Линклар

Kambag‘al ololmagan "imtiyozli" chorva o‘qituvchiga aldab-suldab o‘tkazilmoqda​


Prezident qaroriga asosan taklif qilinayotgan imtiyozli "Mashka" sigirlari kam ta‘minlangan oilalar uchun og‘irlik qilmoqda.

Prezident qaroriga asosan taklif qilinayotgan imtiyozli "Mashka" sigirlari kam ta‘minlangan oilalar uchun og‘irlik qilmoqda.

Andijon viloyatida kam ta‘minlangan oilalarga imtiyozli kredit hisobidan sigir, qo‘y, echki, quyon va tovuq taqdim etish dasturi amalga oshirilmoqda. Lekin hukumat “xayrli” niyatda tadbiq etayotgan dastur shart-sharoitlari kam ta‘minlangan oilalarga to‘g‘ri kelmagani bois, “imtiyozli” qo‘y-qo‘zi majburan byudjet tashkilotlari ishchilariga o‘tkazilmoqda. Taklif qilinayotgan zotdor sigirlarning narxi 11 million so‘mdan boshlangani uchun ularga xaridor topish ancha qiyin kechmoqda. Bundan tashqari viloyatdagi parranda fabrikalarida yetishtirilgan tovuqlar imtiyozli kreditlar evaziga o‘tkazilmoqda.

Andijonda O‘zbekiston prezidentining “chorva mollarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan kam ta‘minlangan oilalarga imtiyozli kredit ajratilishi hisobidan sigir, qo‘y, echki, quyon va tovuqlarni berishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Lekin bu jarayonga aloqador mutasaddi tashkilotlardan birining xodimiga ko‘ra, taklif etilayotgan imtiyozlarning shartlari kam ta‘minlangan oilalar sharoitiga, yumshoq qilib aytganda, to‘g‘ri kelmagani bois, prezident qarorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlar amalga oshmay qolmasin uchun imtiyozli uy xayvonlari byudjet tashkilotlari ishchilariga majburlab o‘tkazilmoqda. Viloyat tumanlaridan birining hokimligi vakili, Ozodlik bilan suhbatda, imtiyozli kredit olish uchun kam ta‘minlangan oilalardan mashina yoki boshqa mulkni kafolat sifatida ko‘rsatish talab qilinmoqda, deydi.

“Biz mahalla qo‘mitalari yordamida kam ta‘minlangan oilalarni aniqlab, ularni imtiyozli kredit olishga tavsiya qilgan edik. Lekin keyin ulardan kafolat talab qilina boshlandi. Masalan, sigir olish uchun garovga mashina qo‘yish kerak, qo‘y, echki, quyon, tovuq uchun ishlovchi ikki odam kafil bo‘lishi kerak. Bundan tashqari qog‘ozlarni rasmiylashtirish uchun ketadigan 600 ming so‘m xarajati ham kam ta‘minlangan oilalarga yuklanmoqda. Endi, ular o‘zi kam ta‘minlangan bo‘lsa, mashina bilan 600 ming so‘mni qayerdan oladi?”, deydi hokimlik vakili.

Shu sababdan, deydi suhbadoshimiz, kam ta‘minlangan oilalar imtiyozdan voz kechishmoqda. Bundan tashqari imtiyozli kreditning yillik ustama haqi 14 foizni tashkil qilgani bois, kam ta‘minlanmagan oilalar buni imtiyoz sifatida ko‘rmayapti, deya ta‘kidladi hokimlikdagi Ozodlik manbasi.

“Qo‘y sigir olman, degan oilalar bor edi. Lekin mashina bilan 600 ming so‘mlik xarajatni eshtishib, kam ta‘minlangan oilalar “bizga kerakmas” deb qaytib ketdi. Imtiyozli kredit ham Xalq Banki tomonidan 14 foizga berilyapti. O‘zi kambag‘al bo‘lsa, albatta, sharoitlariga to‘g‘ri kelmaydi-da. Sigirning narxi 11 million so‘m, qilib belgilangan. Bizda “Mashka”, deyladigan Hollandiyaning sigiri ekan. Bank pulini tuman agrofirmasiga o‘tkazib berarkan, siz kirib, shoxidan sudrab olib chiqib ketishingiz mumkin ekan”, deydi hokimlik xodimi.

Andijon viloyati hokimiyatning qishloq xo‘jalik va iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutasaddi bo‘limlari vakillari Ozodlikning mavzu xususidagi savollariga “imtiyoz berilyapti, lekin mashinani garovga qo‘yish talabidan xabarimiz yo‘q”, deya ta‘kidlashdi.

Lekin imtiyozli kreditlarni taqdim etayotgan Xalq Bankining Andijon viloyati bo‘limi vakili chorva va parranda uchun imtiyozli kredit uy hayvoni narxini qoplay oladigan garov evaziga beriladi, deya tasdiqladi.

“Mashina qo‘ysa ham bo‘ladi, uy-joyini ham qo‘ysa bo‘ladi. Yoki kimdir kafillik berishi mumkin. Bu sigir yo qo‘yning narxiga bog‘liq bo‘ladi”, dedi bank vakili.

Tuman hokimligidagi Ozodlik manbasi imtiyozli uy hayvonlariga kam ta‘minlangan oilalar orasida talabgorlar bo‘lmagani uchun shartnomalar byudjet tashkilotlari xodimlari bilan majburan tuzilmoqda, deydi.

“Bizga 10ta sigir, 40ta qo‘y, 7 mingta tovuq ajratishgan. Lekin haligacha birorta ham kam ta‘minlangan oila bilan shartnoma tuza olmadik. Shuning uchun o‘zimiz bir-birimizga kafolat yozib hozir tovuqlarni oladigan bo‘lib turibmiz. Hozir tovuqlarning 3400tasini oyning oxirigacha o‘tkazishimiz to‘g‘risida topshiriq bor. Qo‘ylarni o‘qituvchilarga aldab-suldab, tushuntirib o‘tkazyapmiz. Sigirlarni hech kim olmadi. O‘ziga to‘q oilalarga taklif qilgan edik, ular rozi bo‘lishib turgan edi, lekin garovga qo‘yilgan mashinani ikki yil davomida sota olmas ekanmiz, deb, ular ham ko‘nmadi”, deydi tuman hokimligi vakili.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, tuman hokimligi va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari o‘zaro kafolat xati yozib olayotgan tovuqlarning har biri 7 ming so‘mdan tushmoqda. Tovuqlar esa, uning aytishicha, Asakadagi parranda fabrikasida yetishtirilib, sotilmayotgan jo‘jalardir.

“Bu endi g‘irt jinnilik bo‘lyapti. Asakaning o‘tmay qolgan tovuqlarini majburlab imtiyozli kredit hisobidan pullashmoqchi”, deydi Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston prezidenti “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni 2006 yilda imzolagan. Kam ta‘minlangan oilalarga qaratilgan mazkur dastur mutasaddi shaxslar tomonidan suiste‘mol qilinayotgani haqida ozodlik avval ham xabar qilgan.

Kam ta‘minlangan oilalar davlat tomonidan berilishi iddao qilingan imtiyozlar u yoqda tursin, keyingi yillarda ijtimoiy nafaqa olishda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

XS
SM
MD
LG