Линклар

Kiyevda o‘n ayolni o‘ldirganlik aybi bilan manyak o‘zbek qo‘lga olindi ​


Kiyevda qo‘lga olingan 41 yoshli o‘zbekistonlik.

Kiyevda qo‘lga olingan 41 yoshli o‘zbekistonlik.

Kiyev shahri parklarida ayollarni zo‘rlab o‘ldirganlikda ayblanayotgan shaxs qo‘lga olindi. O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilayotgan 41 yoshli ayblanuvchi yil boshidan buyon 11 marotaba ayollarga hujum qilib, 10 tasini o‘ldirishda iqror bo‘lgani xabar qilindi. Kiyev militsiyasi umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligi aytilayotgan o‘zbekistonlik muqaddam O‘zbekiston va Rossiyada sudlanganini aniqladi.

Kiyev militsiyasi o‘zbekistonlikning o‘nta qotillikka aloqasi borligini iddao qilmoqda

Ukrainaning Kiyev shahri Ichki ishlar boshqarmasi poytaxtda bir qancha qotilliklarga aloqador manyakni hibs etganini xabar qilmoqda.

Bu haqda 15 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda so‘zlab bergan Kiyev shahar militsiya boshlig‘i general-mayor Aleksandr Tereshchuk O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlangan bu shaxs Rossiya Federatsiyasi hududida 5ta qotillik, O‘zbekistonda 3ta qotillik va Ukrainada 2 odamni o‘ldirish va bittasiga og‘ir jarohat yetkazib, talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda.

Jabrlangan ayol ko‘rsatmalari asosida tuzilgan fotorobot

Jabrlangan ayol ko‘rsatmalari asosida tuzilgan fotorobot

- Kiyevning bir nechta tumanida sodir etilgan qotilliklar bir manyak tomonidan sodir etilganini aniqladik. U faqat ayollarni o‘ldirib, keyin ularni o‘lik holda zo‘rlagani ma‘lum bo‘ldi. Shahrimizning “Teremki” va “Krasniy xutor” metro bekatlari yonida sodir etilgan odam o‘ldirish hodisalarini biz jamoatchilikdan sir tutib, jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari ommaviy dam olish maskanlarini to‘liq nazorat ostiga oldi. Biz uni 15 aprel kuni kafeda pivo ichib o‘tirgan joyida qo‘lga oldik. “Meni ushlamaganingizda yana jinoyat sodir etardim - bugun kechasi odam o‘ldirmoqchi edim. Men o‘zimni to‘xtata olmasdim”, dedi u qo‘lga tushganidan keyin,- dedi general-mayor Aleksandr Tereshchuk.

Militsiya boshlig‘i so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning Goloseyevskiy va Darnitskiy tumanlarida ikkita ukrainalik ayolni chavaqlaganidan keyin, uning uchinchi qurboni tirik qolgan va yuzlashtirish davomida uni tanigan. Bu gul sotuvchi ayolga ayblanuvchi shu yilning 14 mart kuni hujum qilib, bo‘yin, ko‘krak va qorniga pichoq solgan, uning qo‘l telefoni va 1,5 ming grivna (taxm. 68 dollar) pulini o‘margan.

Bundan oldinroq, 6 mart kuni, “Krasniy xutor” metro bekati yonidagi o‘rmonzorda o‘ldirilgan va zo‘rlangan boshqasi– 76 yoshli keksa ayol ekani aytildi.

Hujum qilgan shaxs qidiruvga berilgan edi

Hujum qilgan shaxs qidiruvga berilgan edi

Kiyev shahrida bir nechta ayol manyak qurboni bo‘lgani haqidagi xabar barcha mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali berib borildi.

Aleksandr Tereshchuk qo‘lga olingan o‘zbekistonlik sodir etgan zo‘ravonliklar borasida tergovga bergan boshqa ko‘rsatmalari to‘g‘risida ham gapirdi.

