Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:37

O‘g‘ri urgan kampirlar Karimovga murojaat qildi


Toshkentlik 78 yoshli yolg‘iz qariya va pensioner Nina Dmitriyevna Nasretdinova ikki yil avval o‘g‘irlik qurboni bo‘lgan.

Kuppa-kunduzi non sotuvchisi qiyofasidagi o‘g‘ri Nina Dmitriyevnaning yig‘ib qo‘ygan bir million so‘mdan ko‘proq pulini o‘g‘irlab ketgan.

- Kimdir eshigimni taqillatib, qo‘limga non tutqazib: "Telefon qilsam bo‘ladimi", dedi. Men telefonni olib chiqib berdim. Keyin: "Besh ming so‘mni maydalab berolmaysizmi?" dedi. Yotoqxonaga kirib, shkafimdan beshta mingtalikni olib chiqib berdim. U pulni qayerdan olganimni ko‘rib turgan ekanmi, oshxonaga kirishim bilan taqir-tuqur bo‘ldi, kelsam eshik lang ochiq, u odam yo‘q, shkafimni qarasam pul ham yo‘q. Davolanishimga yig‘ib qo‘ygan bir million yigirma ming so‘mimni va 250 dollarimni o‘g‘irlab ketibdi. Uch yil davomida yiqqan edim buni. Dollarlar 75 yosh yubileyimga berilgan sovg‘a edi, - deydi Nina Dmitriyevna.

O‘tgan ikki yil ichida toshkentlik pensiner o‘g‘rini ushlab, pulini qaytarib berishni so‘rab murojaat etmagan joyi qolmadi.

O‘g‘rilarni topishda militsiyadan, prokuraturadan ham natija bo‘lmagach u prezident Islom Karimovga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytadi:

-Prokuraturaga ham yozdim. Javob kutdim, kutdim, keyin Karimovga yozdim. Karimov bu yilni “Keksalarni e‘zozlash yili”, deb e‘lon qilgan, zora natija chiqar, deb prezidentga xat yozdik. “Islom Abdug‘aniyevich qariyalarni e‘zozlayotganingiz uchun Sizga rahmat, faqat siz biz haqimizda qayg‘uryapsiz”, degan mazmunda xat yozdik. Boshqa ilojimiz qolmadi. Organlarga, militsiyaga davlat hisobidan shuncha pul ajratiladi, bir o‘g‘rini ushlay olishmasa, – deydi toshkentlik qariya.

Toshkentning Chilonzor tumanidagi xonadonlardan birida yolg‘iz yashovchi 82 yoshli Svetlana Mixaylovna Telentiyeva ham o‘tgan yili qaroqchilik qurboni bo‘ldi.

Telentiyevaning uyiga talonchilar kommunalchimiz deb, kirib, unga o‘ldirish bilan po‘pisa qilgan holda uning puli va qimmatbaho narsalarini o‘g‘irlab ketgan.

Hozir qariya tirik qolganiga shukur qilmoqda. Lekin bunday jinoyat takrorlanmasligi kafolatini qariyaga hech kim bermayapti.

Keyingi yillarda poytaxt Toshkentda yolg‘iz qariyalarni to‘nash xollari ko‘paydi.
Keyingi yillarda poytaxt Toshkentda yolg‘iz qariyalarni to‘nash xollari ko‘paydi.

-Biz hozir himoyasiz qoldik. Militsiya himoya qilolmayapti bizni. Bugun pulimizni oladi. Ertaga o‘ldiradi. Bu yil prezidentimiz Keksalarni qadrlash yili, deb e‘lon qilgan ekan shu kishiga murojaat etyapmiz, bizni o‘g‘ri-qaroqchilardan himoya eting, deb. Boshqa himoyachimiz qolmadi, - deydi Svetlana Mixaylovna.

Keyingi yillarda poytaxt Toshkentda yolg‘iz qariyalarni to‘nash holatlari ko‘paydi. Qariyalar orasida qaroqchilar tarafidan o‘ldirib ketilganlari ham bo‘ldi. Ushbu jinoyatlarning to‘qson foizi hali ochilmagan.

Toshkentlik Nina Dmitriyevnaning aytishcha, so‘nggi ikki yil ichida beshta tanishini o‘g‘rilar to‘nab ketgan.

- Uchastkavoy militsiyani burnini tagida shunaqa o‘g‘irliklar bo‘layapti. O‘g‘irlik miqdori kichik, ha mayli, deb indamay kelishdi. Lekin o‘g‘irlikni kichik-kattasi bo‘lmaydi. Bular o‘g‘rini topishlari kerak, bo‘lmas davom etaveradi. Men shaxsan yarim jon bo‘lsam ham o‘g‘rini topish uchush oxirigacha kurashaman, - deydi toshkentlik pensioner Nina Dmitriyevna Nasretdinova.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘tgan yili shaharda yolg‘iz pensionerlarni to‘nash va o‘ldirish bilan bog‘liq o‘ttizga yaqin holat qayd etilgan. Undan oldingi yilda ham shuncha holat ro‘yxatga olingan. Lekin ushbu jinoyatlarning qariyb sakson foizi ochilmay qolayapti.

Ikki yil avval taniqli o‘zbek ma‘rifatchisi, shoir va pedagog, jadidlik harakatining namoyandasi Abdulla Avloniyning qizi, 91 yoshli Hakima aya Avloniy o‘z uyida o‘ldirib ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG