Линклар

logo-print

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani Hamza shaharchasida "Hizbut Tahrir" diniy guruhiga a‘zolikda gumon qilinib, yana 8 shaxs hibsga olindi. Norasmiy manbalar hibsdagilardan ikki nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilganini iddao qilmoqda. Hamza shaharchasi mutasaddisi tumanda o‘ta kuchli nazorat o‘rnatilganini ma‘lum qildi.

Oltiariqda komendantlik?!

Oltiariq tumani Hamza shaharchasida istiqomat qilgan 8 dindor 13 aprel kuni Farg‘ona viloyati va Respublika MXX hamda mahalliy IIB xodimlaridan iborat maxsus guruh reydi chog‘ida hibsga olingani aytiladi.

Bu xabarni tasdiqlagan Hamza shaharchasi mahalla qo‘mitalaridan birining xodimi shu kunda tumanda kommendantlik soati joriy etilganini aytadi:

"13 aprel kuni 20 dan ortiq oilalarni ko‘rishgan, 2 ta qori, 2 ta sportchini olib ketishgan. Bundan tashqari, bitta boshliqlarga oid katta bir odamni aytishyapti, Shavkat degan ismli, familiyasini bilolmadim. O‘n kuncha bo‘lib qoldi, kommendantskiy chas bo‘lyapti. Kechasi 10 dan ko‘chaga chiqish muammo bo‘lib qolgan", dedi o‘zini mahalla faoli, deb tanishtirgan, ammo ismi-familiyasini aytishdan bosh tortgan xodim.

Bu xodim komendantlik soati rasman e‘lon qilinmagani, ammo tumanda aholining soat 22:00 dan tongi soat 6:00 ga qadar harakati komendantlik soati joriy etiladigan paytdagidek cheklanganini aytdi:

"Rasman aytilmagan, lekin odamlar biladi buni. Hamzada kechki soat 10:00dan keyin ko‘chada yurgan 4 ta sinfdosh yigitni ham olib kirib qo‘yishgan", dedi ismi-familiyasini aytishdan bosh tortgan xodim.

Ozodlikka ayni mavzuda xabar yo‘llagan va shaxsiga oid ma‘lumotlarni sir saqlashni istagan yana ikki manbadan olingan ma‘lumotga ko‘ra ham Oltiariq tumanida so‘nggi 10 kundan buyon aholiga rasman ma‘lum qilinmagan kommendantlik soati hukm surayotgani haqida gap-so‘zlar yuribdi:

"Menimcha, bir haftadan oshdi. Negaligini bilmadimu, lekin rasman e‘lon qilingani yo‘q. Odamlar orasida mish-mish bo‘ldi. Toshkentdan rayonni tekshirgani MXX xodimlari kelgan", deb iddao qildi ismini sir saqlagan bir manba.

Uning ijtimoiy tarmoqlar orqali Ozodlikka yozishicha, Farg‘ona viloyati va Toshkentdan borgan huquq-tartibot idoralari xodimlari tumanda dindorligi bilan tanilgan kishilarning oilalarini nazorat qilmoqda. Hatto, bunday oilalarning maktab yoshidagi bolalari bilan alohida suhbatlar ham o‘tkazilmoqda.

Yana bir manba: "Komendantlik soati qanchalik darajada ekanini tasavvur qila olmayapman, ammo besh kun avval bir yigit kechalari militsiya xodimlari kechasi yurgan odamlarni to‘xtatib, ushlagan odamini tintib, telefonini qo‘lidan olib odnoklassniki, feysbukka kirgan bo‘lsa, tekshirib bosh og‘ritayotganini aytgan", deb yozdi.

Manbalar nazorat kuchaytirilgani sababi tumanda "Hizbut Tahrir" diniy guruhiga mansublikda gumon qilingan katta bir guruhning hibsga olinganiyu, aprel oyi boshida qamoqqa hukm qilingani bilan bog‘lanayotganini aytmoqda.

Huquq-tartibot idoralari, ayni paytda, bu guruhga oid boshqa shaxslar bor-yo‘qligini aniqlashga urinayotgani xabar qilindi.

Ozodlikka norasmiy manbalar bergan bu ma‘lumotlar hozircha biror rasmiy idora, xususan, Oltiariq tumani hokimiyati yoki huquq-tartibot idoralari tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

"Qora niqoblilar" yana 8 kishini ushladi

Yana bir manba 13 aprel kuni qora niqoblilar guruhi o‘tkazgan reydda ushlangan 8 kishining oilasi hanuz qattiq bosim va kuzatuv ostida qolayotganini qo‘shimcha qildi:

"Hamza shaharchasida 10 dan ortiq xonadonni tong saharida, xalq uyg‘onib ulgurmasdan “qora niqob”lilar bosgan... Sakkiz kishi hibs qilinan. Bu shaxslarning barchasi Islom diniga qattiq e‘tiqod qilgan dindorlar edi. Bular olib ketilgandan so‘ng, tuman IIB da bir kun saqlanib, keyin no‘malum tomonga olib ketilgan. Oxirgi ma‘lumotlarga qaraganda, ular huquq tartibot-organlari tomonidan qattiq, ayovsiz kaltaklangan, natijada ulardan ikki nafari reanimtsiyaga yotqizilgan. Hibs qilinganlar "Hizbut-Tahrir"ga a‘zolikda gumonlanyapti", deb iddao qildi yana bir oltiariqlik manba.