- Bugunga kelib biz Moskva shahrida u tomonidan 5 ayol, O‘zbekistonda – 3ta va Kiyevda yana 2 ayol o‘ldirilgani to‘g‘risida ma‘lumotga egamiz. Biz O‘zbekistondagi hamkasblarimiz bilan aloqaga chiqib aniqladikki, o‘z yurtida u bir ayolni o‘ldirib, boshini kesib tashlab zo‘rlagan ekan. Qotilning o‘zi haqida quyidagi ma‘lumotlarni ochiqlashim mumkin: 1973 yilda tug‘ilgan, 4 marotaba sudlangan – uch marotaba Rossiyada, bir marotaba O‘zbekistonda. Bu shaxs jami 38 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan. U boks bilan shug‘ullanib kelgani ma‘lum. Ayblanuvchi oxirgi marotaba Rossiya koloniyalaridan biridan 2014 yilning noyabrida ozodlikka chiqqan,- dedi Aleksandr Tereshchuk.

Tergovchilar qotilliklarda ayblanayotgan shaxs O‘zbekistonning Samarqand va Toshkent shaharlarida ayollarni chavaqlab qochgan. Shuningdek, u ilgari talon-taroj, o‘g‘irlik va tovlamachilik ustida javobgarlikka tortilgan. Hibs etilgan shaxs tayinli joyda ishlamagan, uylanmagan, ammo O‘zbekistonda 21 yoshli o‘g‘li borligi ma‘lum bo‘ldi.

Youtube portalida paydo bo‘lgan tergov paytidagi videolavhadan ayblanuvchi militsiya xodimlari qurshovida ikkilanmasdan o‘z qurbonlari ortidan ov qilganini gapirib:

- U ketayotgan edi, men orqasidan borib, bir qadam qolganda pichoqni qo‘ynimdan olib, “Itingiz tishlamaydimi?”, deb so‘radim. U orqaga qayrilgan ediki, yuragiga ikki marotaba pichoq soldim. Shu payt o‘zimni ham qo‘limni kesib olibman, deya ko‘rsatma berayotganini ko‘rish mumkin.

Moskva tergovchilari bu ma‘lumotlarni tasdiqlamadi

Ukraina politsiyasi xabariga ko‘ra, ismi oshkor etilmayotgan shaxs qo‘lga tushgan kuni ikki bolaning onasi bo‘lgan ayol bilan tanishgan va o‘sha kuni kechasi uni o‘ldirishni rejalagan. Politsiya Kiyev mehmonxonalaridan birida yashab kelgan ayblanuvchi o‘zbekning xonasidan tintuv paytida ovchilar pichog‘i chiqqani va jinoyatlar aynan shu pichoq bilan sodir etilganini taxmin qilmoqda.

Aleksandr Tereshchuk jinoyatda ayblanayotgan shaxsning vahshiyligi to‘g‘risida gapirar ekan, ekspertlar pichoq bilan urilgan joylarda ayollarning qovurg‘alari sinib ketganini aniqladi, deydi. Militsiya generali bu muhojirni mashhur sovet davri manyaklari “rostovlik qotil” Andrey Chikatilo va “Yirtqich” laqabli Aleksandr Onopriyenkolarga o‘xshatdi.

Kiyev militsiya boshlig‘i so‘zi oxirida o‘zbekistonlik shaxs bu jinoyatlarni shunchaki ayollarga bo‘lgan nafrati bilan tushuntirganini aytdi.

U militsiya qotilni ushlashda ulkan ishni bajargani - minglab soat nazorat kameralari yozuvlari ko‘zdan kechirilgani, mingga yaqin odam so‘roq qilingani, uning fotorobot surati barcha politsiya va huquq-tartibot idoralari va bo‘linmalariga tarqatilgani, yuzlab ekspertizalar amalga oshirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Biroq, Ozodlik so‘roviga Moskva shahar Tergov qo‘mitasi boshqarmasida o‘ldirilgan moskvalik ayollar to‘g‘risidagi ma‘lumot borligini tasdiqlashmadi.

Kiyev shahar militsiya boshqarmasida Ozodlik so‘roviga 16 aprel kuni Kiyev shahar sudi o‘nta ayolni o‘ldirganlikda gumon qilingan 1973 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosini ikki oyga qamoqda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqarganini bildirishdi.

Militsiya uni ushlash, shaxsini va jinoyatga aloqadorligini isbotlovchi dalillarni aniqlash bo‘yicha kerakli barcha amaliyotlarni bajardi, sud esa bu materiallarni hisobga olib, uni 12 iyungacha, ya‘ni tergov vaqtida hibsga oldi, dedi Ukraina poytaxti Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy vakilasi.

Tergovchilar bu qotilliklarga aloqadorligi sudda o‘z isbotini topsa, o‘zbekistonlik umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligini ma‘lum qildi.

XS
SM
MD
LG