Линклар

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining iste‘fodagi polkovnigi o‘g‘li 27 yashar Dilovar Muxtorov Iroqda bo‘lib o‘tgan janlarning birida o‘ldirilgan. “Hamza Al-Tojikistoniy” laqabi bilan tanilgan bu jangarini internetda tanishib uylangan xotini "jihod"ga olib ketgani aytiladi.

Islomiy davlat tarafdori sifatida Bashar Asad hukumatiga qarshi jang qilgan tojikistonlik Dilovar Muxtorov mart oyida bo‘lib o‘tgan janglardan birida o‘ldirilgan.

Bunga jangarilar tomonidan internetga qo‘yilgan Dilovarning suratlari shahodat beradi.

“Hamza Al-Tojikistoniy” laqabini olgan Dilovar Tojikiston Ichki ishlar vazirligining iste‘fodagi polkovnigi Jumaxon Muxtorovning o‘g‘li ekani aytiladi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati jurnalistlarining izlanishlari ularni Dilovar yashagan uy, Ko‘lob shahriga olib keldi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Dilovar bundan 6 yil muqaddam Moskva shahriga va joriy yilning boshida esa Iroqqa ketgan.

Jumaxon Muxtorovning aytishicha, u ichki ishlar bo‘limiga taklif qilinib, Dilovarning suratlarini ko‘rsatishganidan keyingina o‘g‘lining Iroqda ekanligini bilgan:

“Mendan, shuningdek, o‘g‘limning Iroqda ekanligini bilish-bilmasligimni ham so‘rashdi. Men, yo‘q, dedim. U so‘nggi bor onasi bilan Moskvadan turib yanvar oyida gaplashgan edi. Endi esa o‘g‘lim hayot emas. Moskvada yigitlarni urushga jo‘natayotgan maxsus guruhlar bor”, dedi Jumaxon Muxtorov.

Ammo Dilovarning onasi Xolisa Atoyeva o‘g‘li o‘ldirilganiga ishonmasligini aytadi:

“O‘g‘lim 24 yanvar kuni men bilan telefon orqali gaplashganda, internet orqali bir qiz bilan tanishib uylanganini aytdi. Men qiz bilan ham gaplashdim, lekin uning qaysi millatdan ekani, ismi nima ekanini ham so‘ramabman. Men ularni Tojikistonga taklif qildim. Ular, bir oz pul ishlaylik boramiz, deb aytishdi. Men o‘g‘limning o‘lganiga ishonmayman, agar suratlarini ko‘rsatishsa, balki taqdirga tan berardim”, deydi ona.

Xolisa Atoyevaga ko‘ra, o‘g‘li kattaroq pul ishlay degan maqsadda, aldanib ketgan bo‘lishi mumkin:

“U namozxon ham emasdi, aksincha dunyoviy bola edi”, deydi ona.

Biroq Dilovarning Moskvadagi do‘stlari uning Iroqqa ketishiga xotini sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan fikrda sobit qolishmoqda.

“Bu qiz faqat Dilovar emas, balki undan boshqa yana ko‘pchilikni aldab olib ketgan bo‘lishi mumkin”, deydi Dilovarning do‘stlari.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, birgina Ko‘lob mintaqasidan Suriya va Iroqdagi janglarda 33 nafar tojikistonlik o‘ldirilgan, o‘n kishi esa xotini va farzandlarini ham olib ketgan.

Yuzlab ulamolar va Qur‘on olimlari Suriya va Iroqdagi Islomiy davlat harakatlarini qoralagan, bu “jihod”da ishtirok etishni fitna deb atagan.

Jumladan tojikistonlik taniqli ulamolar Hoji Mirzo va Eshon Nuriddinjon ham o‘z dindoshlarini va birodarlarini o‘ldirayotgan bunday janglarda ishtirok etmaslik va bu xususdagi provokatsiyalarga berilmaslikka da‘vat qilib keladi.

XS
SM
MD
LG