Uning ilova qilishicha, 13 aprel kuni hibsga olinganlar orasida Hamza shaharchasi Jome‘ masjidi imomining noibi va tumanda tanilgan 2 sportchi, 1 tadbirkor bor:

"Hamza shahar Jome‘ masjidining imom noibi Ravshanbek qori, DYuZDO buyicha O‘zbekiston chempionlari ya‘ni kurash ustalari Hasanboy, Davronbeklar borligi aytilyapti", deb yozi ismini sir saqlagan manba.

Hamza shaharchasi mahalla qo‘mitasi mulozimi ekanini aytgan xodim ham bu ma‘lumotlarni tasdiqladi. U, shuningdek, hibsga olinganlar orasida Oltiariqda tanilgan Shavkat ismli amaldorning borligini ham aytdi.

Ozodlik manbalaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Shavkat ismli tadbirkor tumanda xususiy AYoQShga egalik qiladi va mahalliy hokimiyat mulozimlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan:

"Shavkat S.ning yaqin o‘rtog‘i aytdiki, u haqiqatda hibsga olindi, dadasi tuman yo‘l qurilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan ekan, Shavkat S. ko‘zga ko‘ringan tadbirkor, o‘zini xususiy firmasi bo‘lib, bir necha qishloq xo‘jaligida ishlaydigan AQSh da ishlab chiqarilgan texnikalarga ega bo‘lgan. Xullas, ko‘zga ko‘ringan shaxslar, xalqning yetakchilariga hujumlar davom etyapti ekan", deb iddao qildi oltiariqlik manbalardan biri.

Bu so‘ngi oylar ichida Oltiariq tumanida mahalliy hokimiyat idoralari mas‘ullari va taniqli shaxslar orasidagi dindorlarning hibsga olinishiga doir ikkinchi holatdir.

Oltiariqdagi avvalgi sudlov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida "Hizbut Tahrir" diniy guruhiga aloqadorlikda ayblangan 13 kishi ustidan 6 aprel kuni hukm o‘qilgan, ular ham 2014 yilning avgust oyida "qora niqoblilar" reydi vositasida hibsga olingan oltiariqlik dindorlar edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 6 aprel kungi mahkamada ayblanuvchilarning 12 nafariga 6 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi, 1 nafariga esa shartli jazo tayinlangan. Ular orasida ham Quvasoy shahar hokimining sobiq muovini, Oltiariq tumani bosh g‘aznachisi va viloyat Moliya boshqarmasining Nazorat-reviziya bo‘limi mulozimi borligini aytiladi:

"Marg‘ilon shahridan, Quvasoy shahar hokim o‘rinbosari Nodir ismli yigit, 1981 – yili tug‘ilgan – 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Oltiariq tuman G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i Mirzaolim, 1979 – yili tug‘ilgan – 6 yil. Viloyat Taftish Nazorat Boshqarmasi (KRU) nazoratchi-taftishchi (revizor) Azizbek, 1983 – yili tug‘ilgan – 6 yil", deb yozgan edi o‘tgan haftada Ozodlik manbasi.

Bosh prokuratura bayonoti

Farg‘ona viloyat sudida hukm o‘qilganidan bir necha kun o‘tib, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ayni mahkamaga oid bayonoti rus matbuotida e‘lon qilindi.

RIA-Novosti agentligi O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi manbaga tayanib xabar qilishicha, 6 aprel kuni Farg‘ona viloyat Jinoyat ishlari sudida ustidan hukm chiqarilgan 13 dindordan 12 nafari radikal va terrorchilik g‘oyalarining targ‘iboti bilan shug‘ullangan, deb topilgan.

"Tergov jarayonida bu shaxslarning ekstremistik adabiyotlar, audio-video materiallarni O‘zbekiston hududida tarqatgani aniqlangan. Prokuratura mulozimi Qur‘on mazmunini yaxshi tushunish uchun Qur‘onni o‘qish va arab tilini o‘rganish bilan birga bu 12 shaxs targ‘ibot yuritish hamda ijtimoiy tarmoqlar va boshqa Internet manbalarida g‘oyaviy faoliyat yuritish bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tganini ma‘lum qildi", deb yozdi RIA-Novosti agentligi.

Ayni paytda agentlik manbasi mashg‘ulotlar kim tomonidan va qayerda o‘tilgani, "mashg‘ulotlar" deyilarkan aynan nima nazarda tutilayotgani haqida ma‘lumot bermagan.

Farg‘onalik manbalar mahalliy hokimiyatning yuqori martabali mulozimlari, xususan, tuman hokimi o‘rinbosari yoki bosh g‘aznachisi lavozimidagi amaldorlarning diniy-siyosiy motivdagi jinoyatda ayblanib, qamalganiga deyarli ilk bor guvoh bo‘layotganini qayd etgan.

Shuningdek, huquq faollari Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlar sudida qariyb 2 oy davom etgan mahkamani so‘nggi yillar ichida viloyatda kuzatilgan diniy-siyosiy motivlarga bog‘liq yirik mahkamalardan biri deb baholagan.

XS
SM
MD
LG