Линклар

Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Badaxshon viloyati Tolibon harakati va xorijiy jangarilar istehkomiga aylanayotgani mahalliy rasmiylar xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. Viloyat rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda bu mintaqada in qurgan xorijiy jangarilar orasida O‘zbekiston, Tojikiston va Checheniston fuqarolari bor. Tojikiston bilan chegaradosh bu viloyatda joriy hafta boshida tolib jangarilari hukumatning kamida 18 askarini o‘ldirgan edi.

Tolibon jangarilari Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Badaxshon viloyatida so‘nggi kunlarda uyushtirgan hujumlar natijasida hukumatning yigirmaga yaqin askari halok bo‘ldi.

13 aprel kuni Afg‘oniston mudofaa vazirligi e‘lon qilgan bayonotda kamida 33 nafar askar “shahid bo‘ldi, jarohatlandi yoki bedarak ketdi”, deyiladi.

Viloyat hokimligi matbuot vakili Ahmad Navid Frutan askaralrining kamida 18 nafari o‘ldirilgan, ulardan sakkiz nafarining boshlari tanasidan judo qilingan, deya bildirdi.

Jangarilar bilan hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning katta qismi viloyatning Jurm tumanida 200ga yaqin tolib jangarisi harbiy qismlarga hujum qilishi ortidan ro‘y berdi.

Tojikistonning janubiy qismi bilan chegaradosh Badaxshon viloyati keyingi paytlarda jangarilarni o‘ziga tortayotgan mintaqaga aylanayotgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Badaxshon viloyati hokimning o‘rinbosari Gulmuhammad Bedor Ozodlik bilan suhbatda, jangarilar, jumladan xorijliklar oila a‘zolari bilan bu yerga kelib, qo‘nim topmoqda, deya ta‘kidladi.

- Viloyatning shimoliy hududlari Tolibon jangarilari tomonidan egallanmoqda. Keyingi paytda 400 nafar xorijiy jangari, hamda boshqa viloyatlardan kelgan toliblardan 600dan oshig‘i shimoliy hududlarda o‘zlariga istehkom yasamoqda. Ular o‘z oilalarini ham olib kelishmoqda,- deydi Badaxshon viloyati rasmiysi.

Tolibonga yaqin xorijiy jangari guruhlari orasida o‘zbekiston fuqarolari borligi ham aytilmoqda. Badaxshon viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarayotgan Shovaliulloh Adib 14 aprelь kuni Ozodlikka bergan intervьyusida havo isigan sari jangarilar soni yanada oshishi mumkinligidan ogohlnatirdi.

- Hozircha ularning soni 200 nafar atrofida, deb taxmin qilinmoqda. Lekin kunlar ilib borishi bilan ularning soni oshishini bashorat qilish mumkin. Qo‘limizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, xorijiy jangarilar O‘zbekiston, Checheniston va Tojikiston kabi mamlakatlar fuqarolaridir. Bundan tashqari Afg‘onistonga chegaradosh boshqa mamlakatlar vakillari ham bor,- deydi viloyati hokimi.
U o‘zbekistonlik jangarilar qaysi guruhga doir ekanini aniqlashtirmadi, lekin Afg‘oniston shimolida O‘zbekiston Islomiy Harakati keyingi paytlarda faollashganiga doir ma‘lumotlar bor.

O‘tgan oy oxirida o‘zini O‘IH matbuot vakili, deb tanishtirgan shaxs Ozodlik radiosiga, o‘zbek tilida gapirgan ikki jangari Afg‘oniston hukumat askarini boshini tanasidan judo qilgani tasvirlangan videoni taqdim etgan edi. Bu hodisa ham Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridan birida ro‘y bergani taxmin qilinmoqda. Ular yana 29 nafar afg‘on askarini asirlikda ushlab turganlarini iddao qilib, ularni ham o‘ldirish bilan tahdid qildi.

Ozodlikning Kobuldagi muxbiriga ko‘ra, o‘tgan oy Tolibon ta‘limini olgan uch yuzga yaqin oila Afg‘oniston shimoliga joylashtirilgan. Bu oilalardan 80 nafari o‘zbek mujohidlari ekani ham aytiladi.

Afg‘oniston rasmiylari hafta boshida ro‘y bergan to‘qnashuvlarda Badaxshonning Jurd tumanidan jangarilar siqib chiqarilgani, lekin pozitsiyalarni saqlab qolish uchun qo‘shimcha kuchlar kerakligini aytishmoqda.
“Vaziyat hozircha nazorat ostida, lekin tog‘li hududlarga qochgan toliblar xavfsizlik kuchlarini nishonga olmoqda”, dedi viloyat hokimligi matbuot vakili.

Uning aytishicha, to‘qnashuvlar natijasida 19 nafar jangari o‘ldirilgan. Ularning 11 nafari xorijiy jangarilardir, deya qo‘shimcha qildi Frutan.

XS
SM
MD
LG