Линклар

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 13 marotaba rossiyaliklar savollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda javob berdi.

Rossiya rahbarining davlatning yillik iqtisodiy natijalariga to‘xtalishi ortidan Moskva birjasida rubl qadrsizlanishi kuzatildi.

Matbuot konferensiyasi davomida Vladimir Putin mamlakat iqtisodiyoti ikki yilda inqirozdan chiqishi, sanksiyalar esa uni sog‘lomlashtirishiga olib kelishi mumkinligiga to‘xtaldi.

16 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2014 yilgi iqtisodiy-siyosiy natijalar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Rossiyaliklar bilan 3 soat 57 daqiqa bo‘lib o‘tgan savol-javob davomida nafaqat Ukraina va Qrim, balki mamlakat ichkarisidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, hokimiyat va biznesning munosabatlariga oid masalalar ko‘tarildi.

“Rossiya 24” kanali ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari va xorijliklardan prezidentga jami 3 milliondan ziyod savol jo‘natildi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov berilgan savollarning katta qismi narxlarning oshishi, maoshlar, valyuta kurslari, nafaqa hamda uy-joy kommunal xo‘jalik masalalariga bag‘ishlanganini bildirdi.

O‘z chiqishini Vladimir Putin o‘tgan yil davomida erishilgan yutuqlardan boshladi.

U davlatda “ijobiy tendentsiya”lar boshlangani, hukumat ishsizlik o‘sishiga muvaffaqiyatli to‘sqinlik qila olgani, qurilishning o‘sishi va “favqulodda ko‘p yig‘ilgan g‘alla hosili” to‘g‘risida so‘zladi.

"Umuman olganda, hozirda biz rubl mustahkamlanayotgani hamda jamg‘arma bozorlari o‘sayotganini ko‘rib turibmiz. Biz inflyatsiya spiral shaklida o‘sishiga to‘sqinlik qila oldik," - dedi Vladimir Putin.

Ayni paytda, Rossiya prezidentining anjumandagi chiqishi davomida yevro va dollar o‘sishi qayd etildi.

Rossiya yo‘lboshchisi ko‘plab siyosiy savollarga ham javob berishga urindi.

Muxolifat faoli Irina Xakamada birdaniga ikkita savol berdi:

“Aytishlaricha, Nemtsovni Ukrainadagi hodisalar to‘g‘risidagi dokladi uchun o‘ldirishdi. To‘g‘risini ayting: bizning qo‘shinlarimiz u yerda bormi yo‘qmi?”

Vladimir Putin: "Nemtsov bilan bizda iliq munosabatlar o‘rnatilgan edi. Bu sharmandali qotillik. Tergov ketyapti. Jinoyatga aloqador ayblanuvchilar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar tasdiqlangan. Ammo bu qotillik buyurtmachilari bormi-yo‘qmi bilmayman. Va nihoyat, sizga ochiq va oydin javob beraman: Ukrainada rus qo‘shinlari yo‘q".

Rossiyaliklardan mana bunday savollar ham kelib tushayotganini ko‘rish mumkin:

“Hurmatli Vladimir Vladimirovich. Men sizga katta iltimos bilan murojaat qilyapman. 25 aprel kuni dugonamizga it sovg‘a qilmoqchi edik. Uning eri bunga qarshi chiqyapti. Bosh Qo‘mondon sifatida unga buyruq bering,” deb murojaat qildi rossiyaliyalik Yelena.

Putin buyruqni berdi..

Donbassdan Aleksandr ismli tinglovchi Donetsk va Luganskning keyingi taqdiri borasida so‘radi.

"Eng avvalo LNR va DNR deb ataluvchi hududlardagi vaziyatni stabillashishi, qochqinlar oqimi to‘xtashi to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish kerak. Kim bilan va qanday yashashni esa bu hudud fuqarolari hal etadi," deya javob berdi avval iqtisodiy hayotni tiklash zarurligini gapirgan Vladimir Putin.

