Линклар

Iroq va Shom diyoridagi "Islomiy davlat" guruhining dunyo musulmonlarini jihodga da‘vat qilib berayotgan bayonotlari va bu borada ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda "Jihod zulmga qarshimi yoki kufrga?" degan savol ko‘tarildi. Bu bahslarni kuzatayotgan o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchi Muhammad Nur bu savolga javob berdi.

O‘zbekistondagi islomiy ilmlar bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan yosh, taniqli tadqiqotchilardan biri Muhammad Nur ijtimoiy tarmoqlarda borayotgan bahsu munozaralarning faol ishtirokchilaridan biridir.

Uning kuzatuviga ko‘ra, "Islomiy davlat" jangarilari safida ko‘pchilikni tashkil qilgan o‘zbek jangarilarining ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan da‘vatlariga aldanayotgan musulmonlarni bir jiddiy jihatdan ogohlantirish lozim:

- Jihod, deb nomlanayotgan narsaning hammasi kadarli narsa. Kadar, kir, tubanli narsa. Hech kim buni yuzda yuz foiz jihod, deya olmaydi. Shialarni kofir devorib, o‘ldirishayapti. Shialarni kofir, deyishlikka nima haqqi bor?.. Shialar ichida Hazrati Alini o‘zlaridan oldingi uchta imomga ustun qo‘ysayu, lekin kofir sanamasa, kofir bo‘lmaydi. Imom Buxoriy, Imom Muslimning roviylari ichida o‘ndan ortiq shia roviylar bor. Shialik va rofizalikni bir xil tushunmaslik kerak! Buni atroflicha bilmasdan turib shoshmashosharlik bilan ish tutmaslik lozim. Bu alohida diniy masala. Bunga alifni kaltak deb, endi 3 varaq o‘qigan odam shiani kofir, deb qo‘liga qurol olib, uni o‘ldirishga haqqi yo‘q. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi kundagi yoshlar, asosan bizning mamlakatimizdami, boshqa mamlakatlardami bir ishga bosh urishdan oldin shar‘iy an‘ana bilan butun ummat e‘tirof qilgan ulamolarning suhbatini, ulamolarning fatvosini olishi kerak, - deb hisoblaydi Muhammad Nur.

Tadqiqotchi Ozodlik bilan suhbat chog‘ida bugungi musulmonlarda Islom dinidagi farz va farzi kifoya bo‘lgan, sunnat bo‘lgan amallar, umuman olganda, diniy ta‘limotlarga nisbatan yondashuvda "bir yoqlamalik" kuchaygan, deb hisoblashini bildirdi.

Uning fikricha, diniy ta‘limotni, xususan, jihodga oid ta‘limotni turli manbalardan o‘qib-o‘rganish bilan birga o‘zi yashab turgan hududdagi imomlar va ulamolar fikrini ham har tomonlama o‘rganish lozim:

- Misol uchun, 23 yillik payg‘ambarlik davrlarida uzog‘i bilan bir yilga borib bormagan urush bo‘lgan. Bu davrda ikki tomondan qurbon bo‘lganlar soni 1 ming 156 dona, 23 yilda. Hozir men bir-ikkitaga adashayotgan bo‘lishim mumkin sonda, lekin 1 ming 200 tamasligi aniq. Qurbon bo‘lganlarning 600dan oshiqrog‘i musulmonlar tarafdan, 700dan oshiqrog‘i qarshi tarafdan. Shu atrofda, taxminan. Demak biz faqat jihodga oid kitoblarning o‘zini o‘qib, butun islom ummati qilich ustiga qurilgan ekan, jihod bo‘lgan ekan deb, ilmoniylar, dahriylarning ta‘limoti, sharqshunoslarning ta‘limoti bilan cheklanib, unaqa gaplarga aldanmaslik kerak. Islomda urush nihoyatda kam bo‘lgan. Imkon qadar Payg‘ambar alayhissalom sulhning tarafdori bo‘lganlar, - deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik tadqiqotchi Muhammad Nur.

Suhbatga xulosa o‘laroq, Muhammad Nur ta‘kidlagan yana bir xulosa esa har bir musulmonning qilayotgan amaldan ko‘zlagan maqsadini aniq bilib olishi lozim:

- Jihoddan ko‘zlangan maqsad jihod qilishning o‘zimi yoki bu vositasida nimagadir erishishmi, degan savol bor. Soddaroq qilib aytganda, jihod o‘zo g‘oyami yoki vasila, deydi ulamolar. Bunga hamma ittifoq qilib ijmo bilan aytadiki, jihod g‘oyamas. Insonning g‘oyasi - jihod qilishmas. Musulmon insonning g‘oyasi, maqsadi, yetishi kerak bo‘lgan manzili - Ollohning roziligi bo‘lishi kerak. Ollohning roziligini topishlik uchun erishadigan yo‘llarni vasila, deydi. Vasilalar esa nihoyatda ko‘p. Masalan, insonning ota-onasini rozi qilishi ham Ollohning roziligiga sabab bo‘ladi. Masalan, farzi kifoya bo‘lgan jihodlardan birida Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga bir kishi keldi: “yo Ollohning rasuli, men jihodga ketayapman, lekin ota-onam yig‘lab qoldi” deganda: “Bor, ota-onang haqqida jihod qil” deganlar. Yana oyati karimada bor: Olloh taolo "Tavba" surasida aytadi: “Sizlardan bir jamoat bo‘lsin. Urushga ketmasin bular. Bular fiqhni o‘rganishsin, ta‘lim olishsin, urushdan qaytib kelgan odamlarga ta‘lim berishsin. Ularga dinu diyonatni o‘rgatishsin” deydi. Ochiq oyat bor. Misol uchun, bu ham jihodning vasila ekanligini bildiradi. Ollohning roziligiga erishish uchun vasilalar ko‘p, deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik tadqiqotchi Muhammad Nur.

Quyida ushbu tadqiqotchi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

O‘zbekistonlik tadqiqotchi fikrlariga biror munosabatingiz, e‘tiroz yoki qo‘shimchalaringizni bildirishni istasangiz, marhamat, "Islom va musulmonlar" eshittirishining keyingi sonlarida ishtirok eting!

Maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org
Qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437, +420 608 549 460

XS
SM
MD
LG