan muloqot qilganlikda gumon qilinib, ko‘z ostiga olingan.

"Bu bola SNB nazoratiga tushib qolgan. Bezorilar mushtlashuviga guvoh sifatida ichkariga olinib, boshqa "aybiga iqror" qildirish rejasi bo‘lgan. Qaysidir pallada bu reja o‘xshamay qolgan. O‘xshamay qolgan paytda SNBchilar ikkinchi planga o‘tib¸ ishni tugatishni militsionerlarga topshirishgan. Alaloqibat bu yigit "o‘zini osgan" bo‘lib chiqdi. Tushuntira oldimmi?" deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik suhbatlashganlar ishora qilgan holgan marhumning akasi Bobomurod Qo‘ziyev aniqlik kiritdi:

"Ukamni qilmagan aybiga iqror qildiraman, deb qiynab o‘ldirib qo‘yishgan. Keyin jasadni osishgan. Biz militsiya idorasiga borib, ukamizga ovqat kiritmoqchi bo‘lsak, olishmadi. 7 aprel kechasi militsionerlar kelib uning pasportini uydan olib ketishdi. Bilishimcha, bu pasport bilan militsionerlar qamoqda o‘tirgan ukamni nomidan Suriyaga (Turkiyaga bo‘lishi mumkin. tahr.) bilet olishgan. Ular mana o‘zini osgan odam Suriyaga IGIL safiga (IShID demoqchi) ketmoqchi degan tasavvur hosil qilib, marhum ukamni badnom qilishmoqchi. Haqiqat shuki, ukamning pasportiga "deport" bosilgandi¸ u hech qayerga keta olmasdi. U Rossiyadan qaytib kelgan oddiy va aybsiz bir yigit edi¸" deydi marhumninng akasi.

Turli talqinlar

Militsiyaga o‘z oyog‘i bilan borgan Kamoliddin Qo‘ziyevning ikki kun o‘tib militsiya erto‘lasida “o‘zini osishi” turli talqinlarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonlik huquq faollari nazarida Kamoliddin Qo‘ziyev O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlarida urchigan qiynoqning navbatdagi qurbonidir.

Bu voqea "Xalqaro Amnistiya" inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistondagi qiynoqlar bo‘yicha yangi hisobotini taqdim etishi arafasida ro‘y berdi.

"Maxfiylik va yolg‘on" nomi bilan kitob shaklida nashr qilingan yangi hisobotda O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan va sistematik deya ta‘kidlangan qiynoqlar ko‘lami tasvirlanadi.

XS
SM
MD
LG