Boshlovchi Sittel Putindan Adolf Gitler va Iosif Stalin Ukrainada “bir pog‘onaga qo‘yilishi”ga munosabat bildirishni so‘radi. Bu savolni murakkab ekanini e‘tirof qilgan Vladimir Putin “Stalin Gitlerdan farqli o‘laroq butun boshli xalqlarni yo‘q qilishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ymagan”, dedi. 16 aprel kuni, Moskvada anjuman bo‘lib o‘tayotgan bir vaqtda, Surgut shahridagi markaziy maydonlardan birida Stalin surati tushirilgan plakat paydo bo‘lgani xabar qilindi.

Rossiya harbiy-tarixiy jamiyat direktori Mixail Myagkov Moskvadagi 9 may paradiga G‘arb mamlakatlari kelishni istamaganiga qanday javob qaytarish kerak, degan savoliga Rossiya prezidenti:

- Bu siyosiy faollarning shaxsiy istagi. Kimgadir ruxsat berishmayapti. Vashington obkomidan “mumkin emas” deyishgan, dedi.

Shu o‘rinda, Ukrainaning notinch hududlari bilan chegaradosh Rossiyaning Rostov viloyati fuqarolari qo‘shni davlat bilan urush boshlanib ketishi mumkinligidan bildirgan xavotiriga Vladimir Putin urush bo‘lmasligiga ishontirishga urindi:

- Yo‘q, bo‘lmaydi urush, tinchkina yashayvering... Rossiya ham Sharq, ham G‘arbdagi davlatlar bilan normal munosabatlar o‘rnatish tarafdori, dedi davlat rahbari.

“Bizning dushmanlarimiz kim?”, deya berilgan keyingi savolga u "xalqaro terrorchilik va uyushgan jinoyatchilik" ekanini alohida ta‘kidlab, “Biz hech bir davlatni dushman deb hisoblamaymiz va o‘zimizni dushman deyishni tavsiya etmaymiz”, deya javob qaytardi. U rus imperatori Aleksandr III aytgan “"Rossiyada faqat ikkita ittifoqchi: armiya va harbiy-dengiz floti". Mumkin boshqalar bizning ulkanligimizdan qo‘rqyapti”, deb hazillashdi.

Moskvoretskiy ko‘prigi

Moskvoretskiy ko‘prigi

“Exo Moskvi” radiostantsiyasi bosh redaktori Aleksey Venediktov Boris Nemtsov qotilligini tergov qilayotgan tergovchilar ishni paysalga solayotgani, qotillik sodir etilgan Katta Moskvoretskiy ko‘prigidagi muxolifatchi xotirasiga bag‘ishlagan memorialni yo‘q qilishga bo‘layotgan urinishlar masalasini ko‘tardi va prezidentning bunga munosabatini so‘radi.

"Stixiyali tarzda paydo bo‘lgani"ga e‘tibor qaratgan Putin, memorialning bo‘lishi-bo‘lmasligi mahalliy hukumat vakolati doirasida ekanini aytdi. Shunga qaramasdan u Nemtsov o‘ldirilgan joyda gul va turli yozuv tushirilgan taxtachalar bo‘lishini tabiiy hol ekani va bu masalada Moskva meri bilan alohida suhbatlashib ko‘rishini ma‘lum qildi.

Venediktov Vladimir Putinga o‘z tashabbusi bilan Moskvaning Marksistskaya ko‘chasiga Visotskiy nomini berishni ham taklif qildi.

Boshlovchilar muloqot chog‘ida kelib tushgan savollar soni 3 milliondan oshgani va mutlaq rekord o‘rnatilganini ochiqladi. Mariya Sittel 2 million qo‘ng‘iroq, yarim million SMS-xabar va yana yarim million xat kelib tushgani qaydga olindi, dedi.

Bir necha haftadan beri muammoli nuqtaga aylangan “Vostochniy” kosmodromi qurilishida ishlovchi Vladimir Sanchenko ”Vostochniy” Rossiya uchun Qrimni qo‘shib olish bilan barobar ahamiyatga ega ekani"ni aytib, ishchilarga maosh berilmayotgani masalasini shaxsiy nazorat ostiga olishni so‘radi. Putin kosmodromning harbiy bo‘lmagan maqsadlar uchun ishlatilishini eslatib, shunga qaramasdan Qrimda “gap millionlab odamlar haqida borgani”ni aytdi va maosh masalasi bo‘yicha ham savollar bartaraf etilishiga va‘da berdi.

Pensiya to‘g‘risida berilgan savolga Rossiya prezidenti hukumat nafaqa yoshini keskin ko‘tarishga shoshilmayotganini bildirdi. U nafaqa yoshi oshirilgan mamlakatlarda fuqarolarning o‘rtacha yoshi ham oshgani qayd etilganini aytdi.

- Bizda o‘rtacha umr uzoqligi o‘sib boryapti, ammo erkaklar uchun bu 65,5 yoshda. Bu nimani bildiradi – ishlading va to‘g‘ri “yog‘och makintosh” (tobut-tahr.)ga sakrab ketdi, deganimi? dedi nafaqa tizimini oldingi darajada ta‘minlab turish yaqin kelajakda byudjet uchun og‘ir tushishi mumkinligini aytgan Vladimir Putin.

Zaldan berilgan yana bir savol: “Ilgari “millat vijdoni” unvoni akademik Saxarovga berilgan edi. Hozir kimni shunday deb atash mumkin?” V. Putin: “Men davlat rahbari sifatida kimnidir “millat vijdoni” deb atashim qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan... Masalan, politsiya xodimlari”.

Kerchь kechigi

Kerchь kechigi

Qrim aholisi vakillari Kerch kechigi masalasida Putinga murojaat qilib, Qrimga ketayotgan yuk mashinalari 12-14 sutkalab navbat kutayotgani, haydovchilar mashinalarida yashayotganini aytdi. Qrimlik fuqaro kechuv joyidagi elektron navbatni tanqid qildi. Bunga Vladimir Putin bu kechikdagi navbatlar to‘g‘risida bilmasligini aytib, hozirda ishlayotgan ikki paromga qo‘shimcha yana beshta parom ishga tushirilishini va‘da qildi. Rossiya prezidenti ular soni o‘ntaga yetishini qo‘shimcha qildi.

Navbatdagi ham savol, ham unga berilgan javob ko‘pchilikka biroz masxaraomuzdek tuyuldi:

- Qachon “Gazprom ” xodimlari munosib maosh olishni boshlaydi?
- Siz uni kamaytirish kerak, demoqchimisiz? Bilmadim, Miller bilan gaplashib ko‘rishim kerak.

3 soat 57 daqiqa davom etgan matbuot anjumani o‘z yakuniga yetdi.

Muloqot davomida "to‘g‘ridan-to‘g‘ri liniyaga" 3 milliondan ziyod faqat telefon qo‘ng‘iroqlari kelib tushgani va bu mutlaq rekord ekanini bildirishdi telemarafon tashkilotchilari.

TASS Axborot agentligi bu vaqt ichida Vladimir Putin 90-ta savolga javob berganini xabar qildi. Kreml matbuot xizmati esa anjumanda davlat rahbari 74-ta savolga javob berishga ulgurganini e‘lon qildi.

Shunga qaramasdan Vladimir Putin jurnalistlar bilan yana tashqarida suhbat qilishni davom etdi :

An‘anaviyga aylanib qolgan Vladimir Putinning televizion muloqotlari 2001 yilning dekabrida boshlangan. Oxirgi savol-javob roppa-rosa bir yil oldin – 17 aprelda o‘tkazilgan edi.

Oxirgi muloqot chog‘ida Putin Qrimga referendumdan oldin o‘z harbiylarini kiritganini tan olgan edi.

XS
SM
MD
LG